Ildar Mamatkazin muvaffaqiyatli operatsiya qilindi
Ma’lumki, yaqinda “Andijon” jamoamiz Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi nazorat uchrashuvida ishtirok etdi.
Ushbu bellashuvning ikkinchi bo‘limida maydonga tushgan jamoamiz sardori Ildar Mamatkazin to‘p uchun kurashlarning birida yuz qismidan jarohat oldi. Amalga oshirilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida futbolchimizga jarrohlik amaliyoti zarur ekanligi aniqlandi.
Jamoa shifokorining ma’lum qilishicha, yuz qismi sohasining o‘ng yanoq suyagining ichkariga botib sinishi bilan tashxis qo‘yildi va Andijon viloyati “Sog‘lom Avlod” xususiy shifoxonasida yuz jarrohlik bo‘limida 2 may kuni operatsiya amaliyoti o‘tkazildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozirda futbolchimizning holati yaxshi.
Bu borada Mamatkazin shunday dedi: “Xudoga shukr, operatsiya ko‘ngildagidek o‘tdi, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Shu kunlarda shifoxonadan chiqaman. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchiligimni bildiraman”.
Biz ham Ildar Mamatkazinga sog‘lik tilaymiz va tez orada safimizga qaytishini tilab qolamiz, - deyiladi "Andijon" matbuot xizmati xabarida.

Fikrlar