
Jaloliddinov Sports.uz muxbiriga Italiyadagi ko‘rik, "Lokomotiv" taklifi,"Beshiktosh" chorlovi va Evropaning qaysi jamoasini tanlaganini gapirdi
Futbolimizning kelajagi sifatida qaralayotgan “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi Jasur Jaloliddinov atrofida yuz berayotgan xabarlar hech kimni befarq qoldirmayotgani rost.
O‘z o‘yinlari bilan xorijlik skautlarning e’tiborini tortayotgan futbolchimizga Evropa klublari tomonidan jiddiy qiziqishlar bo‘layotgani biz uchun ham quvonarlidir. Ko‘rinishidan shuni anglash mumkinki, Jasurning kelajagi Evropa futboli bilan bog‘liqdek. Boisi, voqealar rivoji shunday tus olmoqda.
Bu borada futbolchining o‘zi ham kuchliroq chempionatda to‘p surib, kuchini sinab ko‘rishga qarshi emas. Unga esa ko‘plab takliflar bor va ularning orasida hamma yaxshi taniydigan Turkiyaning “Beshiktosh” hamda Rossiyaning “Lokomotiv” klublari ham mavjud. Yodingizda bo‘lsa, u dastlab Italiyaning “Benevento” klubiga borib kelgandi. Jaloliddinov bilan keyingi taqdiri borasida muloqot qilganimizda hammasini ochiq-oydin aytdi va avvalo hammasini o‘sha “Benevento”dan boshladi.
“Benevento” professional yo‘l tutyapti”
- Avvalo “Benevento” haqida to‘xtalishni istardim, u erga borib kelganimga ancha bo‘lib qolganiga qaramay, ular hali ham meni ro‘yxatidan o‘chirib yuborishgani yo‘q. Biroq vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, “Benevento” men uchun amalga oshishi qiyin bo‘lgan variant bo‘lib turibdi. U erda yuz berayotgan muammolar oldida ortiqcha transferlar haqida o‘ylashmasa ham kerak. Ular shunchalik professional yo‘l tutishyaptiki, bunga qoyil qolsa arziydi. Ya’ni, italiyaliklar bilan gaplashgan paytimda hali ham bizning ro‘yxatimizdasan, ammo senga boshqa klublar tomonidan qiziqishlar bo‘lsa, bemalol muzokaralar olib boraver, chunki biz faqat o‘zimizni o‘ylamaymiz, sening kelajagingni ham o‘ylashimiz kerak, deyishyapti. Agar biror klubga ketsang, bundan umuman xafa bo‘lmaymiz deb meni qo‘llab-quvvatlashyapti. Ancha-munchasi bunday yo‘l tutmaydi, qaytanga faqat o‘zimiz olsak bo‘ldi, deyishadi. Sizga rostini aytsam, boshni aylantirib yuboradigan darajada takliflar ko‘p bo‘lyapti. Lekin shoshma-shosharlik bilan ish qilmaslik kerak. Yangi klubga o‘tishimda hamma-hammaga qulay bo‘lishi lozim. Bunday holatda duch kelgan jamoaga ketib qolishim ham yaxshi emas. Hali oldimizda Osiyo chempionati musobaqasi turibdi. Bu esa mening qaysidir klubga ketishimdan ko‘ra muhimroq. Mening bu istaklarimni agentlarim ham to‘g‘ri tushunib turishganidan xursandman.
