Kechagina zavod ishchisi edi, bugun esa Superligada professional o‘yinchi yoxud "Andijon" futbolchisining hayotidagi kutilmagan burilish haqida

  • 10 may, 2023, 21:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Odatda biror futbolchining ushbu sport turiga qiziqishi va unga oshno tutinishi yoshligidan boshlanadi. Yoki qandaydir kutilmagan sabab tufayli ham futbolga kirib qolganlari yo‘q emas. Keyinchalik ana shundaylarning hikoyalari qiziqarli eshitiladi. Bugungi maqolamizda o‘zimizning qora ko‘zlardan biri, mahalliy futbolchimiz misolida futbolga kirib kelgani va bungacha qaerda ishlagani haqida so‘z yuritamiz.

Tecno

Superliga vakili “Andijon” futbol klubida qator mahalliy o‘yinchilar bor. Quvonarlisi, ularga qaratilayotgan e’tibor ijobiy tus olgan. Shu sababli oxirgi paytlarda klub safida andijonliklar soni sezilarli darajada oshgan. Aslida-ku, har bir viloyatimizda iqtidorlar juda ko‘p. Faqat ularni o‘z vaqtida payqash, e’tibor juda muhim. Aks holda ertasi porloq bo‘lgan yigitlarni yo‘qotishimiz hech gap emas.

Gapni cho‘zmaylikda, asosiy masalaga o‘ta qolaylik. “Andijon” safida to‘p surayotgan Abdurahmon Komilovni bilsangiz kerak. 26 yoshli o‘yinchi yaqin-yaqingacha ham futbol ishqibozlarining e’tiborida emasdi. Bilasizmi, u 2-3 yil ilgari ham futbolchi emas, balki zavodda oddiy ishchi bo‘lib mehnat qilib yurardi.

Abdurahmon Komilov7

Gap shundaki, Abdurahmon “Uzavtosanoat” tarkibiga kiruvchi, “GM Uzbekistan”ga butlovchi qismlar, o‘rindiq etkazib berishga ixtisoslashgan  Andijondagi “Uz-Tong-Hong.Ko” O‘zbek-Koreya qo‘shma korxonasida ishlab kelgan. Ma’lumot o‘rnida qo‘shimcha qilmoqchimizki, Komilov mazkur zavodda 2018 yildan 2021 yilga qadar faoliyat olib borgan. O‘sha paytlarda uni vaqti kelib katta futbolda javlon urib, to‘p surishini kim o‘ylagandi, deysiz?!  

To‘g‘ri, Komilov “Uz-Tong-Hong.Ko” qo‘shma korxonasiga ishga kirguniga qadar ham futbol bilan shug‘ullangan. Qiziq-a, zavodda oddiy ishchi bo‘lib yurgan va qisqa fursat ichida katta futbolda ko‘rinish bermoqda!

Maqolamiz qahramoni futbolga kirib kelishidan tortib shu kungacha bosib o‘tgan yo‘li xususida shunday dedi: “Futbolga kirib kelishimda birinchi murabbiyim – Sanjar aka Tojiboev turtki bo‘lgan, - deya esga oldi, Abdurahmon. - 12 yoshimda Andijon tumanidagi 24-maktabda bizni deb futbol to‘garagi ochgan. Jismoniy tarbiya darsida futbol o‘ynashimizni ko‘rgach, shunday yo‘l tutgan. Bir yil davomida shug‘ullantirganidan keyin bizni Andijon futbol akademiyasiga ko‘rik uchun olib borgan. O‘shanda 300-400 nafar atrofida bolalar kelgan. Shularning orasidan 10 tasini tanlab olgan va ularning ichida biz ham bo‘lganmiz. 2010 yilning sentyabr oyida Andijon futbol akademiyasiga o‘qishga kirganmiz. 1997 yillarda tug‘ilgan o‘yinchilar murabbiyi Hamid aka Zokirov edi. Guruhda 24 ta futbolchi bo‘lgan.

Abdurahmon Komilov5

Afsuski, akademiyadagi faoliyatim men uchun ko‘ngildagidek kechmagan. Chunki ko‘pincha zaxirada qolib ketardim. Keyinchalik akademiyadan o‘z xohishim bilan chiqib ketganman va yana birinchi murabbiyimiz Sanjar aka Tojiboevga qaytganman. Futbolni tark etmoqchiligimni bildirganimda rozi bo‘lmagan va meni sport kollejiga olib borgan. U erda 2-3 yil bo‘lganman. Shundan keyin “UzDongJu” jamoasiga borganman. Hozirda “Andijon-SGS” safida to‘p surayotgan do‘stim Shokirjon Odiljonov “UzDongJu”ga ko‘rik uchun chaqirgan. 2017 yili u erga borganman va birinchi ligada jamoa uchun ro‘yxatdan o‘tganman. O‘sha mavsumda birinchi davrada 10 ga yaqin uchrashuvda zaxiradan maydonga tushgandim, ikkinchi davrasidan to‘liq asosiy tarkibda o‘ynashni boshlaganman. Lekin chempionat oxiriga kelib jamoa moliyaviy etishmovchilik tufayli inqirozga yuz tutgan. Jamoadagi murabbiyim Nozim aka Mullaoxunov “UzDongJu” tarqab ketganidan so‘ng o‘zi viloyat ikkinchi ligasida jamoa qilgan va o‘sha erda shug‘ullanib yurganman.

Abdurahmon Komilov4

Darvoqe, 2013-2016 yillar davomida sport kollejidagi murabbiylarim – Mahmud Matkarimov, Temur To‘xtasinov va Davron Abdullaev meni o‘sishimda katta yordam berishgan. O‘shanda “Barkamol avlod” musobaqalarida ham ishtirok etganman. Keyinchalik “Rash-Milk” jamoasiga bizni chaqirishgan. O‘shanda “Uz-Tong-Hong.Ko” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘ynaganmiz. Ushbu o‘yindan so‘ng “Uz-Tong-Hong.Ko” jamoasi sardori bo‘lib o‘ynagan Aziz aka Arziev bilan jamoa direktori Jahongir aka Nuriddinov meni “Uz-Tong-Hong.Ko” korxonasiga ishga taklif qilishgan. 2018 yildan shu erda ishlay boshladim va qo‘shimchasiga korxona jamoasida futbol o‘ynab yurganman. 2021 yilga kelib katta futbolga qadam qo‘ydim. Bunda avvalo menga Nuriddinov bilan Arziev katta yordam ko‘rsatishdi. O‘sha yilning ikkinchi davrasida “Andijon” klubiga ko‘rikka bordim. Bosh murabbiy Viktor Kumikov edi. Mutaxassisda yaxshi taassurot qoldira olganimdan so‘ng meni jamoaga qabul qildilar.

Abdurahmon Komilov6

Rostini aytsam, “UzDongJu” jamoasi tarqalib ketganidan so‘ng menda futbolga qiziqish so‘nib qolgandi. Yuqorida aytganimdek, keyinchalik “Uz-Tong-Hong.Ko” korxonasiga taklif qilishdi. Zavodda ishlagan holda zavod jamoasida futbol o‘ynadim va o‘zimni qayta kashf qildim. U erda mehnat va sabr qilishga, ota-onani qadriga etishga, har bir vaqt g‘animat ekanligini tushunib etdim. Shu bilan birga asta-cekinlik bilan birga korxonada futbol o‘ynab yana qiziqishim kuchayib bordi. Futbolga qaytishimda o‘sha korxonada ishlashimga sabab bo‘lgan Jahongir aka Nuriddinov bilan Aziz aka Arziev katta yordam berishdi. Chunki zavod jamoasida futbol o‘ynagan holda katta futbolda ham o‘ynay olishim mumkinligini his qildim.

Viktor Balyutovich qo‘li ostida yaxshi shug‘ullandim. Superligadagi debyutim 2021 yilgi mavsumning oxirgi turida safarda “Turon”ga qarshi bo‘lgan. Jamoa pro ligaga tushib ketganida ushbu ligada Kumikov qo‘lida yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik va pro ligada to‘p surdim. Biz chiroyli tarzda Superligaga qaytish vazifasini uddalay oldik.

Abdurahmon Komilov2

Zavoddagi ishim asosan “Nexia R3” mashinasi uchun o‘rindiqlarni yig‘ardik. Ushbu zavod jamoasida shug‘ullanib yurgan paytimda ich-ichimdan professional futbolchi bo‘lishni juda-juda xohlardim. Chunki “UzDongJu”da o‘ynaganimda professional futbolchi qanaqa bo‘lishini his qilganman. Xudoga shukr, niyatimga etdim va professional futbolchi bo‘ldim. Aynan zavodda ishchi bo‘lib mehnat qilishni boshlaganimda professional futbolchi bo‘lishga ishtiyoqim kuchaygan. Negaki, atrofimdagi insonlar futbol odamlari edi. Bu esa menga ijobiy tarafdan ta’sir ko‘rsatgan va yaxshi niyat qilganman.

Ko‘rib turganingizdek, men o‘zim istagandek professional futbolchi bo‘la oldim. Fursatdan foydalanib, o‘sha zavodda ishlab yurganimda Jahongir aka Nuriddinov, shuningdek, zavod jamoasi murabbiyi bo‘lib ishlagan Orif aka Mamatkazinga ham rahmat aytaman. Futbolchi sifatida o‘sishimga katta yordam ko‘rsatishdi. Chunki shularni yordamida “Uz-Tong-Hong.Ko” futbol jamoasida o‘zimni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldim.

“Andijon” jamoasi sharafini himoya qilayotganimdan baxtiyorman. Maqsadim jamoamizni kuchli, barqaror klubga aylanishida o‘z hissamizni qo‘shish, yuqori o‘rinlarda bo‘lishini ta’minlash hamda muxlislar ishonchini oqlash asosiy maqsadimlarimdan biri”, - deydi Komilov.

Abdurahmon Komilov3

Ha, inson yaxshi niyat qilgan holda nimani istasa, o‘ylaganiga albatta erishadi. Faqat buning uchun o‘zidan ham harakat va mehnat kerak bo‘ladi. Buni “adi” misolida ko‘rdik.

Darvoqe, Abdurahmon Komilovni jamoadagilar va futbol odamlari “adi” deb chaqirishadi. U klubning hozirgi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovni ham yoqimli ma’noda ajablantirmoqda. Qolaversa, Komilov himoyaning ikkala qanotida birdek o‘ynay oladi. Xechdan ko‘ra kech yaxshi deganlaridek, futbolchi 26 yoshda Superligada barqaror o‘yin ko‘rsata boshladi. Kimdir ertaroq, kimdir kechroq “ochiladi”. Aslida esa maqolamiz qahramoni ayni o‘ynaydigan yoshda va uning uchun hammasi oldinda...

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!