
Jamshid Saidov "Buxoro"da vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarmoqda, murabbiylar shtabida esa o‘zgarishlar bor
Yaqinda “Buxoro” klubida texnik direktor vazifasida ish boshlagan Jamshid Saidov parallel ravishda bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajarib turganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqida o‘zi bilan gaplashganimizda ham tasdiqladi. Shu bois ayni paytda mashg‘ulotlarni ushbu mutaxassis o‘tkazmoqda.
Amaldagi bosh murabbiy Muhsin Muhammadiev esa mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgani yo‘q. Hozircha uning klubdan ketgani rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ammo voqealar rivoji shunga qarab ketmoqda.
Buning ustiga murabbiylar shtabida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bunga qadar klubda darvozabonlar murabbiyi vazifasida ishlab kelgan Nurillo Habibov “Buxoro”ni tark etgan. Uning o‘rnini esa Aleksey Roshchin egalladi. O‘z vaqtida u chempionatimizdagi turli klublarda faoliyat olib borgan va O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida ham darvozabonlar murabbiyi sifatida ishlagan. Endilikda esa u “Buxoro”da ish boshladi.
Bundan tashqari, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Augustin Chiritsa ham “Buxoro”da faoliyatini boshlaganini aytish joiz. Ilgari u "Bunyodkor" va "So‘g‘diyona" klublarida ham ishlagan.
Fikrlar