
Indoneziya chempionatida ham mavhumlik. Javlon Guseynovning maoshi esa kamaytiriladimi...mi?
Ayni paytda koronavirus pandemiyasi tufayli aksariyat mamlakatlarda karantin joriy etilganidan xabardorsiz. Natijada xorijda to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar ham o‘yin amaliyotisiz qolib ketmoqdalar. Faqat Tojikiston hamda Belorussiyadagi hamyurtlarimiz u erdagi chempionatlarda to‘p surishayotganini yaxshi bilsangiz kerak.
Umuman aytganda, o‘zbekistonlik futbolchilarni turli xil mamlakatlarda uchratish mumkin. Masalan, o‘tgan yildan beri Indoneziya chempionatida to‘p surib kelayotgan hamyurtimiz Javlon Guseynov ham borligini unutmaslik kerak. Futbolchimiz mahalliy “Borneo” jamoasi sharafini munosab tarzda himoya qilib kelayotgani va u erda jamoa sardori sifatida to‘p surayotgani ham e’tiborga molik, albatta.
Aytish mumkinki, Guseynovning u erdagi muxlislari ham ko‘payib qoldi. Biroq Indoneziyada ham chempionat bahslari to‘xtatib qo‘yilgan. Xo‘sh, unda mahalliy ishqibozlar qachon yana katta futboldan bahra olishlari mumkin? Indoneziyadagi hamyurtimiz esa u erdagi vaziyat haqida gapirar ekan, holatni quyidagicha tushuntirdi.
- Bizda ham chempionat to‘xtagan. FIFA kunlaridan oldin, 13-14 mart kunlari oxirgi turni o‘tkazdik. Keyin esa 20 martgacha mashg‘ulot o‘tkazdik. Shundan so‘ng hukumat mashg‘ulotlar o‘tkazishga ham ruxsat bermadi. Mana shundan buyon barchamiz karantindamiz. 29 maygacha federatsiya muxlat olgan. Agar vaziyat yaxshilanmasa, menimcha chempionatni sentyabr oyigacha qoldirib yuborishlari mumkin.
Bu ham etmaganidek, hozirgi karantinda chempionatlar to‘xtatib qo‘yilishi ortidan klublar o‘z futbolchilariga oylik maoshlarini to‘lashda davom etish masalasi ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Kuzatayotgan bo‘lsangiz, hattoki, nomdor klublar ham bu borada turli qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Albatta, xorijdagi legionerlarga ham bunday vaziyatda oson tutib bo‘lmaydi. Qiziq, Guseynovning jamoasi – “Borneo” bu borada qanday yo‘l tutmoqda? U futbolchilarga oylik maoshlarini to‘lashda davom etadimi yoki buning aksi kuzatiladimi? O‘zbekistonlik o‘yinchi esa mavjud masalaga quyidagicha o‘z munosabatini bildirdi.
- Mart oyidagi ish haqimizni to‘liq olganmiz. Aprel hamda may oylaridagi maoshlarimizni esa kamaytirishmoqchi, lekin hozircha aniq emas. Menimcha, bunday masalalarni futbolchilar bilan kelishib hal qilish kerak. Hozircha esa bu borada klub biz futbolchilarga rasmiy xat bilan murojaat qilgani yo‘q. O‘ylashimcha, hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar