
Klubga yana yangi futbolchi qo‘shiladi yoxud endi bu kechagi "Andijon" emas!
Nihoyat, andijonlik ishqibozlarning ko‘ngli taskin topyapti. Nimaga deysizmi? Qishki yig‘in boshlanganidan beri mahalliy muxlislarni faqat bir savol qiynab keldi: u ham bo‘lsa, tarkibdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq edi. Yaxshi saviyadagi o‘yinchilar nega olinmayapti, qabilidagi gap-so‘zlar ancha muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu borada hatto bosh murabbiyni tanqid qilganlar ham uchradi. Ammo buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Negaki, har qanday ishqiboz sevimli jamoasiga befarq emas ekan, albatta, boshqalardan qolishmagan holda o‘zining yoqtirgan klubi ham kuchayishini istaydi.
Bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaev bir necha sports.uz sayti orqali chiqish qilib, muxlislarni xavotirga tushmasligini, yangi mavsumda albatta natija bo‘lishi haqida aytib keldi. Buning uchun “Andijon”da barcha imkoniyatlar bor. Endi bu kechagi “Andijon” emas. Yillar davomida turli muammolar-u, qiyinchiliklar bilan kurashib kelgan jamoa bu yildan yangicha qiyofaga kiryapti.
Tan olish lozim, qarzdorlik bilan bog‘liq masalalar tufayli aksariyat futbolchilarning klubga nisbatan ishonchi yo‘qolgandi. Buning ustiga boshqalardan to‘planib qolgan qarzdorlikni aytmaysizmi? Muammo chindan ham jiddiy edi. Muxlislar esa g‘amgin holatga tushib qolishgandi. Qachonki, klub tadbirkorning qo‘liga o‘tganidan keyingina ijobiy ishlar ko‘zga tashlanishni boshladi. Ana endi ishqibozlarning yuzida tabassum, qalbida esa ishonch qaytadan uyg‘onmoqda. Jamoa ishonchli qo‘llarda ekanligiga amin bo‘lmoqdalar. Oldingi legionerlardan bo‘lgan qarzlar bartaraf etildi.
Klubga doir oxirgi yangiliklar bo‘yicha hammaning xabari bor. Ayniqsa, Jasur Jaloliddinovning “Andijon”da to‘p surishga rozi bo‘lgani transfer oynasi ochilgan paytdan buyon amalga oshirilgan top xaridlardan biriga aylandi. Hamma uni Evropaga ketishini kutayotgan bir paytda futbolchi Andijonda paydo bo‘ldi. Buning birgina sababi bor: u ham bo‘lsa, Otabek G‘ulomxo‘jaev. Tabiiyki, uning jamoasida endi Jaloliddinov asosiy figuraga aylanadi. Bu orqali futbolchi o‘yin tajribasini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Andijon” Jaloliddinovni qo‘lga kiritish orqali selektsiyada boshqalardan qolishmayotganini ko‘rsatib qo‘ydi. Chindan ham bu jiddiy yurish bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, ertaga Jasur bilan rasman shartnoma tuziladi. Bugundan esa mashg‘ulotlarga qo‘shildi. Uni jamoaga ko‘ndirish oson bo‘lmagani shubhasiz. Shuning uchun “Andijon” ustozi tez orada Jasurni qanday qilib jamoaga taklif qila olgani xususida munosabat bildirishi kutilmoqda.
Bu bilan selektsiya ishlari tugagani yo‘q. Yodingizda bo‘lsa, yaqinda klub italiyalik hujumchi Martin Boake bilan kelishuvga erishilgani haqida rasmiy xabarlar berilgandi. Biroq legioner hadeganda yangi jamoasiga kelavermagach, muxlislar orasida shubha gumonlar paydo bo‘lgandi. Ma’lumot uchun shuni aytib o‘tmoqchimizki, Boake Andijonga 7 mart kuni tongda etib kelishi kutilmoqda. Tarkibda bolgariyalik Plamen Dimov, qirg‘izistonlik Edgar Bernxardt kabi legionerlar borligini ham unutmaslik kerak. Bu borada shuni aytish mumkinki, bosh murabbiy tarkibda tajribali o‘yinchilar bilan iqtidorli yoshlarni uyg‘unlashtira olmoqda. Buning qanday natija berishini albatta mavsum davomida ko‘ramiz.
Shuningdek, jamoaga yangi taklif etilgan Mirkomil Lokaev jarohati sababli safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Uning davolanib maydonga qaytishiga aftidan ikki oy atrofida vaqt ketsa kerak. Bosh murabbiy esa jamoasiga yana bir o‘yinchini olib kelish harakatida yuribdi. Hozircha uning nomi oshkor qilingani yo‘q. Ammo muzokaralar davom etayotgani aniq. Tez orada bu borada ham rasmiy xabar chiqsa ajab emas.
Xullas, “Andijon”da yomon tarkib shakllanmayapti. Raqobatbardosh jamoa tuzilayotgani haqiqatga yaqin. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi. Muxlislar esa chempionat boshlanishini sabrsizlik bilan kutishyapti. O‘z navbatida klub rahbarlari ham boshlanajak yangi mavsum uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Stadionda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. “Bobur arena” yangicha qiyofaga kirmoqda. U erda endi turli xil savdo do‘konlari ham xizmat ko‘rsatadi. Muxlislar uchun stadionda barcha qulayliklar yaratilyapti. Qolaversa, ishqibozlarni stadionga yanada jalb qilish maqsadida endi har bir o‘yinda o‘ziga xos yutuqli o‘yinlar o‘ynaladi. Qimmatbaho sovg‘alar bisyor, ayniqsa, har bir uchrashuvda “Spark” avtomobili qaysidir omadli muxlisga nasib qilishi aniq. Ko‘rib turganingizdek, jamoa rahbarlarining reja va maqsadlari katta. Ularga birdaniga erishib bo‘lmaydi. Vaqt oliy hakam, deb bejizga aytilmaydi. O‘z navbatida rahbariyatning maqsadlari amalga oshishi bevosita klubning natijalariga ham bog‘liq bo‘lishini unutmaslik lozim.
7 mart kuni Andijondagi “Yoshlar markazi”da jamoa a’zolarini yangi mavsum oldidan tanishtiruv marosimi ham bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergandik. Ushbu tadbir davomida muxlislar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga ham javob olishlari mumkin.
Fikrlar