
JCh-2022 saralashidagi raqiblarimizga qarshi o‘yinlardagi natijalarimiz qanday?
JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi "D" guruhidan joy oldi. Saudiya Arabistoni, Falastin, Singapur va Yaman terma jamoalari bilan ushbu guruhda kuch sinashadigan bo‘ldi.
Rossiyada bo‘lib o‘tgan 2018 yilgi jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichida ham terma jamoamiz Yaman va Falastin termalari bilan bir guruhdan o‘rin egallagan edi.
Bungacha terma jamoamiz Saudiya Arabistoni termasiga qarshi 10 bor maydonda bahslashgan. 4 ta g‘alaba, bitta durang va 5 ta mag‘lubiyatga uchragan. Saudiyaliklar darvozasiga 13 bor yo‘l topgan termamiz o‘z darvozasidan 21 ta to‘p olib chiqqan. Arablar termasiga qarshi eng yirik g‘alabamiz 1994 yilning 2 oktyabr sanasidagi 4:1 hisobi va 2008 yilning 26 mart kungi 3:0 hisobi bo‘lgan. 2000 yil 20 oktyabr sanasida Saudiya Arabistoniga 5:0 hisobida terma jamoamiz yutqazgan. Bu arablardan uchragan eng yirik mag‘ubiyatimizdir.
Falastin termasiga qarshi 4 bor maydonga tushib barchasida zafar quchganmiz. 1:0, 2:0 va 2 marta 3:0 hisobida g‘alaba qozonganmiz. Umumiy to‘plar nisbati 9:0 ko‘rinishini bermoqda.
Singapur termasi bilan 2 marotaba maydonga tushgan termamiz 7:3 va 1:0 natijalari bilan raqibini taslim etgan. Viktor Karpenko, Timur Kapadze, Vitaliy Denisov, Aziz Ibragimov, Maksim Shatskix bittadan va Jeparov 2 bor gol urgan. Javob uchrashuvidagi yagona golga esa Aleksandr Geynrix mualliflik qilgan.
Yaman termasiga qarshi 4 ta bellashuvni o‘tkazib, barchasida g‘olib bo‘lgan terma jamoamiz ushbu o‘yinlarda 10 ta gol urib, 2 bor o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan. Ushbu o‘yinlar 2 marotaba 1:0, bir marotaba 3:1 va yana bitta yirik 5:1 hisobi bilan tugagan.
O‘zbekiston termasi Saudiya Arabistoni, Singapur, Falastin va Yaman termalariga qarshi ko‘rib turganingizdek umumiy 20 bor maydonga tushgan. 14 g‘alaba, 1 durang va 5 mag‘lubiyat. To‘plar farqining umumiy ko‘rinishi 40-26 hamyurtlarimiz foydasiga.
Fikrlar