
Jamshid Saidov: Har bir ochko jamoamiz uchun juda qadrli
“Buxoro” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ancha qiziqarli va murosasiz tarzda kechdi. Ikkala jamoa ham xarakter ko‘rsata oldi. 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuv to‘g‘risida buxoroliklar bosh murabbiyi Jamshid Saidov quyidagicha munosabat bildirdi:
- Bilasiz-ku, biz hozir qiyin vaziyatdamiz. Shunga yarasha “Qo‘qon-1912”ga qarshi ham jamoamizni og‘ir uchrashuv kutib turgandi. Garchi birinchi bo‘lib gol urgan bo‘lsak-da, tezkorlik bilan javob golini o‘tkazib yubordik. O‘yinchilarimizga esa muvozanatni ushlab turish etishmadi. Lekin ular harakat qilishdi, bor kuchini berishdi. Buning uchun albatta minnatdorlik bildiraman. Har bir ochko esa jamoamiz uchun o‘ta qadrli. Asta-sekin qiyin vaziyatdan chiqishimiz kerak.
- O‘yin chindan ham jangovor kechdi. Qo‘qonliklar o‘yin oxirlarida ikkinchi golni urgach, jamoangizning mag‘lubiyatdan qutulishiga ishonganmidingiz?
- Futbol 94 yoki 95 daqiqa ham o‘ynaladi. Shuning uchun oxirigacha kurashish kerak bo‘ladi. Albatta, ikkinchi golni o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng, vaziyatni o‘nglashimiz qiyin bo‘ladi, deb o‘ylagandim.
- Garchi “Buxoro” hisobni ochganiga qaramay, ikkita gol o‘tkazib, keyinchalik arang durangga erishdi. Sizningcha, jamoangiz bir ochkoni qo‘lga kiritdimi yoki ikkinchi ochkoni yo‘qotdimi?
- 1:2 hisobida yutqazayotgandik va qo‘shimcha daqiqalarning oxirgi soniyalarida gol urganimiz uchun, albatta qo‘lga kiritilgan bir ochko uchun Xudoga shukr deymiz.
Fikrlar