Jarohati jiddiy emasligi aytilgan Husanov nega o‘ynamayapti?

  • 23 oktabr, 06:29
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Manchester Siti” Angliya Premer-ligasi va Evropa Chempionlar ligasida o‘z qudratini ko‘rsata boshladi. Milliy chempionatda Xosep Gvardiola shogirdlari ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va musobaqa peshqadami “Arsenal”dan atigi uch ochko ortda qolmoqda.

Tecno

Evropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichida ham uchta uchrashuvda ikkita g‘alaba va bir durang bilan reytingda nimchorak finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beradigan kuchli sakkizlikda boryapti.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini esa, bu muvaffaqiyatli jarayonda Abduqodir Husanovning ishtirok etmayotgani xavotirga sola boshladi. 21 yoshli himoyachimiz 21 sentyabr kuni “Arsenal” bilan bo‘lgan to‘qnashuvda shikastlanganidan keyin Xosep Gvardiola uning jarohati jiddiy emasligini va uchta uchrashuvdan keyin safga qaytishini e’lon qilgandi.

Ammo vaziyat o‘zgarib ketdi. Abduqodir avval aytilganidek, 5 oktyabrdagi o‘yinda ham, yana hamma kutgan ikki haftalik xalqaro tanaffusdan keyingi uchrashuvlarda ham ko‘rinish bergani yo‘q. Legionerimiz APLda uchta va Evropa Chempionlar ligasida ikkita uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.

Bu muddat ichida “Manchester Siti”ning deyarli barcha jarohatlangan o‘yinchilari safga qaytib ulgurdi.

Chempionlar ligasi doirasida Ispaniyada “Vilyarreal”ga qarshi o‘tkazilgan oxirgi  bahsga “shag‘arliklar”dan  faqatgina Rodri Ernandes hamda Abduqodir Husanov jalb etilmadi. Ular Manchesterda qolib, uchrashuvni masofadan kuzatib bordi.

“Vilyarreal” bilan bahsda manchesterliklar Erling Xoland va Bernardu Silvaning gollari evaziga 2:0 hisobida zafar quchgan bo‘lsa-da, o‘yin yo‘qotishlarsiz bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida jarohat olgan Niko Gonsales 57-daqiqada maydonni tark etdi. Ahamiyatlisi shundaki, Niko jarohati tuzalmagan “Oltin to‘p” sohibi Rodrining pozitsiyasini yopib kelayotgan edi.

- Niko oyog‘idan zarba edi. Uning jarohati jiddiy emasligiga umid qilaman, - dedi Xosep Gvardiola uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatdi.

“Manchester Siti” lazareti hozir ancha bo‘shagan. Biroq, qachon maydonga qaytishi mavhum bo‘lib turgan Rodri va Abduqodir Husanov jamoadagi asosiy figuralardan hisoblanadi va har ikkisining o‘rnini bosish oson emas. Endi ular qatoriga Niko Gonsales ham qo‘shildi.

“Shaharliklar” faoliyatini kuzatib borayotgan cityxtra.co.uk portali ekspertlari Xosep Gvardiola jamoa ichidagi vaziyat haqida ma’lumot berishini ta’kidladi.

-  Xosep Gvardiola “Aston Villa” bilan bo‘ladigan o‘yinda ishtirok etish uchun Bermingemga yo‘l olishidan avval, ya’ni juma kuni jamoadagi vaziyat, xususan, jarohatlangan o‘yinchilar, Niko Gonsales, Rodri va Abduqodir Husanovning ahvoli haqida oxirgi ma’lumotlarni beradi, - deb yozmoqda cityxtra.co.uk portali eksperti Vayam Laxoti.

Premer-liganing to‘qqizinchi turidan o‘rin olgan “Aston Villa” va “Manchester Siti” uchrashuvi 26 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.

Kannavaro O‘zbekiston termasini boshqarayotganiga e’tiroz bo‘ldi! Fanatlar boshqa fikrda

Mbappe Shomurodovning o‘yinlarini kuzatyaptimi?

“Manchester Siti”ning Husanov bo‘yicha yakuniy qarori ma’lum bo‘ldi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!