
"Jamoamni tashlab hech qaerga ketmoqchi emasdim" - "So‘g‘diyona"ning javohiri golini Jasur Hasanovga bag‘ishladi. Boisi...
“So‘g‘diyona” ikkinchi davrani ajoyib g‘alaba bilan boshladi. Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda mehmonlar javobsiz 2 ta gol urishning uddasidan chiqdilar.
Ayniqsa, jamoa sardori sifatida maydonga tushgan Javohir Qahramonov o‘yin qahramoniga aylandi. O‘zi dastlabki golni urdi va ikkinchi golga pas berdi.
- Javohir, avvalo ikkinnchi davrani g‘alaba bilan boshlab olganinglar bilan qutlayman. Ayting-chi, “Bunyodkor”ga yangi murabbiy kelgach, jamoa o‘zgarganmi yoki yo‘qmi?
- Ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshlashimiz shart edi. Chunki birinchi davrada ko‘p ochko yo‘qotdik. Shuning uchun jamoamizga g‘alaba zarur edi. “Bunyodkor”ga keladigan bo‘lsak, raqib jamoa yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Ularga omad etishmadi, deb o‘ylayman.
- "So‘g‘diyona" bosh murabbiyi "Bunyodkor"da 3 yil ishlagan va sobiq jamoasini yaxshi bilardi. U sizlarga uchrashuvdan avval qanday ruhlantiruvchi so‘zlarni aytgandi?
- Umuman olganda, tayyorgarligimiz yaxshi bo‘lgandi. Murabbiyimiz jamoani uchrashuvga yaxshi tayyorlagandi, deb hisoblayman.
- Ivan Boshkovich o‘yindan keyin nimalar dedi?
- Albatta, g‘alaba bilan tabrikladi va keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz dedi.
- Bu golingizni va g‘alabani kimga bag‘ishladingiz?
- Golimni Jasur aka Hasanovga bag‘ishlayman. Yaqinda ularni tug‘ilgan kunlari.
- O‘yinning qaysi qismiga kelib g‘alaba qozonishinglarni to‘liq his qildingiz?
- Birinchi taymda yaxshi o‘ynadik, deb o‘ylayman. Ikkinchi bo‘limda esa hisob uchun harakat qildik. Aytib o‘tganimdek, g‘alaba bizga zarur edi. Chunki hali Toshkentda “Bunyodkor”ni yutmagan ekanmiz. Xudoga shukr, bu safar yutdik.
- Uchrashuvda gol urdingiz va golli pasni uzatdingiz. Boz ustiga jamoa sardori sifatida o‘ynadingiz va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga ham aylandingiz. Sizda ishtiyoq yanada kuchlimidi? Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Gol urganimga kelsak, jamoada do‘stlarim bilan birga harakat qildik. Bunga jamoadoshlarimning hissa katta, ularga rahmat.
- “So‘g‘diyona” uchta safarda o‘ynayapti. “Bunyodkor”dan tashqari “Olimpik” va so‘ng “Neftchi” maydonida o‘ynaydi. Bu sizlarga og‘irliq qilmaydimi?
- Yo‘q, og‘irlik qilmaydi. Chunki birinchi davrada biz ham 3 marta uyimizda o‘ynaganmiz (kuladi).
- Eshitishimcha, birinchi davradan keyin xorijga ketishingiz mumkinmidi? Shu rostmi? Qanday takliflar bo‘lgandi va qolishingizga nima sabab?
- Jamoamni tashlab hech qaerga ketmoqchi emasdim. To‘g‘risi, amalda yana shartnomam bor. “So‘g‘diyona”ga ikkinchi davrada ham qo‘limdan kelganicha yordam bermoqchiman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar