Ildar Mamatkazin: Xorijdan tushgan yaxshi takliflarni rad etdim

  • 17.03.2019 16:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Andijon» jamoasi «Coca-Cola» Superligasining ilk turida Navoiyda «Qizilqum» bilan bahs olib bordi va ushbu uchrashuvda kuchlar teng keldi. Tarkibi ancha yangilangan andijonliklar esa muxlislarda yaxshi taassurot qoldirishdi. Ayniqsa, jamoa sardori sifatida maydonga tushgan Ildar Mamatkazin katta hajmdagi ishni bajardi. Ko‘rinib turibdiki, u butun mavsum davomida «Andijon»ning etakchilaridan biri sifatida o‘zini ko‘rsatishga bo‘lgan ishtiyoqi katta. Shuni aytish kerakki, futbolchi oxirgi paytlarda jarohatini davolatib yurdi va endilikda u to‘liq sog‘aydi. Darvoqe, Mamatkazin yangi mavsumni Malayziya chempionatida boshlashi ham mumkin edi. Biroq o‘zi uchun o‘ta qulay bo‘lgan taklifdan ko‘ra «Andijon» uchun yordam berishni ma’qul ko‘rdi. 1-turdan o‘rin olgan «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvdan so‘ng andijonliklarning sardori bilan suhbatlashdik.

- «Qizilqum» jamoasiga qarshi uchrashuvda «Andijon»ning qayd etgan durang natijasini g‘alabaga tenglashtirsa bo‘ladimi?

- Durang yomon natija emas deb o‘ylayman. Bu biz uchun birinchi o‘yin edi. Qolaversa, yangi tarkib bilan mavsumga kirishgandik. Ushbu sabablarni hisobga oladigan bo‘lsak, chindan ham mehmonda qayd etilgan durang natijani o‘zimiz uchun qoniqarli deya hisoblashimiz mumkin. Ammo biz maydonga durangni o‘ylab emas, balki g‘alaba qozonish maqsadida tushgandik. Lekin ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘yin davomida yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmadik. Futbolda esa shunday maqol bor: sen urmasang, senga urishadi. Shunchaki, imkoniyatlarimizdan foydalanganimizda Andijonga g‘alaba bilan qaytgan bo‘lardik.

- Ushbu bellashuvda ko‘rdikki, siz «Andijon» jamoasining sardori sifatida etakchilardek o‘yin ko‘rsatdingiz. Sardorlik bog‘ichi ostida o‘ynashning mas’uliyati qanday ekan?

- O‘yindan oldin sardorlik bog‘ichini menga topshirishdi. Men uchun esa bu holat albatta jonajon jamoamning sardori bo‘lish katta sharaf. Shuning uchun buni juda katta mas’uliyat deb hisoblayman. Natijada ikki barobar kuch bilan o‘ynashingizga undaydi.

- Ildar, «Andijon» jamoasiga qishki yig‘in boshlanganida birinchilardan bo‘lib qo‘shilgandingiz. Ammo oxirgilardan bo‘lib shartnoma imzoladingiz. Nima uchun shartnoma imzolash masalasi bunchalik cho‘zilib ketdi?

- Yig‘in boshlangan paytda klub rahbarlari bilan qo‘l berib kelishuvga erishgandik. Shuning uchun rahbarlar xotirjam bo‘lib, yangi taklif etilgan boshqa o‘yinchilar bilan muzokaralar olib borishdi. Chunki «Andijon»ni kuchaytirish kerak edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, mavsum boshlanishiga yaqin klub bilan shartnoma imzoladim. Qishki yig‘in vaqtida esa menga xorijdan moliyaviy tomondan yaxshigina shartnomani taklif ham qilishgandi. Lekin ularga rad javobini berishga qaror qildim. Chunki tug‘ilib o‘sgan shahrimga, menga futbolchi bo‘lishimga katta yordam bergan qadrdon jamoamga yordam berishga qaror qildim.

- Ha, sizga Malayziyadan moliyaviy tomondan har tomonlama qulay taklif bildirilganini bilaman. Futbolchining hayoti qisqa bo‘ladi va bu vaqt oralig‘ida o‘zining moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilab olish harakatida bo‘ladi. Keyinchalik bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yuborganingiz uchun afsuslanib qolmaysizmi? Ularning taklifini rad etish uchun sizda jiddiy asoslar etarli edimi?

- To‘g‘ri aytdingiz, futbolchining hayoti qisqa bo‘ladi. Lekin «Andijon» klubining rahbarlariga erkakcha qo‘l berib qo‘ygandim. Shu bois u erdan ketib qolganimda gapimning ustidan chiqmasdan yaxshi ish qilmagan bo‘lardim. Endi esa afsus qilishga hojat yo‘q. Poezd ketib bo‘lgan. Maqsadimiz esa o‘z o‘yinlarimiz bilan Andijon xalqini xursand qilish va ularning duosini olish.

- Shuningdek, «Andijon» klubida to‘p surishingizda tog‘angiz Orif Mamatkazinning ham katta hissasi bo‘lganligi haqida eshitdik…

- «Andijon» jamoasi tog‘am uchun begona emas. Albatta, bu erda qolishimda tog‘amning ham hissasi bor. Nimadir qilmoqchi bo‘lsam, u bilan maslahatlashaman. Menga har doim bir gapni aytib keladi: sen andijonliksan, jamoa uchun bor kuching bilan o‘ynashing kerak deb ta’kidlab keladi. Shuningdek, hayotda rostgo‘y va haqqoniy bo‘lishim kerakligini ham uqtirib keladi.

- Nihoyat, yangi mavsum ham boshlandi, tarkibda ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Ayting-chi, «Andijon»ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Superligaga ilk bor chiqqan klub sifatida avvaliga o‘z o‘rnini saqlab qolishi katta gapmi yoki qaysidir o‘ringa da’vogarlik qila oladimi?

- Bu yil 80 foizga jamoamiz tarkibi o‘zgardi. Hozirdan esa bir narsa deyish qiyin. Chunki tarkibimiz yangi. Shunday ekan, bir-birimizni tushunib olishimiz uchun bizga vaqt kerak. Lekin tarkibimiz chakki emas. Jamoaga asosan mehnatkash futbolchilar yig‘ilgan. Albatta, safimizda tajribali o‘yinchilar ham bor. Bobur Akbarov, Oybek Qilichev, Ro‘zim Ahmedov, mana shu kunlarda Dilshod Rahmatullaev ham qo‘shildi. Ushbu futbolchilar jamoani o‘z ortlaridan ergashtira olishadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!