BEPUL PROPAN

Ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi sentyabr oyidagi FIFA kunlaridan unumli foydalangan holda o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Vakillarimizga Kamerun MTJ raqiblik qiladi. Odatdagidan farqli ravishda, o‘yin 11:00 da start oladi. Xo‘sh, mister Katanets mazkur bahsda kimlarni asosiy tarkibda maydonga tashlashi kutilmoqda? Quyida shu haqda fikr yuritamiz.

Darvozabon borasida ko‘pchilikda variant bitta - O‘tkir Yusupov. Boisi u so‘nggi paytlarda MTJning asosiy posboni bo‘lib ulgurdi. "Navruz Cup" turnirida ham, Osiyo Kubogi saralashida ham aynan "Navbahor" kiperi milliy jamoa postini qo‘riqladi. Murabbiy bu bellashuvga ancha jiddiy yondashgani, tavakkal qilmaslik odatini hisobga olsak, Yusupov hali ancha payt o‘z o‘rnini hech kimga bermaydi. Aslida, O‘tkir shu o‘ringa haqli ham.

Himoyada o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan ikkita pozitsiya bor. Birinchisi mudofaa markazi. Aniqrog‘i, Rustam Ashurmatovga kim sherik bo‘lishi kun tartibidagi masala hisoblanadi. Nega, Rustamga asosiy tarkib kafolatlanganmi? Umuman olganda yo‘q! Lekin murabbiyimiz Kamerun haqida fikr bildirganda birinchi bo‘lib ularning jismoniy holati va bo‘yi balandligiga to‘xtaldi. Demak, unga baland bo‘yli, elkama-elka kurashlarda imkoniyatni boy bermaydigan himoyachilar kerak. Koreyaga borgan tarkibdagi fulbeklar orasida Ashurmatov bu talabni birinchi bo‘lib bajaradi. U hujumdagi sheriklarini qo‘llab-quvvatlash borasida benazir bo‘lmasa-da, mudofaani ishonchli ushlab bera oladi.

mtj himoya

Ikkinchi himoyachi pozitsiyasi uchun 4 ta nomzod bor: Husniddin Aliqulov, Umar Eshmurodov, Islom Qobilov va Abdulla Abdullaev. Yuqoridagi kriteriyalarga eng mos tushadigan variant kim? Menimcha, siz ham "Aliqulov" degan javobni berdingiz. Husniddin Eshmurodovdan yosh, Qobilovdan mahoratli, Abdullaevdan gavdali va funktsiyalari ko‘proq. U "Nasaf" libosida kezi kelsa, Husain Norchaev bilan birga hujumda to‘p kutadi, ikkinchi qavatdan kelayotgan paslar aksariyat vaziyatlarda uning manzili tomon yo‘llanadi. Yana bir jihatni unutmaslik kerakki, Husniddin va Rustam 4-5 yildan keyingi O‘zbekiston MTJ mudofaasi uchun ideal tandem hosil qilishi mumkin. Xuddi Ramos-Varan juftligida bo‘lganidek, biri hujumga o‘tgan vaqtda boshqasi himoyani "straxovka" qiladi. Balki mister Srechko ham buni inobatga olgandir.

O‘ng qanot himoyachisi borasida hech kimda hech qanday shubha bo‘lmasa kerak. Hojiakbar Alijonovni bugungi milliy jamoaning Trent Aleksander-Arnoldi deb bemalol aytsak bo‘laveradi. Uning jarima maydoniga oshiradigan uzatmalari ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay oladigan Shomurodov hamda Sergeev uchun juda qo‘l kelishini kutyapman. Boz ustiga, u ayni paytda ideal formada va o‘z funktsiyalarini ko‘paytiryapti. Uning pozitsiyasidan-ku, ko‘ngil xotirjam, ammo chap qanotda kim o‘ynaydi?

Bizda quyidagi variantlar bor: Farrux Sayfiev, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Sherzod Nasrullaev. Agar Jaloliddin Masharipov Koreyadagi yig‘inda ishtirok etayotgan bo‘lganida, Sayfiev so‘zsiz maydonda bo‘lardi. Chunki uning Jaloliddin bilan tandemda qanday o‘yinlar ko‘rsatishi barchamizga ma’lum. Ammo "Paxtakor"dagi oxirgi mavsumlar ham ko‘rsatyaptiki, Farruxga qanotda yaxshi sherik kerak. Bu borada Katanetsda boshqa echim bor: chap qanotda Nasrullaev-Bozorov juftligidan foydalanish. Nega yo‘q? Har ikki futbolchi tezkor, sifatli pas bera oladi, jarima maydoniga yorib kirishi mumkin. Bu "svyazka" bosh murabbiyga qanotni "yondirib tashlash" imkoniyatini taqdim etadi. Bizda yana bir tanlov bor, bu - Ibrohimhalil Yo‘ldoshev! Iste’dodli legionerimiz tezlik bobida raqobatchi akalaridan qolishmaydi, "pushka" zarbasi ko‘p hollarda qo‘l keladi. "Nasafchilar" (Nasrullaev-Bozorov) kabi "Paxtakorchilar" (Yo‘ldoshev-Erkinov) ham mister Srechkoning tanlov imkoniyatlarini kengaytiradi. Ayniqsa, ular bellashuvning 60-daqiqasidan keyin maydonga tashlansa, yanada xavfliroq kuchga aylanadi. Demak, asosiy tarkib uchun Nasrullaev variantida to‘xtaldik.

nasrullaev terma

Sxemaning bu hududida murabbiy "almashtirib bo‘lmas" deb hisoblaydigan ikki futbolchi bor: Otabek Shukurov va Odil Hamrobekov. Ularning har ikkisi tajribali, jamoa haqiqatan tayansa bo‘ladigan yarim himoyachilar hisoblanadi. Shukurov yangi klubi tarkibida ko‘proq ijodkorlik vazifasini bajarmoqda, Shatskix "Paxtakor"ni qabul qilib olganidan so‘ng Odilni ko‘proq sof tayanch pozitsiyasida o‘ynatyapti. 

Qanotlar tomon biroz harakat qilamiz. Tarkibda o‘ng qanot nominal hujumchisi pozitsiyasida birgina Aziz Turg‘unboev bor. To‘g‘ri, qolganlar ham o‘ynay oladi, ammo Aziz nominal o‘ng qanot vineri sanaladi. Uning asosiy tarkibda tushish ehtimoli yuqori. Qarama-qarshi tomonda nomzodlar ko‘proq. Agar boya ta’kidlaganimdek, Sherzod Nasrullaev maydonga tushsa, Oybekning ham ilk daqiqalardan o‘ynashi haqiqatga ancha yaqin. Undan bo‘lmasa, bu pozitsiyada Shahboz Umarov va Hojimat Erkinov ham harakat qilishi mumkin. Erkinov varianti ko‘proq ma’quldek ko‘rinmoqda. Mister Katanetsning o‘zi kamerunliklarning baland bo‘yli ekanini ko‘p marta ta’kidladi. Bu holatda nisbatan tezkorroq va elkama-elka kurashlarda yaxshiroq harakat qiladigan Hojimat biroz ustunroq, nazarimda.

O‘tgan yig‘inlarda bosh murabbiyimiz Aziz Amonovni tarkibga jalb etib, "yolg‘onchi to‘qqizlik" pozitsiyasida o‘ynatayotgandi. Bu safar Aziz Koreyaga olib ketilmadi, ro‘yxatda ikkita forvard keltirilgan. Agar Katanets uslubini o‘zgartirmaydigan bo‘lsa, Eldor Shomurodov hujumchi ortida, Igor Sergeev markaziy hujumchi sifatida harakat qiladi.

shoma sardor mtj

Demak, quyidagi futbolchilar O‘zbekistonning Kamerunga qarshi bellashuvini asosiy tarkibda boshlashi kutilmoqda:

O‘tkir Yusupov

Hojiakbar Alijonov
Rustam Ashurmatov
Husniddin Aliqulov
Sherzod Nasrullaev

Odil Hamrobekov
Otabek Shukurov
Aziz Turg‘unboev
Oybek Bozorov

Eldor Shomurodov
Igor Sergeev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
22/09/2022 14:29
Birinchidan. 2 hujimchi tashlash ahmoqlik. chunki urta bushap qoladi. sahal fudbolga mos qilib taktika tuzingla. keyin. urta tayanch nuqta. yahshi bulmasa hammasi bi foyda