Isroil Madrimovni qiyin sinov kutmoqda yoxud u darhol chempionlik kamari uchun jang qila oladimi?

  • 6 iyul, 2022, 17:10
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

2021 yil dekabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan professional boks oqshomida Isroil Madrimovning Mishel Soroga qarshi jangi natijasi gongdan so‘ng berilgan zarbalar va hakamning xatosi sababli WBA tashkilotini qoniqtirmadi va ular o‘rtasida revanshga buyruq berildi. Ikkinchi to‘qnashuv 9 iyul kuni Angliyaning London shahrida joylashgan “O2” arenasida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Tecno

WBA reytingida 1, WBCda 9 va The Ring nashri norasmiy reytingida 8-pog‘onada qayd etilgan Madrimov (8-0, 6KO) bu safar ortiqcha savolga o‘rin qoldirmoqchi emas.

“Men revansh jangi tashkil etilayotganidan xursandman va bu mavzuni batamom yopishni xohlayman. Birinchi jangdan keyinoq, agar biron muammo bo‘lsa, revanshga tayyor ekanligimni aytgan edim”,-dedi Madrimov The Ring nashriga.

photo_2022-07-06_17-02-24

27 yoshli Madrimov 7 oy oldin Toshkentda Soro bilan jang qilgani u uchun foydali bo‘lganini his qilmoqda.

“Men uchun har bir jang yangi tajriba, ayniqsa bu kabi yuqori darajada bo‘lsa. Dastlabkisi boks oqshomining asosiy bahsida top bokschiga qarshi ilk jangim edi”,-dedi u.

Odatda mashg‘ulotlarini Kaliforniyaning Indio shahrida Joel Diaz qo‘l ostida olib boruvchi hamyurtimiz ilk bor Buyuk Britaniyada jang qilish imkoniyatidan mamnun ekanligini bildirib, Soro bu kechada unga eng qiyin sinovni taqdim etishini taxmin qilmoqda.

“Har doim Britaniyaga borib, britaniyalik muxlislar qarshisida jang qilish imkoniyatiga ega bo‘lish orzuim bo‘lgan. Balki u erda dunyodagi eng zo‘r muxlislar bor. Britaniyaliklar qarshisida o‘z mahoratimni namoyon etish orzusi ro‘yobga chiqdi.

Mening fikrimcha, Soro 154 funt vaznda kamarga ega bo‘lmagan bokschilar orasida eng zo‘ri. Tajriba, uslub, kuch va butun faoliyati uni ushbu diviziondagilar orasida eng zo‘rlaridan biri ekanligini ko‘rsatib turibdi”, - deb qo‘shimcha qiladi u.

IMG_3173

Madrimov, garchi 8 ta professional jangda jami 56 raund harakat qilgan bo‘lsa-da, u top darajaga chiqishda juda tez odimladi.

“Professional debyut jangimdan beri orzuim o‘zgarmagan. Bu - chempion bo‘lish va kamarlar kimda ekanligidan qat’iy nazar, bo‘laman ham. Hozirda maqsadimga etishish yo‘lida Soroni mag‘lub etishim kerak va faqatgina bittamiz omadli bo‘lib chiqib, yana yuqoriga odimlaymiz. Barchasi Yaratgandan”,- deya o‘z ishonchini bildiradi Madrimov.

Ushbu vazn toifasida barcha 4ta kamar Jermell Charloga tegishli bo‘lib, hozirda uning qarshida Tim Tszyu (WBO yo‘nalishida) va Bahram Murtazaliev (IBF yo‘nalishida) kabi majburiy da’vogarlar turibdi. Isroil Madrimovning menejeri Vadim Kornilov unga jahon chempionlik kamari uchun bahsni tezroq olib berishga harakat qilsa-da, bu darrov bo‘lmasligi mumkinligini ham, aytib o‘tmoqda.

“Hozirdan buni bashorat qilish qiyin, lekin voqeliklar tez o‘zgarib ketishi mumkin. Agar kutishimiz yoki chempionlikkacha biron jang tashkil qilishimiz kerak bo‘lsa ham, muammo emas. Bu faqatgina Madrimovga o‘z vaqti kelguniga qadar yaxshi tajriba olishiga yordam beradi”,- deydi Madrimov bilan bir qatorda, Dmitriy Bivol, Murodjon Ahmadaliev kabi bokschilarning menejeri hisoblangan Kornilov.

ruuaaca377fa3

WBA reytingida 2, The Ring tomonidan esa 9-pog‘onada qayd etilgan frantsiyalik Mishel Soro professional boksga 2008 yilda qadam qo‘ygan. U faoliyati davomida Glen Tapia, Xaver Masiel, va Serdik Vitu kabi bokschilarni mag‘lub etib, o‘z kuch va qobiliyatlarini isbotlab kelgan bo‘lsa, Zaurbek Baysangurov, Brayan Kastano va so‘ngi jangida Isroil Madrimovga mag‘lub bo‘lgan bo‘lishiga qaramasdan, janglarda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgan. U Madrimovga qarshi revansh jangida 35-3-1 (24 nokaut) rekord bilan ringga ko‘tariladi.

Ular o‘rtasida WBA eliminator maqomidagi revansh bahsi 9 iyuldan 10 iyulga o‘tar kechasi London shahrida Matchroom kompaniyasi tomonidan tashkil etiladigan boks oqshomida bo‘lib o‘tadi. Markaziy to‘qnashuvda esa og‘ir vaznlilar Derek Chisora va Kubrat Pulev o‘zaro ikkinchi jangda ringga ko‘tariladi.

The Ring nashri asosida Jalol Axmedov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!