
Islom Maxachev Habib Nurmagomedov darajasiga chiqa oladimi? O‘zbekistonlik mutaxassislar javob berdi
Hozirgi kunda UFC olamida eng ko‘p gap-so‘zlarga sababchi bo‘layotgan jangchi Islom Maxachev desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Ha, uni Habib Nurmagomedovning izdoshi va kerak bo‘lsa, undan ham yuqori darajadagi jangchi deya e’tirof etishmoqda. Marhum Abdulmannap Nurmagomedovning ham unga bo‘lgan ishonchi yuqori edi.
Islom so‘nggi jangida braziliyalik Tyago Moyzesni mag‘lub etib, engil vazn toifasi reytingida kuchli beshlikka ko‘tarilib oldi va u yaqin vaqtlar mobaynida chempionlikka rasman da’vogar bo‘lishiga shubha yo‘q.
Biz o‘zbekistonlik MMA jangchilari, murabbiylardan Islom Maxachev borasidagi fikrlari bilan qiziqdik. Ya’ni, ularga "Maxachev Habib Nurmagomedov darajasidami va engil vazn toifasi chempioni bo‘lishga qodirmi?", degan savol bilan murojaat qildik.
Quyida bildirilgan fikr va mulohazalarni e’tiboringizga havola etamiz.
Komranbek Artikov – RFC promousheni rahbari
- Islom Maxachev katta o‘sishga erishayotgan jangchi hisoblanadi. Qolaversa, u “stoyka”da ham yomon ko‘rinmaydi. Nokautlar ham qayd etmoqda. Kurashi haqidaku gapirmasa ham bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda Habib Nurmagomedovni faqatgina Maxachev yiqita oladi, degan ma’lumotlar ham borku. Qolaversa, Abdulmannap Nurmagomedov ham bu shogirdida ulkan iqtidor bor ekanligini har doim ta’kidlab kelardi. Lekin engil vazn toifasida chempion bo‘la olishi, Habib Nurmagomedov darajasiga ko‘tarilishi borasida biror bir fikr bildira olmayman. Chunki engil vazn toifasida juda jiddiy raqobat mavjud. Getji tobora kuchayib bormoqda. Oliyvera, Pore oddiy raqiblar emas. Chendlerni ham ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Chendler avvalgi safar shunchaki o‘zini aybi bilan mag‘lub bo‘lgandi. Umumiy tarzda aytadigan bo‘lsam, Maxachev ushbu jangchilarga jiddiy raqobat qila oladigan darajada.
Jahongir Qoraboev – murabbiy
- Islom Maxachev iqtidorli va kelajagi porloq sportchi ekanligiga shubha yo‘q. Biroq, u Habib Nurmagomedov darajasida, deb o‘ylamayman. 29-0 oddiy natija emas. Lekin vazn toifasida UFC chempioni bo‘la oladi, degan fikrdaman.
Farrux Madaminov – murabbiy
- Islom Maxachev Habibni rekordini takrorlay olmaydi. Qolaversa, Maxachevda bitta mag‘lubiyat ham bor. Biroq, daraja tomonlama u Habibni takrorlay olmoqda. Ya’ni, jang olib borish uslubi, “klass” borasida Nurmagomedovga deyarli tenglashib qoldi. Har tomonlama mukammal ko‘rinishga kelmoqda. O‘ylaymanki, unga divizionda Charlz Oliyvera jiddiy qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Qolgan barcha top jangchilarni yuta oladi. Yaqin vaqtlar emasku, uzog‘i ikki yilda u engil vazn toifasi chempioni bo‘ladi.
Behzod Jiyanov – murabbiy
- Maxachev juda kuchli va yuqori saviyadagi jangchi. Biroq U Habib bo‘la olmaydi. Habib darajasiga chiqa olishi qiyin. Ammo, u vazn toifasi chempioni bo‘lishi mumkin. Bu borada unga muxlislik qilaman va omad tilayman!
Jasur Alijonov – murabbiy
- Islom Maxachev o‘ziga xos iste’dodli sportchi. Barcha jangchilarning o‘ziga yarasha kuchli jihati bo‘ladi. Kimdir Habibdan kuchli deydi, yana kimlardan aksincha fikr bildiradi. Hozirda Islom Habib Nurmagomedov amalga oshirgan ishlarni qilmoqda. Lekin Habib erishgan natijalarni qayd eta olmagan. Demoqchimanki, uning Habib darajasiga chiqa olishi yoki u erishgan natijalarni qayd etishini vaqt ko‘rsatadi. Va yana shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, Maxachev chiroyli natijalar qayd etib, Habib kabi bo‘la olishga qodir!
