Ilkay Gyundogan: Gvardiolaning ishtiyoqi shu qadar balandki, nafaqat o‘yinlarda, balki mashg‘ulotlarda ham 100 foizdan ortig‘ini ko‘rsatishingiz kerak

  • 27.04.2020 03:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Ma’lumki, 17 mart kuni «Manchester Siti» klubi Chempionlar Ligasi 1/8 final bosqichi doirasida o‘z uyida «Real»ni qabul qilishi kerak edi. Biroq koronavirus sababli barcha xalqaro turnirlar to‘xtatib qo‘yilgani va Evropadagi aksariyat mamlakatlarda karantin e’lon qilingani tufayli futbolchilar uy-uylariga tarqatib yuborilgan. Jumladan, «Shaharliklar» jamoasi a’zolari ham. Bir necha kun oldin «Siti» yarim himoyachisi Manchesterdagi uyida o‘tirgan holda Ispaniyaning «Marka» nashriga intervyu berdi.

- Koronavirus va karantin tufayli uyda qolishni qanday uddalayapsiz?

- Albatta, bu barcha uchun qiyin damlar. Har kungi mashg‘ulotlarni, o‘yin senga beradigan hissiyotlar va asabiyliklarni sog‘inasan... Ammo hozir bularning barchasi ikkinchi planga o‘tib qolgan, deb o‘ylayman. Insonlarning sog‘ligidan muhimroq narsa yo‘q va mening birinchi aytadigan gapim: barchangiz o‘zingizni ehtiyot qiling.

- 17 mart kuni sizlar «Real»ga qarshi maydonga tushishinglar kerak edi...

- Ha, bu rost. Bu achinarli, biroq o‘zimiz duch kelgan mana shu maxsus vaziyatni qabul qilishdan boshqa choramiz yo‘q. Albatta, futbolni va o‘tkazishimiz kerak bo‘lgan mazkur o‘yinni sog‘inyapman. Ammo na iloj, kutamiz...

- Nima deb o‘ylaysiz, bu o‘yin qachondir o‘tkaziladimi?

- Umid qilamanki, hammasi joyiga tushib ketadi. Turnirni yakunlab qo‘yish uchun alternativ taqvim borligini ko‘ryapman. Biroq har bir insonning salomatligi - eng muhim narsa.

- Hozir qanday mashg‘ulotlarni amalga oshiryapsiz?

- Barchamiz individual mashg‘ulot rejalariga egamiz va biz uyimizdagi sportzallarda ishlashimiz mumkin. Shu sabab o‘zimni formada ushlab turishim uchun menda muammo yo‘q. Butun kun davomida to‘p tepgan kunlarimni sog‘inyapman, ammo tanaffus menga u qadar katta ta’sir o‘tkazadi, deb o‘ylamayman. Formada qoldishda davom  etaveraman.

- Gvardiolani yaxshi bilganim uchun aytishim mumkinki, u shubhasiz har kuni ko‘plab vazifalar yuklaydi...

- (Kulib) Barchamiz «WhatsAppe»da muloqot qilyapmiz. Kunimizning bir qismini yangiliklarni izohlagan holda «WhatsAppe»da o‘tkazamiz va shunda barcha o‘zining individual ish rejasini oladi. Hozircha hammasi shu xolos. Chunki bundan ortig‘iga imkon yo‘q. Barchamiz doimo aloqada bo‘lib turishimiz uchun «WhatsAppe»dagi bitta guruhda yig‘ilganmiz.

gyundogan3

- Gvardiola bilan o‘zaro munosabatlaringiz qanday? U maydondagi o‘ng qo‘li ekanligingizni aytadi.

- Gvardiola nima sababdan 2016 yili «Manchester Siti» bilan shartnoma imzolaganim va nima uchun o‘tgan yili bitimni uzaytirganimning asosiy sabablaridan biri sanaladi. Pepning ishtiyoqi shu qadar balandki, siz doimo nafaqat o‘yinlarda, balki mashg‘ulotlarda ham 100 foizdan ham ortiq boringizni berishga intilasiz. Boz ustiga uning o‘yinni tushunishi mening o‘yin uslubimga ideal darajada mos tushadi.

- Keling, o‘tkazishinglar kerak bo‘lgan o‘yinga qaytamiz... Nima deb o‘ylaysiz, bu nima bilan yakunlanardi?

