
"Jamoadagi muhit va muxlislar yoqimli bo‘ldi, faoliyatimni yana "Andijon"da davom ettirish niyatim bor" - Ilhom Alijonov
“Andijon” safida chempionatni ancha sermahsul o‘tkazgan futbolchilar qatoriga Ilhom Alijonov ham kiradi. U himoyachi bo‘lishiga qaramasdan Superligada 19 ta uchrashuvda 3 ta gol urishnining uddasidan chiqdi va 2 ta golli pasni ham amalga oshirgan. O‘zbekiston Kubogida 3 ta bellashuvda ishtirok etdi.
Faqat chempionatning oxirgi turlarida u jarohat tufayli jamoasiga yordam bera olmadi. Hujumkor himoyachini o‘z safida ko‘rishni xohlayotgan klublar ham yo‘q emas. Shu va boshqa savollar bilan Alijonovga murojaat qildik.
- Ilhom, yakuniga etgan mavsum haqida so‘ramoqchiman. Andijon 7-o‘rinni egalladi. Natijadan qoniqdingizmi?
- Bu yilgi mavsum biz uchun, jamoamiz muxlislari uchun a’lo darajada o‘tdi. Natijaga kelsak, albatta qoniqdik. Jamoamiz uchun yaxshi ko‘rsatgich bo‘ldi. Albatta, bundan ham yaxshiroq natijaga erishsak bo‘lardi. Ba’zida yutayotgan paytlarimizda imkoniyatni boy berdik. Shularni hisobga olsak, yanada yuqori o‘rinlardan birini egallashimiz ham mumkin edi. Shunga qaramay, Pro ligadan chiqqan jamoaga 7-o‘rin ham yaxshi natija deb o‘ylayman.
- Himoyachi bo‘lishingizga qaramay, 3 ta gol urdingiz, 2 ta assist amalga oshirdingiz. Ilgari faoliyatingizda bunday sermahsullik bo‘lmagandi. Buni o‘zingiz ham kutmaganmidingiz?
- To‘g‘ri aytasiz, bu yil 3 ta gol urib, 2 ta assistni amalga oshirdim. Har bir futbolchi mavsum oldidan va o‘yinlar oldidan yaxshi niyat qiladi. Gol uraman, golli paslar beraman degan niyatda bo‘ladilar. Xudoga shukr, bundan ham yaxshi bo‘ldi. Bu yilgi mavsumda ancha barqaror o‘ynadik. Oldin bunday bo‘lmagandi. Ha, men ham yaxshi niyat qilgandim. Biroq bunaqa darajada yaxshi bo‘lishini kutmagandim.
- “Andijon”dagi ikki yillik faoliyatingizda sizga eng yoqqan narsa nima bo‘ldi?
- Ikki yillik faoliyatimda eng yoqqan narsa “Andijon”da yig‘ilgan futbolchilar va muhit bo‘ldi. Biz bitta oila bo‘la oldik va yaxshi murabbiylar qo‘li ostida o‘ynadim. Ko‘z tegmasin, jamoamizda ichki muhit a’lo darajada edi. Bundan tashqari, muxlislarimiz haqida gapirish yoqimli va ular o‘zgacha holatda qo‘llab-quvvatlab turdilar. Har bir uchrashuvga boshqacha yangilik yaratishardi. Shu tomonlama ham nihoyatda yoqimli bo‘ldi.
- Eshitishimcha, sizga bir qator takliflar bor. Jumladan, “Navbahor”ning qiziqishi rostdan mavjudmi?
- Ha, albatta, menga 3-4 ta klubdan taklif bor. Ularning orasida “Navbahor”dan ham qiziqish bo‘lyapti. Hali nima bo‘lishi aniqmas.
- “Andijon” bilan yana bir yillik shartnomangiz bor. Shunday ekan, jamoada qolib faoliyatingizni davom ettirasizmi?
- To‘g‘ri, “Andijon” bilan shartnomam ikki yillik. O‘zimni yana “Andijon” klubida qolib faoliyatimni davom ettirish niyatim bor. Hozircha damdamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar