
"Jenoa"ning eng qimmat futbolchilari beshligi. Ro‘yxatda Shomurodov bormi?
Transfermarkt.de saytiga tayanib, A Seriya a’zosi "Jenoa"ning eng qimmat 5 ta futbolchisi haqida ma’lumot beramiz. E’tiborli tomoni, englar qatorida Eldor Shomurodov ham joy olgan.
Ro‘yxatning beshinchi pog‘onasidan jarohati sabab, maydonga tusholmayotgan Stefano Sturaro joy olgan. Transfer narxi 6 mln evroga baholangan markaziy yarim himoyachi o‘tgan yili "Yuventus"dan 16,5 mln evroga xarid qilingan. Aslida, 27 yoshli futbolchi genuyaliklarning tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Portugaliyaning "Sporting" klubida yarim mavsum to‘p tepgan futbolchi faoliyatini asosan, "Yuventus" va "Jenoa" klublarida o‘tkazgan.
Bu borada, nemis sayti Shomurodovning narxini 6,5 mln evroga baholagan. Italiya klubi 25 yoshli forvardni katta umidlar bilan Rossiyaning "Rostov" klubidan 7,5 mln evro va qo‘shimcha bonuslar evaziga sotib oldi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi "Verona" va "Inter"ga qarshi o‘yinlarda maydonga tushishga ulgurdi. Afsuski, hujumchimiz jarohati sababli muhim o‘yinlarda klubiga yordam berolmayapti.
Uchinchi o‘rinni mashhur darvozabon Mattia Perin egalladi. Uning Transfermarkt.de saytida berilgan bahosi 7,5 mln evrodir. Faoliyati davomida Italiya kubogi va superkubogini qo‘lga kiritgan mohir posbon A Seriya chempionligiga ham erishgan. Perinning transfer huquqi "Yuventus"ga tegishli hisoblanadi. "Jenoa" uni mavsum so‘ngigacha ijaraga olgan.
O‘ng qanot himoyachisi Davide Dzappakostaning narxi 10 mln evroga teng. U jamoasining eng qimmat futbolchilar short-listida ikkinchi pog‘onaga joylashgan. Angliya kubogi va Evropa ligasida zafar quchgan futbolchi yozda "Chelsi"dan ijaraga olib kelindi. Joriy mavsum A Seriyada 2 marta maydonga tushdi va koronavirus kasalligiga chalingani tufayli qolgan bahslarda ishtirok etolmadi.
Shomurodovning jamoasidagi eng qimmat futbolchi 21 yoshda! 13,5 mln evrolik Luka Pellegrini chap qanotda harakat qiladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, 2019 yilning yozida "Yuventus" tomonidan 22 mln evro evaziga xarid qilingan. "Roma"da porlagan yarim himoyachi "Jenoa"da ijara asosida to‘p tepmoqda. Italiya kubogi g‘olibi bo‘la olgan Pellegrini mashxur agent Mino Rayolaning mijozi hisoblanadi.
Ko‘rib turganingizdek, tarkibni ancha yildan beri faoliyati olib borayotgan va "qarib qolgan" futbolchilar o‘rnini "yangi qon" bilan to‘ldirishni jamoa rahbariyati tushunib etgan chog‘i. Genuyaliklarning "Yuventus" bilan aloqalari yaxshi ekanligini ta’kidlab o‘tish joiz. Bundan tashqari, jamoa asosini ijaraga olib kelingan futbolchilar bilan shakllantiradi. Umumiy hisobda, klubning 18 nafar futbolchisi ijara asosida tarkibni to‘ldirgan. "Jenoa" yozda Shomurodov va yana 4 ta futbolchini sotib oldi va Nikola Rovellani klubning akademiyasidan asosiy jamoaga o‘tkazdi.
Fikrlar