
Katta klublar Shomurodovdan qochib-qutilmaydi! Eldorni Italiya, Germaniya va Ispaniyada kutishmoqda
“Jenoa” hujumchisi Shomurodov O‘zbekiston, Italiya va Rossiya ommaviy axborot vositalari sahifalarida, ko‘p mamlakatlardagi futbol muxlislarining ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokama qilinayotgan futbolchilardan hisoblanadi.
Umuman olganda, Eldor Rossiya premer-ligasida muvaffaqiyatli o‘ynay boshlaganidan beri uning faoliyatini kuzatayotgan mutaxassislar, o‘zbek futbolchisiga ishqibozlik qilayotgan muxlislarning soni tobora oshib bormoqda.
Ayniqsa, Shomurodov kuchli beshlik mamlakatlari orasida o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadigan A Seriyaga ko‘chib o‘tganidan keyin Eldorning muxlislari Italiya chempionatini yanada diqqat bilan kuzata boshladi.
Quvonarlisi, Eldor Shomurodov o‘zbek futbolida kamol topgan, Rossiya chempionatida “suyagi qotgan” charm to‘p ustalari ham butun dunyo kuzatib boradigan kuchli chempionatlarda munosib o‘ynashga qodir ekanini isbotlab kelmoqda.
Bir tomondan, Eldorning o‘yini kuchayib borayotgani yaqqol sezilib turibdi. Bu birinchi navbatda, O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishini orzu qilayotgan muxlisu mutaxassislarni xursand qiladi, hammamizga ishonch bag‘ishlaydi. Ikkinchi tomondan, ko‘pchilikni “Jenoa”da o‘zini ko‘rsatayotgan Eldor Shomurodov qachon yanada kuchli jamoalardan biriga o‘tishi qiziqtirmoqda. Ayniqsa, bu mavzu “Yuventus”ning legionerimizga qiziqayotgani haqidagi xabarlar chiqqanidan keyin ancha dolzarb bo‘lib qoldi.
Jurnalistlar Eldor Shomurodovning manfaatlarini himoya qilayotgan “ProSports Management” konsalting kompaniyasi prezidenti German Tkachenkodan legionerimizning kelajakdagi rejalari haqida so‘radi.
Tajribali mutaxassis bu mavzuga quyidagicha oydinlik kiritdi.
“Jenoa” haqiqatan ham “Yuventus” Shomurodov masalasini muhokama qilganini, lekin hozircha rasmiy taklif bo‘lmaganini bildirdi. Turinliklar biz bilan ham aloqaga chiqdi.
Katta klublar Eldordan qochib-qutilmaydi. Lekin buning uchun Shomurodov hozirgiday ishlashda davom etishi, ko‘proq gol urishi, o‘zida bor sifatlarni namoyish qila olishi talab etiladi. “Jenoa” o‘yinchilarni katta klublarga sotishda ancha tajriba to‘plagan. Biz bu masalani transferdan oldin tahlil qilib chiqqanmiz. Ayniqsa, genuyaliklar hujumchilarni boshqa klubga o‘tkazishga usta. Shuning uchun ham biz bu borada ancha xotirjammiz, - dedi German Tkachenko.
Ta’kidlash joizki, mashhur italiyalik jurnalist Janluka Di Martsio ham Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqishlar borligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bugungi kunda o‘zbek hujumchisining transfer summasi ikki barobar ko‘tarilgan va uni olishni istagan klublar kamida 15 million evrodan voz kechishiga to‘g‘ri keladi. Bunga tayyor klublar ham bor.
Hamyurtimizga “Yuventus”dan tashqari Bundesligadan “Borussiya Dortmund” va La Ligadan “Sevilya” kabi jamoalar ham e’tibor qarata boshlagani aytilmoqda.
Biz esa, Shomurodov hozirgacha erishayotgan natija va daraja bilan kifoyalanib qolmasdan, yanada o‘sishi va ko‘tarilishiga ishonamiz. Zero, uning yutug‘i, butun o‘zbek futbolining muvaffaqiyatidir. Aynan, Shomurodov kabi eng kuchli ligalarda o‘ynaydigan futbolchilargina o‘z milliy terma jamoasini futbol olamining eng nufuzli musobaqasi – jahon chempionatiga olib chiqa oladi.
“Jenoa” Shomurodovga taklif qilingan katta summadan voz kechdi. Yozda Eldorning bozori qaynaydi!
“Jenoa” Shomurodovni qanday olgani oshkor bo‘ldi (Ko‘pchilik bilmaydigan yangi ma’lumotlar)!
Fikrlar