
Klopp "Chelsi" futbolchisini "Liverpul"da ko‘rmoqchi
“Chelsi” yarim himoyachisi Meyson Mauntning jamoadagi kelajagi mavhum bo‘lib qolmoqda. 24 yoshli futbolchining "aristokratlar" bilan shartnomasi 2024 yilning o‘rtalariga qadar tuzilgan va agar tomonlar yaqin orada shartnomani uzaytirish borasida kelishmasa, klub katta ehtimol bilan yozda uni sotib yuborishi mumkin.
Mauntni qo‘lga kiritish uchun birinchi raqamli da’vogar bu "Liverpul" hisoblanadi. Football Insider nashri xabariga ko‘ra, mersisaydliklar allaqachon Meyson uchun shartnoma tayyorlab qo‘ygan va u klub rahbarlari tomonidan ma’qullangan. Qayd etilishicha, jamoa bosh murabbiyi Yurgen Klopp ushbu angliyalik futbolchini tarkibda ko‘rishni juda xohlaydi.
Qo‘shimcha qilamizki, Maynt "Chelsi" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U shu paytgacha asosiy jamoa tarkibida 195 ta o‘yin o‘tkazib, 33 ta gol urgan va 37 ta golga assistentlik qilgan. Transfermarkt portali futbolchini 65 million evroga baholamoqda.
Fikrlar