
Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov, Qudratillo Abduqahhorov va boshqa yakkakurash vakillarimiz kimga havas qilishgan? (2-qism)
Yurtimizning mashhur boks hamda MMA jangchilarining yoshlikdagi kumirlari haqida so‘z yuritgandik va bir qator vakillarimizning bu boradagi fikrlarini e’tiboringizga havola etganmiz.
Ushbu mavzuni davom ettirgan holda, yana ba’zi taniqli sportchilarimizning kumirlari bilan qiziqdik...
Qudratillo Abduqahhorov- bokschi
- Yoshligimizda juda ko‘p boks yulduzlariga havas qilardik va ularga o‘xshab, ularning uslublarini,zarbalarini o‘zlashtirishga harakat qilganmiz. Shuning uchun ham kumirlarim bir nechta bo‘lgan. O‘zimizdan Ruslan Chagaev va Muhammadqodir Abdullaevlarga havas qilgan bo‘lsam, jahon boksida Muhammad Ali hamda Mayk Taysonning muxlisi bo‘lganman. Ushbu charmqo‘lqop ustalari yoshlikdagi kumirlarim bo‘lgan.
Bahodir Jalolov-bokschi
- Men asosan ukrainalik Vladimir Klichkoga qiziqardim.Uning janglarini qoldirmasdan tomosha qilardim.
Isroil Madrimov- bokschi
- Yoshligimizda o‘zimizning bokschilardan Elshod aka Rasulovga jahon boks olamida esa Roy Jonsga havas qilardim.
Humoyun To‘xtamurodov- MMA jangchisi
- MMAga qiziqishimga "So‘ngi Imperator" deya ataluvchi Fyodor Emelyanenko sabab bo‘lgan. Yoshlikdan uning janglarini tomosha qilib, zavq olganmiz va u kabi jangchi bo‘lishni orzu qilardik.
Olimjon Nazarov- bokschi
- Bizning yoshligimiz Mayk Taysonning yulduzli onlariga to‘g‘ri keladi. Uning janglarini maroq bilan tomosha qilardim va hayratda qolardim. Uning chinakam muxlisi bo‘lganman. Boksga kirib kelishimning sabablaridan ham biri aynan Mayk Tayson bo‘ladi. Shuning uchun ham meni yaqinlarim kichik Tayson deb atashardi.
Kamoliddin Mamajonov- MMA jangchisi
- Menimcha ko‘pchilik MMA jangchilarini yoshlikdagi kumiri Fyodor Emelyanenko bo‘lsa kerak,deb o‘ylayman. Men ham uning janglarini tomosha qilib, ushbu sport turiga mehr qo‘yganman.
Abdurasul Ismoilov-bokschi
- Yoshligimda juda ko‘plab, bokschilarni tomosha qilib,ularga havas qilganman. Ammo, keyinchalik boks olamiga kirib kelganimdan so‘ng, Vasiliy Lomachenkoning janglarini tomosha qilib, unga havasim kelardi. Kumirim Loma!
Abdulaziz Najmiddinov-bokschi
- Boksga qadam qo‘yishimizdan avval, o‘sha vaqt yulduzlari Floyd Meyvezer, Menni Pakyao, Oskar De La Xoyyalarni janglarini tomosha qilardik. Barchasini janglari yoqardi. Biroq ular orasida baribir De La Xoyyaga qiziqishim yuqori bo‘lgan.
Fikrlar