"Andijon"ning yozgi yigʻin rejasi qanday?
Xabaringiz bor, ayni paytda Superliga klublari qatori “Andijon” jamoasi ham yozgi ta’tilda. Rejaga muvofiq 10 iyundan oʻz qarorgohida tayyorgarlik jarayonlari boshlanadi.
Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, hozirda klub rahbariyati tomonidan jamoani yozgi yigʻinni munosib va har tomonlama puxta oʻtkazish uchun rejalar ishlab chiqilmoqda. Ya’ni, yozgi yigʻin rejasi ikki qismga boʻlinadi. Dastlab oʻz qarorgohidagi mashgʻulot jarayonlari va ikkinchisi xorijdagi yigʻin.
Hozirda yigʻin oʻtkazish uchun Belarus yoki Gruziya varianti koʻrib chiqilmoqda. Har qanday holatda ham "Andijon" 23 iyun sanasida xorijga yoʻl oladi va u yerda 4 ta nazorat uchrashuvi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Barchasi rasmiy oʻz tasdigʻini topishi bilanoq bu haqida yana rasmiy ma’lumot taqdim etiladi.
“Andijon”ning navbatdagi uchrashuvi 18 iyulga belgilangan boʻlib, shu kuni 12-tur doirasida “Bobur arena”da “Surxon”ni qabul qiladi. Ungacha esa "Burgutlar" kuchaytirilgan tarzdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini olib boradi.
Albatta, yozgi seleksiyada tarkibda qanday oʻzgarishlar boʻlishi ham ishqibozlarni qiziqtirishi turgan gap. Bu borada ham ayrim yangiliklar yuz berishi koʻzda tutilgan boʻlib, rahbariyat amaliy ishlar olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, yozgi transfer oynasi 8 iyuldan ochiladi va 10 avgustga qadar davom etadi.

Fikrlar