
Indoneziyada ramziy terma jamoadan joy olgan futbolchimiz shartnomasini uzaytirdi
O‘tgan yili Indoneziyaning «Borneo» tarkibiga borib qo‘shilgan hamyurtimiz Javlon Guseynov o‘zidan iliq taassurot qoldira oldi. U o‘tgan bir yil davomida klubida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi va natijada sardorlik bog‘ichi ostida o‘yinlarni o‘tkazdi. Bir so‘z bilan aytganda, hamyurtimiz o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Guseynov ham o‘tgan yilgi mavsumdan qoniqqanligini quydagicha ifodaladi.
- Bilasizmi, Indoneziyadagi dastlabki mavsumim men uchun yaxshi taassurot qoldirdi. Shaxsan o‘zim uchun ham qoniqarli mavsumni o‘tkaza oldim deb aytishim mumkin. Chempionatdagi 34 ta o‘yindan 32 tasida maydonga tushdim. Qolaversa, ikkita gol ham urdim. Yana ikkita uchrashuvni sariq kartochkalar tufayli o‘tkazib yubordim. Men barcha bellashuvlarda 90 daqiqadan o‘ynadim va mavsum yakuniga ko‘ra yilning ramziy terma jamoasidan ham joy oldim. Salbiy tomonlariga kelsak, oldin ham aytganimdek, bu asosan hakamlik saviyasi bilan bog‘liq. Qolaversa, taqvim bo‘yicha biz oxirgi uch oy davomida har to‘rt kunda o‘yin o‘tkazishimizga to‘g‘ri keldi. Indoneziya kichkina mamlakat emas, shu bois safar o‘yinlariga samolyotda parvoz qilib, so‘ng yana avtobusda yo‘l yurishimizga to‘g‘ri keldi. Aynan yo‘lda ko‘p yurganimiz ham bizni biroz qiynab qo‘ydi.
Javlon Guseynovning keyingi taqdiri bizni qiziqtirgandi. Chunki hamyurtimiz Indoneziya jamoasi bilan mavsum oxiriga qadar kelishuvga erishgandi. Ushbu muddat tugagach, himoyachi qanday yo‘l tutganiga bee’tibor bo‘la olmasdik. Ammo ma’lum bo‘lishicha, hammasi futbolchi va klub uchun xayrli yakun topgan holda ikkala tomon kelishuvni uzaytirishgan. Bu haqida futbolchimiz shunday dedi:
- Shartnomani yangilaganimga kelsak, klubimiz rahbari tomonidan o‘rtadagi bitimni uzaytirish tashabbusi o‘rtaga tashlandi. To‘g‘risi, o‘zim ham klubning menga yangi shartnoma taklif qilishini kutgandim. Chunki mavsumni omadli o‘tkazganim sababli yana qolishimni o‘ylagandim. Buning ustiga muxlislarda ham iliq taassurot qoldira olganimni his qildim.
Guseynov Indoneziyada o‘zidan yaxshi taassurot qoldira olgani bois unga bir qator qiziqarli takliflar ham kelib tushgani oydinlashdi. Lekin hamyurtimiz nima uchun boshqa chaqiruvlarga jiddiy qaramadi? Buning javobini quyida bilib olishingiz mumkin.
- Tan olaman, menga 2-3 ta yaxshi takliflar ham bo‘lgandi va ularning chaqiruvlarini ko‘rib chiqayotgandim. Ammo yaxshilab o‘ylab qarasam, men uchun jamoa o‘zgartirishdan naf yo‘q ekan. Chunki «Borneo»da meni hamma narsa qoniqtiryapti, shaharga ham o‘rganib qolganman. Gapning ochig‘i, jamoamiz murabbiyi boshqa klubga o‘tgani sababli u bilan birga ketmoqchi bo‘lib yurgandim. Chunki uning o‘zi men bilan birga ishlagin deb taklif bilan chiqqandi. Lekin o‘ylab-o‘ylab o‘z klubimda qolishni xohladim va to‘g‘ri yo‘l tutdim deb hisoblayman, - deya fikr bildirdi, Guseynov.
Bundan tashqari, Javlonga o‘zimizning klublarimizdan ham chorlovlar bo‘lgan yoki bo‘lmaganligiga qiziqdik. Ammo futbolchining aytishicha, O‘zbekistondan hech bir jamoa unga taklif bilan chiqmagan.
- O‘zimizning klublarimizdan takliflar bo‘lgani yo‘q. Nazarimda, meni yana Indoneziyada qolishimni o‘ylab chaqirishmagan bo‘lishsa kerak. Muhimi, o‘zimni bu erda yaxshi his qilyapman.
Fikrlar