
Konor MakGregor - Dastin Pore kim g‘alaba qozonadi? O‘zbekistonlik MMA mutaxassislari javob berdi
10 iyul(Toshkent vaqti bilan 11 iyul tongda) barcha MMA ixlosmandlari orziqib kutayotgan "UFC 264" turniri bo‘lib o‘tadi. Uning markaziy jangida engil vazn toifasining tom ma’nodagi yulduzlari Konor MakGregor hamda Dastin Pore uchinchi bor to‘qnash keladi. Ma’lumki, ular o‘rtasidagi hisob 1:1 ko‘rinish olgan va bu qaysidir ma’noda hal qiluvchi to‘qnashuv bo‘ladi.
Biz esa an’anaga sodiq qolgan holda, bu jang borasidagi mutaxassislar ya’ni, yurtimizdagi MMA jangchilari va murabbiylarning fikrlari bilan qiziqdik.
Komran Artikov - RFC promousheni rahbari
- Agar, jang 1-2-raundlarda tugasa, Konor MakGregor yutadi. Bu raundlarda Konor nokaut qila olmasa, qolgan raundlarda Poreda imkoniyat oshib ketadi. Lekin Konorni mashg‘ulotlariga e’tibor qaratsangiz, barchasi a’lo darajada, kardiosi ham yaxshilanganga o‘xshaydi. Boksga ham ko‘p ahamiyat bermoqda. Dastin kurashga e’tibor qaratishini yashirmayapti. Biroq, Konorni Habib bilan kurashganini ham ko‘rdik, teyk-daunlardan himoyalanishi juda yaxshi qolaversa, jiu-jitsusi ham yomon emas. Shuning uchun Pore kurashda ham Konorga u qadar muammolar tug‘dira olmasa kerak. Imkoniyatlarni 60-40 % Konor foydasiga baholagan bo‘lardim. Albatta, bu mening shaxsiy fikrlarim!
Mansur To‘g‘izbaev - MMA murabbiyi, referi
- Shubhasiz, bu jangda yana Pore g‘alaba qozonadi. To‘g‘risi, birinchi raunddayoq, MakGregorni nokautga uchratadi. Shuningdek, Dastin Porega muxlislik qilishimni ham aytib o‘tmoqchiman. Xullas, nokaut kutmoqdaman!
Behzod Jiyanov - MMA murabbiyi
- Avvaldan biror bir fikr bildirish qiyin. Biroq, men Dastin Porega muxlislik qilayapman va biroz bo‘lsa-da, unda imkoniyat ko‘proqdek. Lekin Konor ham oddiy jangchi emas, shunday ekan barchasi jangda hal bo‘ladi.
Shohasan Mirzamatov - MMA jangchisi
- Menimcha Pore g‘alaba qozonsa kerak. Chunki, Konor oldingidek emas, o‘xshatish kerak bo‘lsa, "to‘yib" qoldi, avvalgidek "och", deb ayta olmayman. Aksincha, Konordagi ishtiyoq Dastinga o‘tib ketdi. Shuning uchun Dastin Poreda imkoniyat yuqori, deb o‘ylayapman. Albatta, bu meni shaxsiy fikrim.
Avliyoxon Hamidov - MMA jangchisi
- Bu jangga Konor MakGregor ham yaxshi tayyorlanganligi aniq. Shunday bo‘lsa-da, unda bir va ikkinchi raundlarda imkoniyat bo‘lishi mumkin. Agar, shu raundlar oralig‘ida g‘alabani ilib ketmasa, qolgan raundalar Dastin Poreniki bo‘ladi. Mening fikrimcha imkoniyatlar 55/45 Pore foydasiga.
Mavlud Tifiev - K-1 jangchisi
- Har ikkisi ajoyib jangchilar. Biroq, bu safar Konor MakGregor g‘alaba qozonadi. Chunki, u juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Jismoniy holati ham a’lo darajada. Buni bevosita internet tarmoqlari orqali kuzatib bordim va shunday xulosaga keldim. Qolaversa, avvalgi jangdan kerakli xulosani chiqarib olgan, deb o‘ylayman. Uzog‘i ikkinchi raundda nokaut bilan irlandiyalik g‘alaba qozonadi.
Farrux Madaminov - MMA murabbiyi
- Ikkalasi ham UFCdagi eng nomdor jangchilar. Ular barchaga qanday mahoratga ega ekanligini isbotlab ulgurgan. Bu safar u qadar ochiq jangni ko‘rmasak kerak. Sababi, ikkita jang ular uchun saboq bo‘lgan va uchinchi to‘qnashuvda ehtiyotkorlikka ko‘proq urg‘u beradi, degan fikrdaman. Biroq, jang qancha cho‘zilsa, Poreda imkoniyat oshaveradi. Chunki, unda kardio Konorga nisbatan yaxshiroq. Shuning uchun Konor jangni erta yakunlashga intilishi ham mumkin. Xullas, imkoniyatlarni 50/50 deya baholagan bo‘lardim.
Qobilbek To‘laboev - Professional muaytay jangchisi, "Toni Pro" menejerlik klubi rahbari
- Juda zo‘r jang bo‘ladi. Ularning jangiga e’tibor qaratsangiz, teyk-daunlarga va parterda jang olib borishga u qadar e’tibor qaratishmaydi. Har ikkisining qo‘l va oyoq zarbalari juda yaxshi shakllangan. O‘ziga xos nokautchilar to‘qnashuvi, desak ham yanglishmagan bo‘lamiz. Dastlabki raundlardan Konor nokaut bilan g‘alaba qozonishga harakat qilsa kerak. Chunki, avvalgi jangdagi mag‘lubiyatini muxlislari oldida shu tarzda "yuvish"ga harakat qiladi. Lekin Pore ham anoyi emas! Umumiy tarzda olganda imkoniyatlar 50/50.
Fikrlar