
Ilhom Sharipov: Yangi mavsumda ham "Dinamo"ni Tachmurod Agamurodov boshqarishi aniq
O‘tgan yili Superligaga imtiyozli ravishda qaytarilgan “Dinamo” klubi yana shu yilning o‘zidayoq muvaffaqiyatsizlikka uchrab pro-ligaga tushib ketdi. Ularning kuchlilar orasida qanday ishtirok etganini barcha yaxshi biladi, shu sababli endi bu haqida yana to‘xtalib o‘tish shart emas. Xo‘sh, omadsizlikdan klub qanday xulosa chiqardi? Yangi mavsumda jamoa qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Klubni kim boshqaradi? Tarkibda qanday o‘zgarishlar yuz beradi? Ko‘rib turibsizki, savollar bisyor. Albatta, hozirga qadar “Dinamo”ni bir qator o‘yinchilar tark etganligi haqida ham ma’lumotlar bor. Barchasini hisobga olgan holda klub menejeri Ilhom Sharipov bilan bog‘landik va ayrim masalalarga oydinlik kiritildi.
- Qishki yig‘inni boshlaganimizga 10 kundan oshdi. Hozircha Samarqandda kuniga ikki mahaldan shug‘ullanib turibmiz. Bizning reja va maqsadimiz faqat bitta: Superligaga qaytish. Ayni damda selektsiya masalasi bo‘yicha ishlayapmiz. Bosh murabbiyimiz Tachmurod Agamurodovning akasi yaqinda olamdan o‘tdi. Shu sababli Tachmurod Shamakovich Turkmanistonga borib keldi. Selektsiya ishlarini albatta murabbiy bilan maslahatlashgan holda amalga oshiramiz. Biz yig‘inimizni Toshkentda davom ettirmoqchimiz. Ammo hali pro-liganing taqvimi tasdiqlangani yo‘q. Agar hammasi ma’lum bo‘lganida biz ham shunga qarab tayyorgarlik rejasini ishlab chiqardik. Hozircha chempionat qachon boshlanishini hech kim bilmaydi. Bizga shu narsa muammo bo‘lyapti – deya gap boshladi, Sharipov.
- Sizdan aynan bosh murabbiy haqida so‘ramoqchi edim. Klub pro-ligaga tushib ketganidan keyin “Dinamo”ni ispaniyalik murabbiy boshqarishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqandi. Bu rostmidi?
- Yo‘q, bu faqat mish-mish.
- Agamurodov bilan yangi shartnoma imzolandimi?
- Tachmurod Shamakovich haqida fikrimiz ijobiy. Biz unga ishonamiz. Shuning uchun Agamurodov jamoamizda qoldi. Uning ham maqsadi “Dinamo”ni Superligaga qaytarish. Tez orada murabbiy bilan yangi shartnoma imzolanadi. Umuman olganda, Agamurodov masalasida rahbarlar gaplashishgan va yana uning klubda ishlashiga hamma rozi bo‘lgan. Shunday ekan, Tachmurod Shamakovichning “Dinamo”ni boshqarishi aniq.
- “Dinamo”ni bir qancha etakchi futbolchilar tark etishdi. Shunday ekan, tarkibdagi o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz?
- To‘g‘ri, jamoamizni etakchi o‘yinchilar tark etishdi. Ixtiyor Toshpo‘latov endi “Metallurg”da o‘ynaydi. Darvozabonimiz Botirali Ergashevni esa bir yilga “Qo‘qon-1912”ga ijaraga berib yubordik. Shuningdek, Akmal Xolmurodov, Siroj Hamroev, Bahodir Nasimov, Sardor Eminov, Dilmurod Karimov, Jasur O‘runov, Abbos Shodmonov kabi futbolchilarimiz ham endi boshqa klublarda o‘ynashadi.
- Klubni tark etganlarning o‘rnini to‘ldirish zarur. Bu borada ishlar qanday olib borilyapti? Hozirda “Dinamo”da yangi qo‘shilgan futbolchilar bormi?
- Hozirgi tarkibimizga hech bo‘lmaganda 5 nafar yangi futbolchini qo‘shmasak bo‘lmaydi. Aks holda chempionat davomida kuchimiz etmay qoladi. Bu yil Superligaga chiqish uchun kurash va undagi raqobat kuchli bo‘ladi. “Turon”, “Istiqlol”, “Neftchi”, “Sho‘rtan” kabi jamoalar ham Superligani ko‘zlab turishibdi. Ular bilan raqobatlashishimiz kerak. Murabbiyimiz qaytib kelganidan keyin bamaslahat ish olib boramiz. Biz tarkibga iqtidorli yoshlarni taklif qilamiz. “Paxtakor”, “Nasaf” kabi jamoalardan asosiy tarkibga kira olmagan o‘yinchilarini olishga harakat qilib ko‘ramiz.
- Botirali Ergashevning transfer narxi 500 million so‘mni tashkil qilayotgandi. Lekin uni “Qo‘qon-1912”ga ijaraga berib yubordinglar. Sir bo‘lmasa uning ijara puli qanchani tashkil qildi?
- Ha, biz uni bir yilga ijaraga berdik va mavsum tugaganidan so‘ng yana “Dinamo”ga qaytib keladi. U Superligada o‘ynab o‘zining o‘yin sifatini va tajribasini oshiradi. Bundan tashqari, Ergashevning oylik maoshi ham biroz balandroq edi. Pro-ligada ishtirok etishimiz natijasida uning oylik maoshini to‘lash biz uchun biroz qiyinchilik tug‘dirardi. Shu sababli Botiralini tekinga emas, pulga ijaraga berdik. Ergashevning ijara shartnomasi uchun bizga 50 million so‘m to‘lashdi. To‘g‘risi, Ergashevning keyingi faoliyati haqida o‘yladik. Chunki u chempionatimizdagi eng kuchli besh nafar darvozabonlardan biri hisoblanadi. Shu bois Superligada ishtirok etishi o‘zi uchun ham foydali bo‘ladi.
- O‘tgan yilgi muvaffaqiyatsizlikning sababini qanday izohlagan bo‘lardingiz?
- Bilasizmi, o‘tgan yili bizga tajriba etishmadi. Ko‘rdingiz, Superligada qolish uchun kurash oxirigacha jiddiy bo‘ldi. Uchta klubda 24 tadan ochko bo‘lib qolgandi. Ammo bizga biroz o‘yin sifati ham etishmagani ko‘rinib qoldi. Bundan tashqari, omad ham jamoamizdan yuz o‘girganini aytgan bo‘lardim. Tarkibimizdagi bir qator o‘yinchilar bungacha faqat pro-ligada o‘ynashardi. Superligadagi raqobat esa juda kuchli edi. Natijada kuchimiz etmay qoldi. Lekin futbolchilarimizning jismoniy tayyorgarligi yaxshi holatda edi. Biroq ruhiy tomondan yigitlar qiynalib qolishdi. Sifatli futbolchi esa ruhiy tomondan ham kuchli bo‘lishi kerak. Ketma-ket mag‘lubiyatlar oqibatida o‘yinchilar bora-bora ruhiy tushkunlikka tushib qolishdi. Shu bois hamma vaqt futbolchilar ruhiy tomondan ham kuchli bo‘lishlari kerak. Chunki o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz, futbolda har xil vaziyatlar bo‘lib qolishi mumkin. Hayotda esa hamma narsa bo‘ladi. Oq va qora chiziqlar uchrab turadi. Lekin har doim hayot faqat qoradan iborat bo‘lavermaydi. Hozirgi paytda ham tarkibimizdagi etti nafar futbolchilarimizga Superliga klublaridan takliflar bor. Bu ham o‘yinchilarimizning imkoniyatlari yaxshi ekanligidan dalolat. To‘g‘ri, o‘tgan yili muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsak-da, futbolchilarimiz oxirigacha kurashishdi. Natijada ular o‘z o‘yinlari bilan boshqa klublarning qiziqishini uyg‘otdi. Misol uchun Jasur Azimov, Shoxruh Raimov, Amirjon Safarov, Shoxruh Abdurahmonov, Shoxruh Eshbo‘taev, Qadamboy Nurmetov, Damir Temirov kabi yigitlarimizga har kuni Superliga klublaridan qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti va bizga murojaat qilishyapti. Masalan, yaqinda “Andijon”dan ham qo‘ng‘iroq bo‘ldi va Shoxruh Abdurahmonov, Jasur Azimov hamda Jasur O‘runovni olmoqchi ekanini aytishdi. Lekin viloyat hokimligi ularning ketishiga ruxsat bermadi. Chunki boya aytganimdek, bizning ham oldimizga qo‘yilgan vazifamiz bor.
Fikrlar