Jahon chempioni o‘zbek bokschisiga qarshi jang o‘tkazishi shart qilindi

  • 22.09.2026 10:02
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) oʻz versiyasi boʻyicha ikkinchi oʻrta vazn toifasidagi jahon chempioni, meksikalik Xayme Mungiya (46-2, 35 KO) oʻzbekistonlik Bektemir Meliqoʻziev (17-1, 11 KO) bilan majburiy himoya jangini oʻtkazishini belgiladi. 

WBA tarqatgan rasmiy bayonotga koʻra, ikki tomon jangni tashkil etish shartlari boʻyicha 21 oktyabrga qadar kelishib olishi kerak. Agar shu muddat ichida kelishuvga erishilmasa yoki taraflardan biri muzokaralardan bosh tortsa, tashkilot promouterlik savdolarini eʼlon qiladi.

Xayme Mungiya chempionlik kamarini joriy yil 2 may kuni qoʻlga kiritgandi. U Xose Armando Resendisni hakamlar yakdil qarori bilan magʻlub etib, WBA chempioniga aylangan. Meksikalik bokschi uchun majburiy himoyani oʻtkazish muddati 30 avgust kuni yakunlangan.

Bektemir Meliqoʻziev WBA reytingida birinchi oʻrinni egallab, rasmiy majburiy daʼvogarlik maqomiga ega. U oʻzining soʻnggi jangini shu yil fevral oyida Las-Vegas shahrida oʻtkazgan. Osha bahsda oʻzbekistonlik bokschi yettinchi raundda amerikalik Sena Agbekoni nokautga uchratgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!