
Karatechilarimiz hindistonlik sportchi va murabbiylarga master-klass ko‘rsatishdi
O‘zbekistonlik karatechilarning Osiyoda o‘ziga xos obro‘-e’tiborga ega ekanligi barchaga ma’lum. Shu bois ham qit’amizning ko‘plab mamlakatlari karatechilarimiz, sportchilar bilan tajriba almashish, birgalikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etish istagini bildiradilar.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytining xabar berishicha 20-21 dekabr kunlari poytaxtimizda hindistonlik karatechilar uchun mahorat saboqlari tashkil etildi. Ikki kun davomida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi O‘ktam Bekpo‘latov Hindistondan tashrif buyurgan karatechilar va ularning murabbiylariga mahorat darslarini o‘tib berdi. Mazkur yig‘in orqali sportchilar 2019 yilgi A Seriya, Premer-liga musobaqalari oldidan o‘ziga xos tajriba to‘pladilar desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tashrif davomida mehmonlar O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi raisi Alamjon Mullaev bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, karateni yanada rivojlantirish va boshqa masalalarni muhokama qilishdi. Tomonlar yana uch oydan so‘ng Toshkent shahrida navbatdagi mahorat saboqlarini qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldilar.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ilk marotaba karate bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinadi.
Fikrlar