
Italiyaning 9 karra chempioni, Toni, Milito, Krespo kabi hujumchilarni tanitgan, Eldor Shomurodovni sotib olgan “Jenoa”
Hamyurtimiz Eldor Shomurodov “Rostov”dagi 3 yillik faoliyatidan so‘ng, o‘z omadini Apennin yarimorolida sinab ko‘rishga qaror qildi. Unga “Fiorentina”, “Selta” kabi o‘z nomiga ega, nisbatan kattaroq klublar taklif bilan chiqqan edi. Biroq Eldor Italiyaning eng tarixiy klublaridan biri “Jenoa” safida ko‘chib o‘tdi va bu qarori bilan eng ma’qul yo‘lni tanladi, nazarimizda. Chunki Shomurodovning potentsiali yuqoriligini hisobga olsak, “Jenoa” uning uchun zinapoyaning shunchaki navbatdagi qismi. Narigi ikki klub tarkibida esa "Shoma" zaxira o‘yinchisiga aylanib qolishi ham mumkin edi. Biz yurtdoshimiz yo‘l olgan klub haqida nimalar bilamiz?
“Jenoa” 1893 yilda tashkil topgan bo‘lsa-da, futbol bilan bog‘liq faoliyatga 4 yildan keyingina kirishgan. Ungacha engil atletika va kriket klubi sifatida faoliyat yuritgan. Aytish joizki, futbol jamoasiga asos solinishi ancha omadli va amalda o‘zini oqlagan qaror edi. Genuyaliklar debyut mavsumidan boshlab ketma-ket 3 yil Italiyada tengsiz bo‘lishgan. Keyinchalik yana bir yil tanaffus qilgan “qizil-ko‘klar” yana 3 mavsum “Skudetto”ni hech kimga bermagan. Umumiy titullar soni 9 tani tashkil etadi va ularning so‘nggisi 1923/24 yilgi mavsumda qo‘lga kiritilgan. Ko‘rib turganingizdek, jamoaning maqtashga arzigulik tarixi bor. Ammo bugungi kun haqida so‘z yuritganda bu maqtovlardan biroz cheklanishga majbur bo‘lamiz. O‘tgan mavsumda genuyaliklar arang elitada jon saqlab qolgani ham ayni haqiqat. Tarkibda aynan Eldordek hujumchi yo‘qligi ularni so‘nggi 2 yilda autsayder maqomiga tushirib qo‘ygan edi. Nega bunday bo‘ldi?
“Jenoa” oxirgi mavsumlarda kuchli o‘nlikka ham kira olmayapti. Faqatgina 2014/15 yilda furor ko‘tara olgan genuyaliklar yakunda 6-pog‘onani egallagan holda, kuchlilar qatorida e’tirof etilgan. Bu klubning ortda qolgan dekadadagi eng yaxshi natijasi hisoblanadi. Ushbu jamoa safida Luka Toni, Ernan Krespo, Diego Milito, Alessandro Matri, Yago Falke, Leoandro Pavoletti, Alberto Jilardino, Rodrigo Palasio kabi saviyali hujumchilar to‘p tepgan. Biroq bugungi kunda klub yaxshi hujumchiga ehtiyoj sezmoqda. Genuyalik rahbarlarning bir jihati tahsinga loyiq: ular jamoada porlagan futbolchilarni yaxshi taklif tushsa, kattaroq klublarga qo‘yib yuborishdan qaytmaydi. Bu yo‘l barcha uchun manfaatli. Futbolchiga o‘sish uchun imkoniyat beradigan mutasaddilarni futbolda doim ham uchratavermaymiz. Ayniqsa, Apennin yarimorolida! Shu jihatdan ham Shomurodov o‘zi uchun eng ma’qul yo‘ni tanladi, deb qo‘rqmasdan ayta olamiz.
Endi bevosita klubning hozirgi holati haqida to‘xtalsak. Yuqorida ta’kidlanganidek, “Jenoa” A Seriyani ketma-ket ikkinchi bor 17-o‘rinda yakunladi. Tarkibi asosan yoshi katta futbolchilardan tashkil topgan jamoada Lasse Shyone, Mattiya Perin, Goran Pandev, Dominiko Krishito, Valon Bexrami, Kristian Sapata, Milan Badel, Marko Pyatsa kabi tajribali futbolchilar to‘p tepadi. Eldorda ularning tavsiyalari bilan o‘z mahoratini yanada oshirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, jahon futbolida o‘z nomiga ega bo‘lgan futbolchilar bilan bir jamoa sharafini himoya qilishning yana bir foydali jihati shundaki, yuqoridagi nomlar faoliyati davomida ko‘p narsalarni isbotlab ulgurlagan va ular doim diqqat markazida turadi. Bu orqali turli xil skautlarning nigohi jamoaning yangi to‘purari bo‘lishi mumkin bo‘lgan navqiron forvardga tushmaydi deysizmi?! Yo‘q, albatta. Bu jihat ham aynan Shomurodorga qo‘l kelishi shubhasiz.
Ammo so‘nggi kunlarda Italiya tomondan noxush xabarlar ham kelmoqda. Aynan “Jenoa” klubi tarkibida o‘ndan ziyod futbolchi koronavirusga chalingan va klubniing A Seriya navbatdagi turidan o‘rin olgan “Torino”ga qarshi o‘yini noma’lum muddatga qoldirildi. Hatto, Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ham chempionat o‘yinlari to‘xtatilishini iddao qilmoqda. Mana shunday muammolar girdobida qolib ketgan jamoa bu “Jenoa”. Biroq ushbu jihatlar “Shoma”ning kelgusi faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligiga ishonamiz! Oldindagi bahslarda faqatgina o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish eta olsa, ko‘p o‘tmay hamyurtimizni mamlakat bosh sovrini uchun kurashadigan jamoalar libosida ko‘rishimiz ham shubhasiz!
Javohir Azimov tayyorladi!
Fikrlar