
Jarohatlagan o‘yinchining qaytishi, muxlislar bilan uchrashuv yoxud Yorqin Nazarovning ilk mashg‘uloti qanday o‘tdi? (foto)
Xabaringiz bor, kuni kecha “Andijon” klubida bosh murabbiy o‘zgargan bo‘lib, Otabek G‘ulomxo‘jaevning o‘rnini vaqtinchalik Yorqin Nazarov egalladi.
Bugun futbolchilar yangi bosh murabbiy boshchiligida “Bobur arena”da ilk mashg‘ulotni o‘tkazdilar. Kecha Nazarov sports.uz caytiga bergan intervyusida jamoaning o‘yin uslubini o‘zgartirishi va hujumkor futbol ko‘rsatishi tarafdori ekani haqida alohida aytib o‘tgandi. Ta’kidlash joizki, dastlabki mashg‘ulotdan jamoa a’zolari hujumkorlikni oshirish ustida ishladilar.
Klub matbuot xizmatining bergan xabariga ko‘ra, mashg‘ulotda futbolchilarning kayfiyati yaxshi ekanligi aytilgan.
Murabbiylar shtabida boshqa o‘zgarish kuzatilmagan. Birgina G‘ulomxo‘jaev klubni tark etgan. Yorqin Nazarovga Doniyor Usmonov ko‘maklashmoqda. Shuningdek, yaqinda taklif qilingan Aleksandr Kit darvozabonlar murabbiyi sifatida ishga kirishgan. Aytish joizki, jamoaning zaif nuqtalaridan biri aynan darvozabonlar masalasi bo‘lib turibdi. Bu borada Kit “Andijon”dagi posbonlar bilan jiddiy shug‘ullanishga kirishgan.
Bundan tashqari, mavsum avvalida “Andijon” bilan shartnoma imzolagan, biroq qishki yig‘in chog‘ida jarohat olib safdan chiqqan himoyachi Mirkomil Lokaev ham nihoyat jamoa ixtiyoriga qaytdi va mashg‘ulotlarda ko‘rinish berdi.
Yorqin Nazarov boshchiligidagi birinchi mashg‘ulotni kuzatish uchun ko‘plab muxlislar stadionga kelishdi. Mashg‘ulotdan keyin esa futbolchilar bilan ishqibozlar o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Jamoaning oxirgi o‘yinlardagi natijalaridan kelib chiqib andijonlik muxlislar qattiq tashvishga tushib qolishganini, endilikda ochko yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmaslik juda muhim ekani haqida gap borgan. Shu bilan birga muxlislar jamoaning vaqtinchalik bosh murabbiyi Yorqin Nazarovga omad tilab, futbolchilarni doimo qo‘llab-quvvatlashini takidlashdi.
Eslatib o‘tamiz, Superliganing 7-tur doirasida "Andijon" klubi 5 may kuni o‘z maydonida "Qo‘qon-1912" jamoasini qabul qiladi.
Fikrlar