
"Istiqlol" futbolchisi ayol muxlisni quchoqlagani uchun jarimaga tortildi
Eron futbol federatsiyasi Etika qo‘mitasi "Istiqlol" himoyachisi Ramin Rizoyanni ayol muxlisani quchoqlagani uchun 510 million Eron riali (12 000 AQSh dollardan ortiq) miqdorida jarimaga tortdi.
"khabaronline.ir. portalining xabar berishicha, Eron chempionatining 14-turidan o‘rin olgan “Chadormalu” – “Istiqlol” uchrashuvi oldidan muxlislardan biri mehmonlar klubi avtobusiga kirib, himoyachi Ramin Rizoyanni quchoqlagan. Uchrashuv 26 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan va 0:0 hisobida yakunlangan.
Shundan so‘ng, Eron futbol federatsiyasining Etika qo‘mitasi futbolchini yig‘ilishga chaqirib, voqea holatlariga oydinlik kiritdi. Uchrashuv natijasiga ko‘ra, futbolchiga "Sportga xos bo‘lmagan xatti-harakati" uchun 510 million Eron riali (12 000 AQSh dollardan ortiq) miqdorida jarima shaklida sanktsiyalar qo‘llanildi.
Ramin hozirda 34 yoshda. Himoyachi 2024 yilning iyul oyida erkin agent sifatida "Istiqlol"ga o‘tgan edi. Umuman olganda, u jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 20 ta o‘yin o‘tkazib, beshta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Himoyaning har bir chizig‘ida o‘ynay oladigan futbolchi Evropada Turkiyaning “Rizespor” va Belgiyaning “Oostende” klublarida o‘ynagan va Eron terma jamoasida 2015 yilning yanvarida debyut qilgan. Terma jamoa tarkibida 65 ta o‘yin o‘tkazib, 6 ta gol urgan va 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Xususan, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati saralashi doirasidagi O‘zbekiston - Eron bahsida Yusupov darvozasini ham ishg‘ol qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda O‘zbekiston terma jamoasi etakchisi Jaloliddin Masharipov ham "Istiqlol" a’zosi hisoblanadi. Legionerimiz yaqinda tehronliklar bilan shartnomasini uzaytirdi.
Fikrlar