- (Kulgancha) Natijami? Imkonsiz, ayta olmayman. Faqatgina bizning qarama-qarshiligimiz hali yakuniga etmaganini bilaman xolos. Umid qilamiz, ko‘ramiz, keyinroq o‘ynash imkoni bo‘larmikin. Asosiysi, «Real»ni mensimaslik kerak emas. Biz faqat bitta o‘yin o‘tkazdik, oradagi farq bitta gol xolos, shu sabab bu natijaga ishona olmaysiz. «Real» doimo xavfli.

- Birinchi uchrashuvdan xulosa chiqardingizmi? Siz uchun bu kutilganidan ko‘ra osonroq bo‘ldimi?

- Yo‘q, bu nima deganingiz! Juda shiddatli o‘yin bo‘ldi. Birinchi o‘yinda biz ularni juda hurmat qildik va fikrimcha, «Real» o‘yinga yaxshi kirisha oldi. Biroq biz o‘yinni yaxshiroq o‘tkazdik, rejamizga asosan juda kuchli bo‘ldik va oxirigacha o‘zimizga ishonishda davom etdik. Bu ishonib bo‘lmas g‘alaba bo‘ldi. Chunki «Bernabeu»da chempionlar orasida g‘alabaga erishish... Bu klub va o‘yinchilarimiz xohlagan g‘alaba bo‘ldi.

- Nahotki «Real» hafsalangizni pir qilmagan bo‘lsa? Masalan, madridliklar uch kun o‘tib «Barselona»dan ancha kuchli ko‘rinishdi.

- Bunday demagan bo‘lardim. Madrid hamon Evropaning eng kuchli klublaridan biri. Bundan tashqari, ularda nafaqat birinchi o‘yinda imkoniyatlar bo‘ldi, balki hamon javob o‘yinida ham ularda imkoniyatlar mavjud. Oxirgi mavsumlardagi pley-off bosqichlari hech kim hech nima kutmagan jamoalarning aqlbovar qilmas kambeklari bilan esda qoldi. Biz ehtiyot bo‘lishimiz darkor. Ayniqsa, «Real» bilan.

- «Real» haqida qanday fikrdasiz?

- Jahondagi eng yaxshi klublardan biri. Lekin birgina futbol jamoasi emas, balki dunyodagi eng yaxshi sport klublaridan biri. Butun faoliyati davomida ularda doimo yuqori saviyali o‘yinchilar bo‘lgan. Bolaligimda ularga muxlislik qilishni boshlaganimdan buyon ularda faqat eng yaxshilari o‘ynagan. Men barchasiga, ularning oxirgi mavsumlarda Chempionlar Ligasida erishgan yutuqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘laman. Mazkur oq futbolka noyob.

gyundogan4

- Zidan haqida nima deysiz?

- Zidan haqida gapirish uchun buni ham o‘yinchi, ham murabbiy sifatida amalga oshirishingiz kerak. Men uchun Zidan barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Buni u «Yuve», «Real» va Frantsiya termasida isbotlab bergan. U doimo yaxshi o‘ynagan. Zidan – bolaligimda o‘zim kuzatgan o‘yinchilardan biridir. Uning to‘p bilan qanday muomala qilishi, aqlbovar qilmaydi va fikrimcha, uning barcha shogirdlari buni yaxshi biladi va bu uning murabbiy sifatidagi muvaffaqiyatining bir qismi. Agar Zidanga o‘xshash biror inson sizga maydonda nimadir qilishni aytsa, siz borasiz va buni amalga oshirasiz. Uning o‘yinchi sifatidagi o‘tmishi bilan unga qanday ishonmaslik, qanday ergashmaslik mumkin! Menda hech qachon Zidan bilan gaplashish imkoni bo‘lmagan, biroq men uni murabbiy va o‘yinchi sifatida juda hurmat qilaman.

- 2013 yili siz «Real» o‘yinchisi bo‘lishingiz mumkin edi, shundaymi?

- O‘sha yili turli klublar bilan ko‘plab muzokaralar o‘tkazganman, bu rost. Ispan klublari bilan, shuningdek, italyan klublari bilan ham. Ammo men bundan ortig‘ini va muzokaralar chog‘ida parda ortida nimalar yuz berganini ayta olmayman. Bu men va klublar o‘rtasidagi sir (kulib).

- Ammo o‘zingiz ham sifatlaringiz ispan futboliga mos tushmagan bo‘lishi mumkinligini inkor etmasangiz kerak... Nahotki, Ispaniyada o‘ynashni xohlamagan bo‘lsangiz?

- Ispan Lap Ligasi – jahondagi eng yaxshi birinchiliklardan biri, u juda jozibali, buni qanday inkor etishim mumkin? Ammo oxirgi marta shartnomamni uzaytirganimga hech qancha bo‘lmadi. Manchesterda juda baxtliman va men kelajakda nima bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylashdan to‘xtamaganman.

- Kelajakda ko‘pchilik sizni murabbiy o‘rindig‘ida ko‘rishni istamoqda. Aytishlaricha, sizdan etuk darajadagi murabbiy chiqar ekan.

- (Kulib). Ko‘ramiz, ko‘ramiz. Bu ehtimol butun futbol faoliyatim davomida o‘rganganlarim va hamon ko‘p narsalarni o‘rganayotganim uchundir. Chunki eng yaxshi murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanish sharafiga muvaffaq bo‘ldim, deb bemalol ayta olaman: Gvardiola, Klopp, Tuxel, Lyov... Yana qancha futbolchi mana shu murabbiylar o‘zlarini shug‘ullantirganini ayta olishadi? Shunday ekan, ha, kelajakda murabbiylik sohasida ishlashim mumkin.

gyundogan1

- Futbolni deb aqldan ozishingizni bilamiz. Yuzaga kelgan tanaffus paytida ko‘plab uchrashuvlarni ko‘rib chiqyapsizmi?

- Yaxshi, sizga rostini aytadigan bo‘lsam, u qadar ko‘p o‘yin ko‘rmadim. Rostini aytaman, «Football Manager»ni juda ko‘p o‘ynayman. Futbol kundalik hayotimning bir qismi bo‘lib qolishi kerak!

- Ona shahringiz Gelzenkirxenning nimasi o‘zgacha? Ozil bilan Sane ham o‘sha erdan...

- U erda iqtidorlar doimo etarlicha topilgan. Gelzenkirxenda juda baxtli edim. Doimo futbol o‘ynardim va har doim to‘p bilan birga uxlardim. To‘p doimo uyquga men bilan birga yotardi. Uyimizda bog‘ bor edi va u futbol maydoniga aylangan. Barcha do‘stlarim bilan bog‘imizda futbol o‘ynardik, garaj eshigi esa darvoza vazifasini o‘tardi.

- Shu qadar uzoqqa boraman, deb o‘ylaganmisiz?

- Hech qachon. Ammo, to‘g‘ri, 7 yoki 8 yoshimda o‘zim bilan birga o‘ynayotgan boshqa bolalarni ortda qoldiradigan iqtidorim borligini tushunib etganman. Biroq ko‘pgina holatlarda bu hech nimani anglatmaydi.

- Aytgancha, nechta tilda gaplasha olasiz?

- Nemis, turk va ingliz tilida juda yaxshi gaplasha olaman va men yana rus tilini ozroq bilaman. Hozir esa ispan tilini o‘rganyapman. Menga futboldan tashqari boshqa ko‘plab narsalarni o‘rganish yoqadi. Bu men uchun muhim.

gyundogan2

- Mana shu og‘ir kunlarda o‘yinchilar tomonidan insonlar bilan hamjihatlikni tashkil qilishi muhimmi?

- Quloq soling, bu kunlar rostdan ham kim haqiqiy qahramon ekanligini ko‘rsatib beradi. Bular futbolchilar ham emas, sportchilar ham emas. Hozirning o‘zida, mana shu nozik vaziyatda barchamiz uchun o‘z hayotini garovga qo‘yayotgan ko‘plab shifokorlar va tibbiy xodimlari bor. O‘ylashimcha, ularga biz uchun qilayotganlari uchun munosib tarzda minnatdorchilik bildira olmaymiz. Ular bizning hayotimizni saqlab qolishmoqda.

- Biz bilan suhbatlashganingiz uchun rahmat. Umid qilamizki, tez orada hammasi o‘tib ketadi va siz «Manchester Yunayted» - «Real» uchrashuvida ishtirok eta olasiz.

- Xudo xohlasa...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!