
"Istiqlol" futbolchisi: "Ramazon oyida yaxshi ish qilmadilar" yoxud ayrimlari boshqa klublarda, kimlardir murabbiylikka o‘qiyapti, boshqalar esa...
Xabaringiz bor, yaqinda Farg‘onaning “Istiqlol” klubi faoliyatini tugatdi. Natijada pro-ligadan chiqib ketdi. Uning ishtirokidagi natijalar esa bekor qilindi.
Ma’lumki, jamoa to‘rtta turda ishtirok etgan bo‘lib, barchasida mag‘lubiyatga uchragandi. Shuningdek, murabbiylar ham o‘zgartirilgandi. Dastlabki turda Bahodir Shamshiddinov, qolgan uchta uchrashuvda Bahrom Hakimov bosh murabbiylik qildi. Garchi tarkib u qadar kuchsiz bo‘lmasa-da, jamoa mavsumni yaxshi boshlay olmadi.
“Istiqlol” rahbarlarining toqati toq bo‘ldi shekilli, jamoani yopishdi. Aslida bu birinchi marta emasdi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili ham “Istiqlol”ning faoliyati tugatilgani e’lon qilingan. Keyin oradan bir necha kun o‘tgach, jamoaning faoliyati yana davom ettirilgandi. Xullas, yana o‘sha manzara takrorlandi. Jamoadagi tajribali futbolchilardan biri Mo‘ydin Mamazulumov bu haqida o‘z munosabatini bildirdi:
- 10 aprel kuni “Oq-tepa” bilan o‘ynadik, - deya gap boshladi hujumchi. - O‘sha uchrashuvdan keyin rahbarlar klub yopildi, bizga bunday jamoa kerak emas, dedi. Bu holat o‘tgan yili ham aynan “Oq-tepa”ga qarshi bellashuvdan keyin yuz bergandi. Natijada, o‘shanda ko‘pchiligimiz boshqa klublarga ketib qolgandik. Bu yil ham vaziyat shunday tus oldi. “Istiqlol” yopilgach, bir qancha futbolchilar boshqa jamoalarning safiga qo‘shildi. Ahror O‘ktamov, Eldor Ergashev, Shohruh Boyqo‘ziev va Abbos Maxstaliev “Rubin” jamoasiga o‘tdi. Bulardan tashqari, Abduxoliq Qurbonov, Elyor Mamasoliev va Sardor Sotvoldiev “Xorazm”ga ketdi. Xushnud Bozorov “Mash’al” o‘rinbosarlariga yo‘l oldi. Qolgan yosh futbolchilar qaerda? Menimcha, uyda bo‘lsa kerak. Men, Mansur Saidov, Farrux Turdialiev va Dilyor Ermatov fursatdan foydalangan holda, Farg‘onada tashkil qilingan murabbiylar uchun “S” litsenziyasining o‘quv-kurslarida o‘qiyapmiz. Ertaga bu bizga kerak bo‘ladi. Baribir keyinchalik murabbiylikni tanlaganimizda ham asqotadi. Aslida murabbiylikka o‘qish niyatimiz bor edi. Qishda Farg‘onada “Hokim Kubogi” musobaqasi o‘tkazilgach, “D” litsenziyasiga o‘qib olgandim. Keyin may oyining oxirlarida “S” uchun o‘qish bo‘lishini aytishgan. O‘yinlar bo‘lsa ham ora-orada borib o‘qib olishni niyat qilgandik. Mana, endi klub yopildi va murabbiylik uchun kurslarda to‘liq qatnashyapmiz.
Agar mavsum boshida “Istiqlol”da yana shunday vaziyat yuz berishini bilganimizda 25 nafar futbolchi bu jamoaga kelmagan bo‘lardi. Tarkibda yomon o‘yinchilar to‘planmagandi. Faqat biroz sabr qilish kerak edi va yaxshi murabbiy olib kelish lozim edi. “Xorazm”ga qarshi o‘yindan keyin Bahodir Shamshiddinovni bo‘shatishdi. Menimcha, bu noto‘g‘ri edi. Unga hech bo‘lmaganda, yana imkoniyat berish lozim edi. O‘sha birinchi turda ham yomon o‘ynamagandik. “Xorazm” bilan bellashuvdan keyin Bahrom Hakimovni olib kelishdi. Bu murabbiy boshchiligida uchta o‘yinda qatnashdik, ammo natija bo‘lmadi. Aksincha, ishlar orqaga qarab ketdi. Rahbarlar yaxshi ish qilishmadi. 25 ta o‘yinchi ko‘chada qoldi, bir qator murabbiylar ishsiz qoldi. Hammamizni bola-chaqamiz bor. Ro‘zai-ramazon kunlarida klubni yopib yuborishlari yaxshi ish bo‘lmadi. Hech bo‘lmaganda birinchi davragacha imkoniyat berib, o‘ynab turish kerak edi. Keyin natijaga qarab biror xulosaga kelishsa bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham yaxshi ish qilishmadi.
Fevral oyining yarmi va mart oyligi bo‘yicha ish haqlarimiz qolgan. O‘tgan yili ham “Istiqlol” yopildi deyishdi, o‘sha mahalda 7-8 ta futbolchi boshqa klublarga ketishgach, oradan ko‘p o‘tmasdan, jamoani yana qayta tiklashdi. O‘sha paytda ham oylik maoshlarimiz va mukofot pullarimiz bo‘yicha qarzlar qolib ketgan. Klubni tark etganlarga bermayman, deyishgan. Kim qolgan bo‘lsa, o‘shalarga pullarini bergan.
Endi Xudoim o‘zi bir yo‘lga boshlar. Nasib qilsa, yana faoliyatimizni davom ettirarmiz. Yoki bo‘lmasa, kimgadir yordamchi bo‘larmiz. Boya aytdim, hozirgi tanaffus paytidan foydalanib, murabbiylikka o‘qib olyapmiz. Kimdir yoniga chaqirsa, yordam beraveramiz. Agar futbolchi sifatida qaysidir jamoaga kerak bo‘lsam, kuchim etishiga ishonaman. Hozirgi o‘ynayotgan o‘yinchilardan kam joyimiz yo‘q. Klublardagi hujumchilarni ko‘ryapmiz, hali o‘zini oqlamagan futbolchilar ham bor.
Bahrom Hakimov boshchiligida uchta o‘yin o‘tkazdik. Murabbiy har intervyusida jamoada boshida men bo‘lmaganman, deb tarkibdagi o‘yinchilarni kamsitaverdi. Bu noto‘g‘ri fikr edi. “Istiqlol”dagi 25 ta futbolchi ham o‘ynaydigan yigitlar edi. Bizda deyarli ikkita tarkib bir xil kuchga ega edi. Qoldiq futbolchilar emasdi. Bu mag‘lubiyatlardan keyingi murabbiyning o‘z fikri, deb o‘ylayman, - dedi Mamazulumov.
Fikrlar