Konor Makgregor UFC bilan yangi shartnoma imzolashdan bosh tortdi
UFC bilan oktagonga qaytish bo‘yicha kelishuvga erishgan Konor Makgregor promoushen bilan amaldagi shartnomasini uzaytirishdan bosh tortib, bir yildan so‘ng erkin agentga aylanishini aytgan. Bu haqida sport sharhlovchisi Ariel Helvani ma'lum qildi.
"Konorning qaytishi UFC va Paramount uchun katta kelishuv bo‘ldi, ammo Makgregor shartnomani uzaytirishni xohlamadi. Irlandiyalikning mazkur promoushenda ikkita jangi qoldi. Birinchisi 12 iyul, keyingisi esa ehtimol, 2027 yilning birinchi yoki ikkinchi choragida bo‘ladi. Keyinchi? Sport uchun katta pul to‘laydigan striming platformalari davrida Konor Makgregorning ochiq bozordagi jangini tasavvur qila olasizmi? Sizningcha, Netflix buning uchun qancha to‘lagan bo‘lardi? Juda ko‘p. Kelasi yilning taxminan shu vaqtida aniq summani bilib olamiz", - dedi Helvani.
Eslatib o‘tamiz, Konor 12 iyul kuni Las-Vegasdagi "UFC 329" turnirida amerikalik Maks Hollowey bilan bahs olib boradi.

Fikrlar