
"Jenoa" bosh murabbiyi "Inter"ga boy berilgan uchrashuv haqida nimalar dedi?
Italiya A Seriyasining 24-turi doirasida "Jenoa" "Inter" maydoniga safar qilib, yirik hisobdagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Uchrashuvdan keyin tashkillashtirilgan matbuot anjumanida "griffonlar" ustozi Davide Ballardini quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Biz "Jenoa"ni yaxshi formada ushlab turishimiz lozim. O‘zimizga bo‘lgan ishonchni ushbu mag‘lubiyat sabab yo‘qotmasligimiz kerak. Boisi, "Inter" A Seriyaning eng zo‘r jamoasi.
Biz shu paytgacha erishib kelgan natijalarimizda xursandmiz. Ammo oldinga qadam tashlashda davom etishimiz kerak. Aks holda, yoqimli natijalarimiz tezda unut bo‘lib ketishi mumkin.
Bu o‘yin jamoam uchun katta sinov bo‘ldi. Ular o‘zlarini texnik va jismoniy tarafdan kuchli futbolchilarga qarshi sinab oldi. Biz o‘z o‘yinimizni "San Siro"da namoyish etishga qiynaldik.
Yaxshi natijalarga erishishning yagona yo‘li - ertangi kunni yaxshi holatda kutib olish va mashg‘ulotlarni davom ettirish. Bizning bor e’tiborimiz yaxshi futbol namoyish etishga qaratilgan.
Biz derbida tarkibimizni birmuncha o‘zgartiramiz. Ammo maqsadimiz o‘yin uslubimizni aslidagidek saqlab qolish", - dedi Ballardini.
Fikrlar