
Kloppga qanday futbolchi kerak? Lempard, Gvardiola, Mourinogachi? APL grandlari qaysi futbolchilarga ko‘z tikkan?
Angliya Premer-ligasida temp juda baland bo‘lgani uchun klublar o‘z tarkiblarini doimo jangovar holatda bo‘lishini ta’minlashga harakat qiladi. Yanvar oyidagi transfer oynasi esa, buning uchun ajoyib imkoniyat. Xo‘sh, grand jamoalarning yanvar oyi uchun rejalari qanday? Bugun shu savolga javob izlashga urinib ko‘ramiz.
"Liverpul"
Mersisaydliklar uchun qishki transfer oynasi markaziy himoyachi topish uchun eng qulay imkoniyat. Yurgen Klopp klub g‘aznasini bo‘shatib qo‘ymagan holda, Jo Gomes va Virjil Van Deykning o‘rnini to‘ldirishga qodir ijrochi topishi lozim. E’tiborlisi shundaki, "Liverpul" birorta top-klubdagi himoyachi bilan qiziqqani yo‘q. Katta ehtimol bilan, Klopp o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishga qodir himoyachi izlamoqda.
Hozircha, Fillips, Uilyams, Matip va Fabino markazdagi bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilmoqda. Katta ehtimol bilan, Klopp mavsum o‘rtasida himoyani emas, markazni kuchaytirmoqchi. Shu bois, "Shalke" a’zosi Ozan Kabak bilan muzokaralar olib borilmoqda. Hozircha, "Liverpul" APL grandlari orasida transfer bozoridagi eng kamtarinlardan biri bo‘lib turibdi.
"Manchester Siti"
Yanvar oyida "Siti" hech qanday katta transferni amalga oshirmasligi aniq bo‘lib ulgurdi. Pep chap qanot himoyachisi izlamoqda. U o‘z arsenalidagi ijrochilardan ko‘prog‘ini talab qiladiganlar turidan. Tan olish lozim, Gvardiolaning o‘yin sxemasida qanot himoyachilari tutgan o‘rin beqiyos. Ular jamoaning hujum tempini belgilab berishi talab etiladi. Bunga mas’ul bo‘lgan Mendi stabil emas. Zinchenko esa, o‘yin amaliyotisiz qolib ketmoqda. Shu bois, ukrainalik futbolchi ketish haqida o‘ylayapti. Gvardiola 90 daqiqa katta kuch bilan to‘p surishga qodir chaqqon qanot himoyachisiga muhtoj. Shuningdek, markaziy hujumdagi muammo ham alohida mavzu. Agueroning yoshi o‘tib qolgani bois, klub sifatli forvard izlashni boshlab yuborgan. Birgina Jezus bilan EChLda g‘alaba qozonib bo‘lmasligini barcha sezib turibdi.
"Manchester Yunayted"
"Qizil iblislar" transfer bozori ochilishi bilan "Atalanta" a’zosi Amad Traoreni rasman tanishtirdi. Aslida, bundan 3 oy avval xarid qilingan 18 yoshli hujumchi uchun Sulsher barcha imkoniyatlarni taqdim etishi aniq. One-Gunnar bunga va’da ham berdi.
Ayni damda, mankuniyaliklarning eng zaif nuqtasi sifatida himoya chizig‘ini ko‘rsatishimiz mumkin. Shuningdek, qanot yarim himoyachilari borasida ham yangi kadrlar ziyon qilmaydi. Klub 6 oydan beri Jeydon Sancho transferini amalga oshirish ilinjida. Shuningdek, "RB Leyptsig" a’zosi Dayo Upamekano ham rejaga kiritilgan. Klubda chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborilishi lozim bo‘lgan bir nechta futbolchi bor. Ular qishki transferlar chog‘ida jamoasini o‘zgartirishi mumkin. Fil Jons, Serxio Romero, Markos Roxo, Jessi Lingard, Jeyms singari futbolchilar o‘zi uchun yangi klub izlashga tushib ketgan.
"Chelsi"
"Aristokratlar" yozda tarkibni kuchaytirish maqsadida 250 million evro sarflab yuborishdi. Bu pullar esa, keyinroq natija beradigandek his uyg‘otmoqda. Kelajagi porloq bir nechta futbolchini tarkibga qo‘shib olganiga qaramay, Lempard "Vest Xem" a’zosi Deklan Raysga ko‘z tikmoqda.
Boz ustiga, yaqin kunlar ichida "Chelsi"da murabbiy almashishi mumkin. Ingliz nashrlari "ko‘klar"ga Shevchenkoning qaytishini taxmin qilmoqda. Uning kelishi esa, yanvar oyida biror bir transferning amalga oshishi ehtimolini oshiradi. Hozircha, "Chelsi"ning transfer oynasi uchun vaqt va mablag‘ ajratish uchun imkoni yo‘q. Ularning boshqa muammolari ko‘p.
"Tottenxem"
"Shporlar" katta ehtimol bilan qishki transfer oynasidagi eng katta voqeaga asos solishga yaqin turibdi. Joze Mourino Dele Alli bilan chiqisha olmadi. 24 yoshli yarim himoyachi esa, ketishga qaror qildi. Ayniqsa, Pochettinoning PSJga kelishi, Allining ketishi haqidagi mish-mishlarning urchib ketishiga sabab bo‘ldi. "RB Leyptsig" qishda Marsel Zabittserni sotmaydigan bo‘ldi. Endi klubda Sami Xedira varianti qolmoqda. Tajribali futbolchi "Yuventus" bilan ketish borasida kelishuvga erishgan. U Angliyaga tashrif buyurdi va bir nechta klublar bazasida bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, aynan Xedira "Tottenxem" uchun yanvar oyidagi yagona transfer bo‘lib qoladi.
"Arsenal"
Bundan bir hafta ilgari, Artetaning ketishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lgan edi. London klubi ketma-ket uchta o‘yinda g‘alaba qozongach, bu gap ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilib ketdi. Klub yozda jamoani kuchaytirish maqsadida amalga oshirgan transferlar omadsizlikka uchradi. Mavsumni qutqarib qolish uchun esa, qo‘shimcha kuchlar lozim.
Artetaning nishonida Kristian Eriksen va Ussem Auar mavjud. Mesut O‘zilni qayta ishga tushirishga uringan murabbiy vaqtdan yutqazib qo‘ydi. Endi, u markazni to‘liq o‘z qo‘liga olishga qodir ijrochi izlamoqda. Shu bois, yanvar oyida "Norvich" a’zosi Emi Buendia "to‘pchilar" bilan shartnoma imzolasa hayron bo‘lmang! Mesut hozirda ijtimoiy tarmoqlarda faolligi bilan ajralib turibdi, xolos. Uning qishda jamoasini o‘zgartirishi "Arsenal" uchun katta yutuq bo‘lar edi, ammo buni Mesut istamaydi. Haftasiga 350 ming funt maosh olayotgan futbolchi yozgacha Londonda qolmoqchi.
Fikrlar