Ilhom Alijonov: "Orqaga yo‘l yo‘q, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimiz kuchli"

  • 2 aprel, 2023, 10:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” jamoasi Superliganing 4-turida Toshkenda “Olimpik” klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti. Bor e’tibor mazkur o‘yinga qaratilgan.

Tecno

Jamoaning iqtidorli o‘yinchilaridan biri Ilhom Alijonov klub matbuot xizmatiga bo‘lajak uchrashuv oldidan fikrlarini bildirdi.

- Jamoaning kayfiyati qanday va “Olimpik” klubiga qarshi olib borilayotgan tayyorgarlik borasida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Chempionat doirasida “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvdan keyin FIFA kunlari bo‘ldi va biroz tanaffus yuzaga keldi. Shu sababli biz Dukentda to‘plandik va o‘sha erda tayyorgarlik olib bordik. Jamoamiz o‘yinga juda yaxshi hozirlik ko‘rdi va kayfiyat ham yuqori darajada. “Olimpik” bilan bellashuvga tayyormiz, deb ayta olaman.

alijonov2

- Umuman, bo‘lajak raqib xususida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?

- Yaqinda tashkil topgan jamoa va o‘zagi asosan iqtidorli yoshlardan iborat. Tajriba borasida bir nima deyishim qiyinu, lekin ular ikki yil davomida yaxshi shakllandi, deb o‘ylayman. Bosh murabbiyi ham jamoa bilan yaxshi ish olib bormoqda. Mazkur uchrashuvdan nima kutyapman? Tabiiyki, jamoamizning g‘alabasini. Xudo xohlasa, g‘alaba qozonib ishqibozlarimizni quvontiramiz. Maydonga so‘zsiz uch ochko uchun tushamiz.

- Oxirgi ikkita o‘yindagi mag‘lubiyatdan qanday xulosalar chiqarildi?

- Ikkita mag‘lubiyatdan keyin hamma yaxshi tushunib turibdi, orqaga yo‘l yo‘q. Maqsadimiz faqat g‘alaba. Ikkita mag‘lubiyatga kelsak, bu – futbol. Jamoamizni bu holatdan o‘zimiz olib chiqib ketamiz. Tashqaridan hech kim bizga yordam bermaydi. Butun jamoa sifatida kurashib, bu holatdan chiqib ketamiz, albatta.

alijonov3

- “Olimpik”ni qanday yutish mumkin, deb o‘ylaysiz?

- Birinchi navbatda ishtiyoq evaziga. Maydonga tushganda har bir futbolchining ko‘zi yonib turishi kerak. Aynan shu narsa bizning jamoamizda bor. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimiz juda kuchli. Yuqorida ta’kidlaganimdek, muxlislarimizni xursand qilamiz.

- Nima uchun 66-raqamni tanlagansiz?

- Birinchi navbatda 66-raqamni menga “Navbahor”da o‘ynagan paytimda berishgan. O‘sha paytda administratorimiz hazillashib, barmoqlaring oltitaligi uchun senga ikkita 6 raqamini berdik degandi. Shundan keyin 66-raqamda o‘ynashni boshlaganman. O‘zimga ham bu raqam yoqib qolgan.

“Andijon” matbuot xizmati.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!