
Katanets rotatsiya qilishdan qo‘rqmoqdami yoxud terma jamoa yig‘inidan chetda qolgan futbolchilar
Biroz avval O‘zbekiston terma jamaosining Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tadigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotiga chaqirilgan futbolchilar ro‘yxati e’lon qilindi.
Yig‘inga chaqirilgan 23 nafar futbolchi bilan tanishgach, bizda bu borada ba’zi bir savollar paydo bo‘ldi.
Xabaringiz bor, milliy jamoamiz sentyabr oyidagi yig‘in doirasida jahon chempionatining ikki ishtirokchisi – Kosta-Rika va Kamerun bilan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Jaloliddin Masharipov jarohati sabab ushbu bahslarni o‘tkazib yuboradi. Srechko Katanets bu futbolchining o‘rniga “Ordabasi” futbolchisi Shahboz Umarovni tarkibga jalb qildi. Ammo ushbu futbolchining o‘rnini bosa oladigan yarim himoyachilar Superliga klublarida ham etarlicha topiladi. Ulardan biri Jamshid Iskanderov. Futbolchining “Navbahor” safida ko‘rsatayotgan so‘nggi o‘yinlaridan keyin yig‘inga chaqirilishi kutilgan edi. Biroq Katanets Jamshidni sinab ko‘rishni istamadi. Taqqoslash uchun: Umarov “Ordabasi” safida 9 ta o‘yin o‘tkazdi va ikki golli uzatma amalga oshirdi. Jamshid Iskanderov esa ushbu mavsum o‘z hisobiga 3 ta gol va 5 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.
Shuningdek, ushbu mavsum aytarli maydonda ko‘rinish bermagan Oston O‘runovning ham MTJdan chaqiruv olishi biroz o‘ylantiradi. Ha, futbolchining nimalarga qodir ekanligini yaxshi bilamiz. Biroq u yaqinda “Ural” safiga qo‘shildi va hozirda uning sport formasini zo‘r deb bo‘lmaydi.
Bilasiz, BAA chempionati ham so‘nggi yillarda kuchayib bormoqda. Klublar o‘z safiga ko‘plab legionerlarni jalb qilib, musobaqaning intrigasini yanada oshishiga sababchi bo‘lmoqda. Dubayning “Al-Ahli” klubi safida esa bir paytlar U23 jamoamizning etakchi futbolchilaridan biri bo‘lgan va keyinchalik jarohat sabab milliy jamoaga chaqiruv olmayotgan futbolchimiz Azizjon G‘aniev to‘p tepadi. Hozirda G‘anievning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar yo‘q. BAA chempionati yaqinda boshlandi. Hozirgacha “Al-Ahli” uch uchrashuv o‘tkazdi va Aziz barcha o‘yinni to‘liq o‘tkazdi. Ma’lumot o‘rnida qo‘shimcha qilamizki, hozirda ushbu klubni “Olimpiakos”, “Sporting”, “Monako” kabi jamoalarda ishlagan Leanardu Jardim boshqaradi.
Srechko Katanets terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangach, asosan, himoyaviy o‘yin ko‘rasatamiz deya bot-bot ta’kidlagan. Ammo mutaxassis “eng yaxshi himoya – hujum” naqlini unutib qo‘ygan qo‘rinadi. Boisi, Koreyadagi yig‘inda bosh murabbiy atigi ikki nafar hujumchini chaqirdi – Igor Sergeev va Eldor Shomurodov.
Bu ikki hujumchi haqida ortiqcha gapirmoqchi emasmiz. Chunki Eldor garchi zaxira futbolchisi hisoblansa-da, “Roma”dek nomdor jamoa sharafini himoya qiladi. Igor esa “Tobol” safida nafaqat Qozog‘iston chempionatida, balki Chempionlar ligasi saralash bosqichi ham gol urishni uddaladi.
Ammo O‘zbekiston Superligasida 11 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan Temurxo‘ja Abdixoliqov nega chaqirilmadi? Futbolchi 25 sentyabr kuni 31 yoshni qarshi oladi. Bu yosh terma jamoaga chaqiruv olmaslikka sabab bo‘la olmaydi. Boisi, biz bundan ham katta yoshli futbolchilar milliy jamoaning asosiy tarkibidan o‘rin olganini ko‘rganmiz.
Shuningdek, Belarus chempionatida ketma-ket uchrashuvlarda gol urib, bir qancha rekordlarni o‘rnatishga ulgurgan Bobir Abdixoliqov nega ro‘yxatda yo‘qligi ko‘plab savollarni tug‘diradi. Qo‘shimcha qilamizki, hujumchi ushbu mavsum Belarus chempionatida 21 o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga 20 ta gol va 6 golli uzatma yozdirib qo‘ygan. To‘g‘ri, ushbu mamlakat birichiligi saviya jihatdan yuqori o‘rinlarda turmas, biroq bu terma jamoa yig‘inlarida sinab ko‘rmaslikka sabab bo‘lmaydi.
“So‘g‘diyona” bilan OFK kubogida ishtirok etayotgan, Superligada medallar uchun kurash olib borayotgan Shohruz Norxonov borasida ham savollar bor. Futbolchi O‘zbekiston Superligasi doirasidagi 17 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 gol va 2 golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Shuningdek, hujumchi OFK kubogida 4 marta gol urishni uddalagan. Bizningcha, Shohruzni terma jamoa yig‘iniga chaqirib, futbolchining nimalarga qodir ekanligini sinab ko‘rsa bo‘lar edi.
Aslida, Superligada terma jamoaga loyiq futbolchilar etarlicha topiladi. Katanetsga esa aytar so‘zimiz bitta: O‘zbekiston chempionati doirasidagi bellashuvlarga ham tashrif buyurib, milliy jamoaga loyiq futbolchilarni jalb qilish kerak. Shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki, biz bu orqali kimnidir qoralash niyatimiz yo‘q. Shunchaki, o‘z fikrimizni bayon qildik. Xulosa esa o‘zingizdan.
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar