Islom Ismoilov: "Tarkib o‘zagini saqlab qolishimiz kerak, bir-ikkita nomlarni jalb qilishga harakat qilamiz"

  • 30 may, 16:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bir necha kun oldin 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga qur’a tashlanganidan xabaringiz bor.

Tecno

Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U17 terma jamoamiz “J” guruhida Paragvay, Panama va Irlandiyaga qarshi bahs olib boradi.

Bosh murabbiy Islom Ismoilov Sports.uz jurnalistining ayrim savollariga javob qaytardi.

- Terma jamoamiz, mundialda "J" guruhida Paragvay, Panama va Irlandiyaga qarshi bahs olib boradi. Qur’adan avval qanday guruhni tasavvur qilgandingiz va ularning orasida siz taxmin qilgan raqiblar bormi?

- Qur’adan oldin aniq qaysidir guruh tushishi haqida taxmin qilganimiz yo‘q. Har qanday jamoa tushishiga tayyor edik. Biror-bir reaktsiya bildirmadik.

- Sizningcha, guruh favoriti kim? O‘zbekistonmi yoki...

- Guruhimizni oson guruh demagan bo‘lardim. Barcha jamoalarni favorit deb bemalol aytsa bo‘ladi. To‘rtala terma jamoani o‘ziga yarasha kuchli jihatlari bor.

- Siz ham qur’a tashlash marosimida ishtirok etdingiz. Qanday o‘tdi? Taassurotlar qanaqa va terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyati u erda qanday e’tirof etilmoqda?

- Qur’a tashlash marosimiga kelsak, Qatar buni ajoyib tarzda o‘tkazdi. Professional va barchasi mukammal tarzda amalga oshirildi. Qur’adan oldin barcha jamoalarni murabbiylari taklif etildi. Qur’agacha bo‘lgan ikki kun davomida jahon chempionati paytida yashaydigan mehmonxonalar, mashg‘ulot maydonlari, o‘yin o‘tadigan stadionlar ko‘rsatildi va tanishtirildi. Hammasi ajoyib tarzda o‘tdi. U erga barcha terma jamoalar murabbiylari kelishdi va bizni finaldagi muvaffaqiyatimizni ko‘rishibdi, tabriklashdi. O‘zlarining yaxshi tilaklarini bildirib ketishdi. Albatta, bu narsa xursand qiladi. Shuningdek, buning ikkinchi tarafi endi bizga qarshi har bir raqib jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi aniq.

- Jahon chempionati noyabr oyida boshlanadi. 4 oy vaqtimiz bor va tayyorgarlik rejasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

- Tayyorgarlik reja bo‘yicha ketyapti. Iyun oyida terma jamoamiz Lotin Amerikasida yig‘in o‘tkazadi. Guruhimizda ikkita Lotin Amerika terma jamoasi borligi tufayli biz aynan ushbu yig‘inni tanladik. U erda ikkita yig‘in o‘tkaziladi. Keyingi oylarda ham terma jamoani tayyorgarlik rejasi tuzib chiqilgan va bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

- Tarkib o‘zagi baribir Osiyo chempionatida qatnashgan futbolchilardan iborat bo‘lsa kerak, mundialgacha selektsiya davom etadimi?

- Selektsiya to‘xtab qolmaydi, doimiy ravishda davom etadi. Shunga qaramasdan terma jamoa o‘zagini saqlab qolishimiz kerak. Sababi, bu yigitlar munosibligini isbotlashgan. Shu bilan birgalikda o‘yin uslubimizni yanada kuchaytirish uchun bir-ikkita nomlarni jalb qilishga harakat qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
30/05/2025 21:01
Тасанно,бошка давлатлар мураббийлари табриклаши кишини гурурлантириб,фахрлантириб юборади.Исломжон,биз сизга ишонамиз.Камида ярим финалгача,иншааллох.