
Ildar Mamatkazin: "Turon" yosh bo‘lishiga qaramay, bizga qiyinchilik tug‘dirdi"
“Andijon” jamoasi safarda “Turon” maydonida 1:3 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritib o‘z ishqibozlariga quvonch ulashganidan xabaringiz bor.
Mazkur bahsda o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ygan tajribali himoyachi, jamoa sardori Ildar Mamatkazin “Andijon” matbuot xizmatiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Avvalo, qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Uchrashuv borasida nimalarni ayta olasiz?
- Katta rahmat! Uchrashuvga keladigan bo‘lsak, biz bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik, barcha e’tiborimiz faqat g‘alabaga qaratilgandi. “Turon”ni yaxshi o‘rganib chiqdik va niyatimizga erishdik!
- O‘yinda jamoangizning ikkinchi golini urdingiz va bu mavsumdagi ikkinchi golingizga aylandi. Uchrashuvda aslida gol urish rejangizda bormidi?
- Har bir uchrashuvda gol urib, jamoaga yordam berish rejamda bor. Bu uchrashuvda omadimiz keldi va g‘alaba qozondik. Albatta, muxlislarimizni xursand qilganimizdan o‘zimiz ham xursandmiz.
- Nima deb o‘ylaysiz, raqib siz kutgandek qarshilik ko‘rsatdimi yoki...
- O‘yin oson bo‘lgani yo‘q. “Turon” yosh bo‘lishiga qaramay, bizga qiyinchilik tug‘dirdi. Ular oxirigacha kurashdi. Muxlislarimiz uzoq yo‘l bosib bizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun ularga jamoamiz nomidan rahmat aytmoqchiman.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar