Kannavaro mundialdagi raqiblar Kolumbiya va Portugaliya haqida fikr bildirdi
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bo‘lajak Jahon chempionati oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Quyida uning La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusidan parchalar bilan tanishishingiz mumkin.
Italiya Jahon chempionatiga chiqa olmadi. Nima uchun?
"Chunki Italiya Bosniyadan qo‘rqdi. Bizda Donnarumma, Kalafiori, Bastoni, Barella, Tonali kabi futbolchilar bor. Bosniyaga yutqazishimiz mumkinligiga ishonish men uchun qiyin. Keyinchalik esa yoshlar rivojiga sarmoya kiritishni to‘xtatdik. Biz himoyadan hujum qurishga urinuvchi futbolchilarni tayyorlayapmiz, ammo italiya futbol maktabini unutib qo‘yayapmiz."
2006 yildagi Italiya terma jamoasiga munosib hozirgi futbolchi kim?
"Tonali. U menga juda yoqadi."
O‘zbekiston qanchalik "italyancha" jamoa?
"Birinchidan, forma ko‘k rangda. Ikkinchidan, jamoada 13 nafar italyanlik bor. Ular orasida murabbiylar shtabi, fizioterapevtlar va endi bosh oshpaz ham bor. O‘yinlardan keyin menyuda pitsa bo‘lishi yoqimli yangilik bo‘ladi."
Guruhda Portugaliya va Kolumbiya bor. Bu guruhdan chiqish qanchalik qiyin?
"Agar Portugaliyaning yarim himoyasiga qarasangiz, videoni ikki soniyadan keyin o‘chirib qo’yasiz. Agar Kolumbiyaga qarasangiz, o‘n soniyadan keyin. Biz esa oldinga qarab ketaveramiz. Yo‘qotadigan hech narsamiz yo‘q va kurashda davom etamiz."
Jahon chempionatining syurpriz jamoasi yoki futbolchisi kim bo‘lishi mumkin?
"Vinsentso Montella boshqaruvidagi Turkiya. Futbolchilar orasida esa Husanov. U men kabi markaziy himoyachi, juda kuchli va hali ancha o‘sishi mumkin."
Murabbiylik faoliyatingizdagi eng qiyin davr qaysi bo‘lgan?
"2021 yilda Xitoydan qaytganimda. Men u yerda yaxshi ishladim deb o‘ylagandim, ammo g‘oy qilgan ishlarimning qadri bo‘lmadi. Hech kim menga qo‘ng‘iroq qilmadi. Keyin 'Benevento'ga, V Seriyaga bordim va bu xato bo‘ldi. 'Udineze'da ham murabbiylik faoliyatim oson kechmadi. Hali ham nega bunday bo‘lganini tushunmayman."
O‘zingizni 20 yildan keyin qaerda ko‘rasiz?
"Hali ham murabbiy sifatida. Men Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lish uchun ishlayapman."
2006 yildagi Jahon chempionati finalida Grosso penalti tepganidan keyin navbat kimga kelishi kerak edi?
"Toni va Yakuintaga. Men bilan Gattuzo esa oxirida edik, hatto Buffondan ham keyin. Menimcha, men oxirgidan bitta oldinda bo‘lganman. Rino (Gattuzo) esa penalti tepish o‘rniga meni qo‘rqitib qo‘ygan bo‘lardi."

Fikrlar