
Jalgasbay Berdimuratov Tokio Olimpiadasida duch kelishi mumkin bo‘lgan eng noqulay raqibini aytdi
Yana 24 kundan so‘ng, Tokio Olimpiadasi start oladi. To‘rt yillikning eng nufuzli turnirida zafar quchish, sovrindorlar qatoridan o‘rin olish barcha sportchilarning bosh maqsadi hisoblanadi. Shu jumladan o‘zbekistonlik yo‘llanmani qo‘lga kiritgan sportchilarimiz ham kunchiqar yurtda ijobiy natijalar qayd etish uchun jiddiy hozirlik ko‘rishmoqda.
Yunon-rum kurashchilarimiz ham o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘ygan. Ayniqsa, -77 kgda Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Jalgas Berdimuratovning ishtiyoqi yuqori... Biz ushbu polvonimiz bilan bog‘lanib, Olimpiadaga oid savollar bilan murojaat qildik.
- Tokio Olimpiadasiga ham oz vaqt qoldi. Tayyorgarlikdan, o‘zingizni ayni holatingizdan ko‘nglingiz to‘lmoqdami?
- O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari a’lo darajada bo‘ldi. Rahbariyat barcha sharoitlarni yaratib berdi. Qisqa qilib aytganda barchasi joyida.
- Yanglishmasam, Polshada 15 ta mamlakat vakillari bilan yig‘inda bo‘ldinglar, ular orasida sizni vazningizda Tokioda ishtirok etadiganlari bormidi? Bo‘lsa, kimlar edi va ular bilan bevosita sparringda ishladinglarmi?
- Ha, Polshaning Spala shahrida 15 ta mamlakat vakillari bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etdik. Vazn toifamda Tokioga litsenziyani olgan ozarbayjonlik, xorvatiyalik va shvetsiyalik kurashchilar ham bor edi. Albatta, ular bilan sparringlar bo‘ldi.
- Qiziq, buning Olimpiadadan avval qanchalik ijobiy yoki salbiy jihati mavjud. Ular Tokioda duch kelishingiz mumkin bo‘lgan ehtimoliy raqiblaringizku? Sirlar voqif bo‘lib qolmaydimi?
- Endi, barcha uslublarni ishga solmaysiz, o‘zingizni butunlay namoyon qilmaysizda... Ular ham butun imkoniyatini ko‘rsatgan holda sparringlarda ishlamaydi.
- Umuman olganda, vazn toifangizda Tokioda gilamga chiquvchi eng kuchli raqiblaringiz kimlar va ularning qay birlari siz uchun noqulay hisoblanadi?
- Olimpiadaga litsenziyani qo‘lga kiritish ham oson emas. Juda jiddiy raqobat bo‘ladi va eng kuchlilari asosiy turnirga yo‘l oladi. Shuning uchun barchasini kuchli deb aytgan bo‘lardim. Shunday bo‘lsa-da, qirg‘izistonlik Akjol Mahmudovga yoshlar o‘rtaisda Osiyo chempionatida yutqazganman, rossiyalik kurashchi ham bor. Shularni noqulay raqib sifatida bilaman. Lekin har qanday raqibni mag‘lub etish mumkin. Buning uchun qattiq mehnat qilish kerak bo‘ladi. Biz o‘zimizni ustimizda jiddiy tarzda ishladik. Nasib qilsa, ijobiy natijalarni qayd etamiz.
- O‘zbekistonlik qaysi kurashchilarimiz sizga ushbu Olimpiadaga tayyorgarlik jarayonida sparring raqib sifatida katta yordam berdi?
- Nurbek Hoshimbekov, Dilshod Omongeldiev, Muhammadqodir Rasulov menga mashg‘ulotlar jarayonida yaqindan yordam berib kelishmoqda. Shuningdek, Elmurot aka Tasmurodovdan ko‘p uslublarni o‘rganaman. Elmurot aka bilan sparring tushmaymiz, lekin unda ulkan tajriba bor va bizga hamisha yordam berib kelyapti. O‘z o‘rnida barchasiga ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirib qolaman.
- Muhim turnir avvalida xalqimiz, sport muxlislariga qanday so‘zlarni ayta olasiz?
- Avvalo, doimo bizni qo‘llab-quvvatlab keladigan xalqimizga minnatdorchilik bildirgan holda, barcha yaxshi tilaklarni bildirib qolaman. Albatta, qaysi musobaqaga borsak, bizni yutuqlarimizni kutib, g‘oyibona bo‘lsa-da, qo‘llab turishlarini xis qilamiz. O‘ylaymizki, Tokioda ham bizni duolari bilan yolg‘izlatib qo‘yishmaydi. Biz esa ularning ishonchini oqlashga harakat qilamiz!
Fikrlar