Amin Ergashev – MMA jangchisi
- Maxachev so‘ngi jangini rejadagidek olib bordi va yakunda ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uni Habibdan kuchli ekanligi shunchaki gap-so‘z xolos. U hali, Habib kabi kuchli emas. Nurmagomedov darajasiga chiqishiga biroz bor. So‘ngi jangini ham ishonchli tarzda yutdi. Biroq, u hozircha Jastin Getji, Dastin Pore va Charlz Oliyvera bilan jang qilishga tayyor emas. Tayyor bo‘ladi, lekin bunga vaqt kerak. Kamida 1.5-2 yildan so‘ng, u barchasi bilan jang qila oladigan darajaga etadi. Chunki unda to‘g‘ri yo‘nalish yo‘lga qo‘yilgan. U bilan Habib Nurmagomedov ajoyib tarzda ishlayapti. Nasib qilsa, yaqin kelajakda u barcha ijobiy natijalarni qayd etgan holda chempion bo‘ladi.
Suhrob Ro‘zimatov – O‘zbekiston K-1 federatsiyasi bosh kotibi
- Maxachev juda talantili kerak bo‘lsa, Habibdan ham kuchli jangchi. Marxum Abdulmannap Nurmagomedov ham bekorga unga katta ishonch bildirmagan. Uning chempion bo‘lishiga shubha qilmayman.
Husniddin G‘aniev - MMA jangchisi
- Ha, uning Habibdan ustun jihatlari bor. Ya’ni, stoyka"da Nurmagomedovdan yaxshiroq harakat qiladi. Kurashi ham qolishmaydi. Habibdan ko‘ra, rang-baranglik ko‘proq. Qolaversa, kardiosi ham ajoyib. U chempion bo‘ladi.
Mavlud Tifiev – professional muaytay, K-1 jangchisi
- U albatta chempion bo‘ladi. Chunki “klass” borasida raqiblaridan bir bosh ustun. “Ustozdan o‘tmagan shogird, shogird emas”, degan naql bejizga aytilmagan. U hozirda ustozlik qilayotgan Habib Nurmagomedovdan ham yaxshi natijalar qayd etadi. Chunki uning sparring sheriklari ham juda kuchli... Qolaversa, Habibning o‘zi bilan ishlamoqda. Qo‘l va oyoqda ham juda yaxshi harakat qiladi. Kurash borasida diviziondagilardan ancha ustun. Xullas, uning barchasiga erishish uchun imkoniyati bor.
Fayoz Shomurodov – MMA jangchisi
- Habib Nurmagomedov darajasiga chiqishi juda qiyin. Uning so‘ngi jangidagi raqibi nisbatan kuchsiz edi. Navbatdagilari oson raqiblar bo‘lmaydi. Engil vazn toifasida juda kuchli atletlar yig‘ilgan. Shuning uchun Maxachevga oson bo‘lmaydi.
Humoyuddin Muxtorov – MMA jangchisi
- Islom Maxachev yaxshi saviyadagi ajoyib jangchi. Uni kelajakda ulkan muvaffaqiyatlar kutib turibdi. Biroq, Habib darajasiga chiqishi uchun hali, vaqt kerak bo‘ladi. Ammo unda bu marralarni ya’ni, UFC chempioni bo‘lish va hozirgi ustozi Habib Nurmagomedov kabi bo‘lishi uchun etarli asos va salohiyat bor. Ayniqsa, Habibning o‘zi ustozlik qilayotgamni ham uni vazn toifasi chempioni bo‘lishi uchun asosiy sabab bo‘ladi, degan fikrdaman.
Humoyun Mahkamov – MMA jangchisi
- Barcha Islom haqida gapirayotganligi ham uning qanday kuchga ega ekanligini anglatadi. Habib Nurmagomedov ham uning chempion bo‘lishiga ishonmoqda. Eng asosiysi murabbiyi unga katta ishonch bildirayaptimi, demak unda chempion bo‘lish imkoniyati bor. Islomga esa nafaqat Habib balki afsonaviy murabbiy Abdulmannap Nurmagomedov ham yuqori baho bergan holda, kelajak chempioni, deb atardi. Yakuniy fikrim yaqin yillarda u vaznidagi barcha kuchli raqiblarni mag‘lub etib, chempionlikni yana Dog‘istonga olib keladi.
Fikrlar