“Lokomotiv”ning taklifi hammaga, jumladan o‘zimga ham yoqyapti”
- Bilasizmi, “Bunyodkor” klubi, agentlarim va “Lokomotiv” jamoasi bilan muzokaralar ancha paytdan beri yuz berayotgandi. Bunga hattoki bir qancha oylar bo‘ldi. “Lokomotiv” klubi esa menga shunday sharoit yaratib bermoqchiki, masalan, “Benevento”ga dastlab ko‘rikdan o‘tish uchun borgandim. “Lokomotiv” esa men bilan darhol shartnoma tuzmoqchi. Yanada e’tiborlisi, ular bilan shartnoma imzolaganimdan keyin ham yarim yil mobaynida “Bunyodkor”da o‘ynab turaveraman. Chunki hammaga ham mening o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib turganim muhim. Bu zo‘r jamoa ekan deb u erga ketsam-da, ammo zaxirada qolib, o‘yin amaliyotimni yo‘qotishim ham hech gap emas. Shuningdek, istalgan yangi klubda o‘ziga yarasha kuchli raqobat bor, yaxshi saviyadagi legionerlar ham bo‘ladi. Ularga endi moslashishni boshlaganimda esa keyin Osiyo chempionati uchun yana ketishimga to‘g‘ri keladi. Orada yana klubimda o‘z o‘rnimni yo‘qotishim mumkin. Xullas, mana shunday pala-partishliklar yuz berishi mumkin. “Lokomotiv” esa men bilan shartnomani tuzib, “Bunyodkor”da o‘ynab turishimga ruxsat berishadi, orada Osiyo chempionatida ham ishtirok etaman va shundan so‘ng xotirjam yangi klubimga qo‘shilishim mumkin bo‘ladi. Ularning taklifi hammaga, jumladan o‘zimga ham yoqdi. Muzokaralar jarayonida hech kim “ko‘rpachani” o‘ziga tortayotgani yo‘q. Barcha uchun eng qulay yo‘l tanlab olinyapti.
“Beshiktosh”ning nomi jarangdor eshitiladi”
- Masalan, agentlar Ispaniya chempionati, Germaniya Bundesligasidan keyingi o‘rinda turuvchi ligadan va yana boshqa mamlakatlardan takliflarni bildirishdi. Ularning orasida esa aniqroq taklif sifatida shuni aytishim mumkinki, Turkiyaning “Beshiktosh” klubidan chorlov bo‘ldi. Ammo meni undan ham ko‘ra ko‘proq “Lokomotiv” taklifi o‘ziga tortmoqda. Albatta, muxlis sifatida qarasak, “Beshiktosh” nomi jarangdor eshitiladi. Lekin men hali yoshman. Qolaversa, “Beshiktosh”da qanday o‘yinchilar borligini bilaman. Meni o‘zbekistonlik yosh iqtidor egasi deb hisoblasak, u erga borsam darhol “Beshiktosh”ning asosiy tarkibidan joy olmasligim aniq. Ular meni ma’lum muddat boshqa klublarga ijaralarga beribmi yoki o‘z safida zaxirada olib yurib, keyinchalik asosiy tarkibga loyiq, deb topishar. Lekin “Lokomotiv” menga har tomonlama yaxshi taklif bildirmoqda. Keyinchalik menda qaerga ketsam ham asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida yo‘l olish imkoniyati bo‘ladi. Misol uchun Eldor Shomurodovni olaylik, u bugungi kunda “Rostov”ning etakchisiga aylangan. U erda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun bir yil kerak bo‘ldi. Endi bo‘lsa, Shomurodov qaerga ketsa ham yangi jamoasiga asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida ketadi. Agar Rossiya chempionatiga borsam, u erda men uchun til masalasida ham muammolar bo‘lmaydi. Shuning uchun hozirgi paytda men uchun uzoqni ko‘zlab qaror qabul qilish juda muhim.
“Til masalasida qiynalmaslik uchun ham Rossiya chempionati menga qulayroq”
- Avvalo barchasi atrof-muhitga bog‘liq. Oldingizda gaplasha oladigan, yordam beradigan jamoadoshlaringiz bo‘lishi kerak. Masalan, “Benevento”ga borganimda buning qadrini bilganman. Ayniqsa, jamoa ichida muloqot qilish katta rol o‘ynar ekan. Yoshgina yigitchaning boshqa klubga borib birovga hech nima demasdan yurishi bu yaxshi emas. Bunday holatda esa hech kim birinchi bo‘lib sizdan hol-ahvol so‘rab gapirmaydi. Shu bois til masalasi bo‘yicha ham ortiqcha qiyinchiliklarga duch kelmaslik maqsadida Rossiya chempionati menga qulayroq bo‘lib turibdi. Xalqaro aviareyslar ochilishi bilanoq “Lokomotiv” klubidagilar Toshkentga kelishadi.
“Transfer narximning ahamiyati yo‘q”
- Transfer summasining hech qanday ahamiyati yo‘q, deb o‘ylayman. Mening transfer narxim salkam bir million evro ekanligi haqida bilmagandim. Lekin bu masala bo‘yicha ikkala klub o‘zaro kelishib ketishi ham mumkin. Bu shunchaki klublar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv hisoblanadi.
Fikrlar