
Ivan Boshkovich: "So‘g‘diyona" bu mavsum kuchsiz o‘ynadi, deb o‘ylamayman"
Coca-Cola Superliga 25-turidan o‘rin olgan Nasaf – So‘g‘diyona (0:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik uchun vaqt etarli edi va jiddiy hozirlik ko‘rdik. Bu erda o‘ynash oson emas. Bellashuv oldidan kelgusi taqdirimiz nazariy jihatdan hali aniq emas edi. Shu bois, ochko zarur edi. Birinchi bo‘limda teng kurashlar bo‘ldi. Ikkinchi taymda esa mezbonlar bosimni oshirdi va natija uchun harakat qildik. Qo‘lga kiritilgan ochko bilan yigitlarni tabriklayman.
O‘ylashimcha, “Nasaf” oldiga qo‘yilgan vazifani uddaladi. Jamoa kelgusi mavsum ham xalqaro maydonda ishtirok etadi. Har mavsum qarshiliklarga chempionlik uchun biroz etmay qoladi. Bilasiz, men ham ushbu jamoaga befarq emasman. Futbolchilar ataylab maydonga yotib oldi, demagan bo‘lardim. Shunchaki, bosim yuqori edi va kurashlar ko‘p bo‘ldi.
“So‘g‘diyona” bu mavsum kuchsiz o‘ynadi, deb o‘ylamayman. Men jamoam ko‘rsatayogan futboldan qoniqish hosil qilyapman. Ikkinchi davrada yaxshi harakat qildik va ochkolarga ega chiqdik. Biz doim raqobatbardosh futbol o‘ynashga intilamiz. Mag‘lub bo‘lgan bellashuvlarimizda ham individual xatolar sabab engildik. O‘ylashimcha, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Ko‘plab yosh futbolchilarga imkoniyat berdik va ular etarlicha tajriba to‘plashdi. Kelgusi mavsum uchun poydevorimiz mavjud», – dedi Boshkovich.
O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar