Keraksiz jarimalar "Humo"ga pand bergan uchrashuvdan fotoreportaj

Toshkentning "Humo" klubi o‘z maydonida Krasnoyarskning "Sokol"ini qabul qilib, 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. 7-daqiqada Vladimir Korotkov Evgeniy Smiryagin qo‘riqlayotgan darvozaning to‘qqizligiga shayba kiritib, hisobni ochdi. Bellashuvning 17-daqiqasida, raqibdan son jihatdan ustunlikka ega bo‘lingan paytda Pavel Zdunov o‘zining aniq zarbasi bilan muvozanatni tiklashga erishdi.

Qayd etish joiz, bugungi uchrashuvda Evgeniy Popixin shogirdlari ko‘plab vaziyatlarda o‘zlarining qo‘polliklari bilan ajralib turishdi va "Humo" maydonda 4 kishi qolgan vaqtda ikkinchi shayba o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, uchinchi davrda uch kishi bo‘lib himoyalanayotgan toshkentliklar o‘z darvozalaridan uchinchi bor shayba olib chiqishga majbur bo‘ldilar. 

O‘yin so‘nggida esa Pavel Zdunov hisoni qisqartirishga erishdi, ammo muvozanatni tiklash uchun vaqt kamlik qildi. Shu tariqa, "Humo" Toshkentdagi o‘yinlar seriyasidan o‘rin olgan 4 bahsning uchtasida mag‘lub bo‘lib, faqatgina bittasida zafar quchdi xolos.

Bugungi natijadan so‘ng "qanotlilar" hisobidagi ochkolar soni 9 taligicha qoldi va jamoa birinchi konferentsiyadagi 18 klub orasida 13-o‘rinni band etib turibdi.

Popixin boshqaruvidagi "Humo" o‘zining navbatdagi o‘yinini mehmonda "Dinamo-Tver"ga qarshi o‘tkazadi. Mazkur uchrashuv 13 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da start oladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!