Kartochkalar borasida kim etakchi? Ronaldu yoki Messi?
Leo o‘zining klub safidagi 753 uchrashuvida ilk qizil kartochkasini oldi. Superkubokning so‘nggi daqiqalarida argentinalik futbolchining asablari dosh berolmay qoldi. Oqibatda, u raqib yuziga zarba berib yubordi. Tez orada bu kartochka Messini nechta uchrashuvga chetlatishini bilib olamiz. Ma’lumotlarga qaraganda, bu raqam 4-12 o‘yin atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
To‘g‘ri, aslida Leo qizil kartochka bilan birinchi marotaba to‘qnash kelmayapti. Bunga qadar, futbolchi necha bor sariq va qizil kartochka olgan. Bu ko‘rsatkichlarni uning azaliy raqobatchisi Krishtianu Ronalduniki bilan solishtirsa nima bo‘ladi? Bugun shu savollarga javob berishga urinib ko‘ramiz.
Sariq kartochkalar
Ronaldu - Messi 124:86

Bu yigitlar hujum tashkil etish va uni yakunlash uchun ma’sul. Shu bois, bu kartochkalarining barchasi hissiyotlarni jilovlay olmagan epizodlardan esdalik bo‘lib qolgan desak, adashmagan bo‘lamiz. Ronaldu qiziqqon futbolchi. Shuning uchun, uning hakamlar bilan dialoglari ko‘pincha sariq kartochka bilan yakun topadi. Leo esa, ancha bosiq. Ayniqsa, argentinalik futbolchi yoshlik chog‘ida raqiblarning agressiv harakatlariga umuman e’tibor bermas edi. Ulg‘aygach, o‘zi uchun ishlatilgan follarning birortasini bosiqlik bilan qabul qilmaydigan bo‘lib bormoqda.
Qizil kartochkalar
Ronaldu – Messi 11:3

Leo professional darajadagi o‘zining deyarli 900 o‘yinida 3-qizil kartochkasini oldi. E’tiborlisi shundaki, Leo bundan 14 yil avval qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgan edi. Bu vaqt oralig‘ida Krish naqd 10 bor uchrashuvni erta yakunlashga ulgurdi. Portugaliyalik futbolchining hisobida 11 ta qizil kartochka mavjud. Ularning barchasi klub safida olingan. Ronaldu terma jamoasini hali biror marotaba og‘ir ahvolda tashlab ketmagan.

Shunday bo‘lsa-da, uni terma libosida o‘zgacha futbolchi, deb bo‘lmaydi. 24 sariq kartochka bejiz ko‘rsatilmagan. Messi esa, uning tamomila aksi. Shu kunga qadar, Leo 2005 va 2019 yilda terma jamoa safida maydondan chetlatilgan edi.
Qizil kartochkalar ketma-ketligi
1. Ronaldu — 15 may 2004 yil. APL. «Aston Villa» — MYu (0:2)
2. Messi — 15 avgust 2005 yil. Vengriya — Argentina (0:2)
3. Ronaldu — 14 yanvar 2006 yil. APL. «Manchester Siti» — MYu (3:1)
4. Ronaldu — 15 avgust 2007 yil .APL. «Portsmut» — MYu (1:1)
5. Ronaldu — 30 noyabr 2008 yil. APL. «Manchester Siti» — MYu (0:1)
6. Ronaldu — 5 dekabr 2009 yil. La Ligi. «Real» — «Almeriya» (4:2)
7. Ronaldu — 24 yanvar 2010 yil. La Ligi. «Real» — «Malaga» (2:0)
8. Ronaldu — 17 may 2013 yil. Qirol kubogi. «Real» — «Atletiko» (1:2)
9. Ronaldu — 2 fevral 2014 yil. La Ligi. «Atletik» — «Real» (1:1)
10. Ronaldu — 24 yanvar 2015 yil. La Ligi. «Kordoba» — «Real» (1:2)
11. Ronaldu — 13 avgust 2017 yil. Ispaniya superkubogi. «Barselona» — «Real» (1:3)
12. Ronaldu — 19 sentyabr 2018 yil. EChL. «Valensiya» — «Yuventus» (0:2)
13. Messi — 6 iyul 2019 yil. Kopa Amerika Argentina. — Chili (2:1)
14. Messi — 17 yanvar 2021 yil. Ispaniya superkubogi. «Barselona» — «Atletik» (2:3)

Fakt va statistikalar
- Ronaldu va Messi o‘zining ilk qizil kartochkalarini 15-sanada va 15 oy farq bilan olgan.
- Leo Messi «Barselona» safida bir bor, terma jamoa libosida 2 bor maydondan chetlatilgan. Ronaldu esa, «Real»(6), «Manchester Yunayted» (4), va «Yuventus» (1) klublari libosida o‘yindan chetlashtirilgan.
- Leo o‘zining Argentina terma jamoasidagi debyut uchrashuvida 64-daqiqada hakam tomonidan chetlatilgan. E’tiborlisi shundaki, 18 yoshli Messi maydonga tushganidan 18 daqiqa o‘tib, uni tark etishga majbur bo‘lgan.
- Krishtianu ham debyut uchrashuvda o‘yindan chetlatilish nima ekanligini yaxshi biladi. U «Yuventus» safidagi o‘zining EChL doirasidagi ilk uchrashuvida qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgan. «Valensiya»ga qarshi bahsda portugaliyalik futbolchi maydonda atigi 29 daqiqa harakat qilgan.
- Ronaldu "Manchester derbisi"da ikki bor o‘yinni qolganlardan ertaroq yakunlashga majbur bo‘lgan. Hujumchi boshqa birorta derbida qizil kartochka olmagan.
- Messi olgan qizil kartochkalarning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Bu ko‘rsatkich Ronalduda 7 taga teng. Shuningdek, Krish 4 bor ikkinchi sariq kartochka sababli maydondan chetlatilgan.

Fikrlar