
Jasur Abduraimov: Umid qilamanki, futbolchilar "boksingdey"da muxlislarni xursand qilish uchun o‘zlarida kuch topadilar"
AGMK – “Metallurg” (2:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Jasur Abduraimov o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
- Bugun muxlislar haqiqiy derbining shohidi bo‘lishdi, deb o‘ylayman. Ikkala jamoa ham hujumkor, kombinatsion futbol namoyish etishga harakat qildi. Cho‘zilib ketgan tanaffusdan keyingi ilk rasmiy uchrashuvga olmaliqliklar tezroq moslashishdi.
Qolaversa, omad ham maydon egalari tomonida bo‘ldi. Ular yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishdi. Bizda esa aksincha. Ba’zan qulay vaziyatlarda yakuniy zarbalarimiz aniq chiqmadi. Mo‘ljalni aniq olganimizda esa AGMK himoyachilari va darvozaboni matonat ko‘rsatishdi. Bir qator futbolchilarimizdagi mikrotravmalar ham bizga pand berdi. Zaxira o‘rindig‘imizning torligi haqida esa tinimsiz aytib kelyapman.
Olmaliqliklarni g‘alaba bilan tabriklayman. Biz esa ishlashda davom etamiz. Ketma-ket ikkita uchrashuvni endi uyda o‘tkazamiz. Har uch kunda maydonga chiqishimiz kerak. Garchi uyda o‘ynasak-da oson bo‘lmasligini bilamiz. Raqiblarimiz o‘ta jiddiy – “Nasaf” va “Navbahor”. Umid qilamanki, yigitlar “boksingdey”da muxlislarni xursand qilish uchun o‘zlarida kuch va shijoat topa olishadi, - deydi Jasur Birodarovich.
"Metallurg" matbuot xizmati.
Fikrlar