
"Ketma-ket 3 ta mag‘lubiyatdan keyin hech qaysi rahbar murabbiyni maqtamasa kerak?!" yoxud "Surxon" bosh murabbiyi qaerda?
“Surxon” klubi uchun Superligadagi ishtiroki omadsiz kechyapti. To‘g‘ri, klub dastlabki turda “Metallurg”ni mag‘lub etgandi. Hozircha o‘sha g‘alabasi ular uchun yagonaligicha qolmoqda. Shundan keyin beshta turdirki, termizliklar asosan ochko yo‘qotib kelmoqda.
1 ta g‘alaba, 1 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat! To‘plar nisbati ham juda yomon. 3 ta gol urgan va o‘z darvozasidan 11 ta to‘p o‘tkazgan. Turnir jadvalida 13-o‘rinda.
Qizig‘i, “Surxon” bosh murabbiyi Rufat Akramxo‘jaev hozirda jamoa bilan birga emas. Kubok bellashuvlarida futbolchilarni o‘yinlarga murabbiylar shtabida ishlayotgan Bahrom Haydarov tayyorladi. Avvalo, Akramxo‘jaev ushbu vaziyatga oydinlik kiritdi.
- “Lokomotiv” bilan o‘yindan keyin ketgandim. Sababi, uyda oilaviy muammolarim bor edi. Bu haqida rahbariyatni ogohlantirib qo‘ygandim. Keyin esa, “Nasaf” bilan o‘yin kuni yana jamoaga keldim. Ungacha futbolchilarni o‘yinga Bahrom Haydarov tayyorlagandi. Baribir o‘sha uchrashuvda ham mas’uliyat bo‘lganidan keyin “Nasaf” bilan uchrashuvga borishga qaror qilgandim. Gap natija yoki boshqa narsada emas, ammo fors-major kabi vaziyatlar ham bo‘lib turarkan. Xudo xohlasa, “Surxon”dagi ishimni davom ettiraman. Kubok bahslarida yana bitta o‘yinimiz qolgan. Ko‘proq yoshlarga e’tibor qaratilyapti. Hammasi yaxshi bo‘lib tursa, AGMK bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
Baribir mazkur vaziyat bo‘yicha turli gap-so‘zlar yo‘q emas. Yoki Akramxo‘jaev bilan rahbariyat o‘rtasida kelishmovchilik yuz berdimi? Chunki natijalar muxlislarni qoniqtirayotgani yo‘q.
- Rahbariyat bilan o‘rtamizda kelishmovchilik yuz bermagan. Faqat ketma-ket uchta mag‘lubiyatdan keyin hech qaysi rahbar murabbiyni maqtamasa kerak?! Hamma bunday paytda o‘z fikrini aytadi. Oramizda kelishmovchilik bo‘lmagan, ammo mag‘lubiyatlar tufayli rahbar boshingizni silamaydi. Bu tabiiy hol va bu to‘g‘ri qabul qilinadi, - dedi bosh murabbiy.
Klubning Superligadagi o‘yinlari boya aytganimizdek, muxlislarni va shu bilan birga rahbariyatni qoniqtirmayapti. Murabbiylar esa oltitta o‘yinni tahlil qilayotgan bo‘lsa ajab emas. Rufat Akramxo‘jaev bu masalada shunday dedi:
- Xohlaysizmi-yo‘qmi, bu yangi jamoa. Bu bahona emas. O‘zimizdan ham kamchiliklar o‘tgan bo‘lishi mumkin. Masalan, “Nasaf” bilan bahsda ikkita har xil taymlar bo‘ldi. “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda ham shunday vaziyat bo‘ldi. Birinchi taymda yigitlar yomonroq o‘ynagandi, ikkinchi bo‘limda o‘yinni o‘zgartirishdi. “Nasaf”da esa kutilmagan gollar rejalarni o‘zgartirib yubordi. Raqibning gollari jamoamizning ruhiyatini ham cho‘ktirib qo‘ydi. Ayniqsa, Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng, futbolchilar ruhiy tushkunlikka tushib qoldi. O‘sha uchrashuvda biz juda alamli mag‘lubiyatga uchragandik. Natijada, shu mag‘lubiyatdan keyin futbolchilarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch yo‘qolgandek tuyuldi. Futbol yana davom etaveradi, biz esa yigitlarni ruhiy tushkunlikdan olib chiqishga harakat qilishimiz kerak. Mana, kubok doirasida “Surxon” “Buxoro”ga qarshi bahsda chiroyli g‘alaba qozondi. O‘ylaymanki, bu keyingi o‘yinlarda ijobiy turtki bo‘ladi. Murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘lmagan. Faqat rahbariyat sport direktori lavozimiga Abdumajid Toirovni taklif qilgan. Bu ularning qarori. Biz murabbiymiz.
Xo‘sh, unda bosh murabbiy ishga qachon qaytadi? Bu savolga uning javobi shunday bo‘ldi:
- Yaqin kunlarda, balki kubok doirasida, “Dinamo” bilan bahsgacha qaytarman. O‘z muammolarimni hal qilib olganimdan keyin jamoa bilan birga bo‘laman. Rahbariyatning menga nisbatan hech qanday qarshiligi yo‘q. Hammasi joyiga tushadi. Men “Surxon”dan ketganim yo‘q. Agar qandaydir o‘zgarish bo‘lsa, bundan birinchi bo‘lib siz xabar topasiz.
Jamoaning o‘yini va natijalaridan kelib chiqsak, tarkib kuchaytirilishi zarurligi ham ko‘rinib qolyapti. Ikkinchi davraga jamoani kuchaytirish rejasi bormi? Akramxo‘jaev quyidagilarni aytdi:
- Har bir murabbiy jamoasining kuchayishini xohlaydi. Imkoniyatlarga qarab ish tutish kerak. Albatta, agar imkon bo‘lsa kuchaytiramiz. Lekin mahalliy yoshlarga e’tibor berish vazifasi qo‘yilgan. Bu ishni qanchalik ijro etamiz, buni vaqt ko‘rsatadi.
Darvoqe, “Surxon” ustozi kuni kecha “Pro” diplomini qo‘lga kiritdi. Buning uchun uni tabrikladik. Endi Akramxo‘jaev murabbiyda to‘playotgan bilim va tajribalarini amalda qo‘llashi mumkin.
- 2018 yilning noyabr oyida “Pro” litsenziyasi uchun o‘qishimiz boshlangandi. Bu safargisi oldingi yillardagiga qaraganda boshqacha bo‘ldi. Boshida hammasi reja bo‘yicha ketayotgandi. O‘zingiz bilasiz, o‘tgan yili pandemiya yuz berib qoldi. Natijada o‘qishimiz cho‘zilib ketdi. Bu litsenziyani qo‘lga kiritgach, o‘ziga yarasha mas’uliyat ham bo‘ladi. Albatta, murabbiy sifatida o‘zimning niyat va orzularim bor. O‘zbek futboliga foyda keltiradigan murabbiylardan biri bo‘lishni xohlayman. Ha, bu kabi o‘qishlarda yangiliklar bo‘ladi. Ammo futbolda hamma narsa o‘ylab topilgan. Murabbiy doim o‘z ustida ishlashi va yangiliklar qidirishga harakat qilishi kerak. Lekin futboldagi holatni murakkablashtirish kerak emas. Shunda u adashib qolmaydi. Bu mening shaxsiy fikrim. Mening ham futbolga o‘z qarashim bor, - deya so‘zini yakunladi Rufat Akramxo‘jaev.
Fikrlar