
"Ko‘proq durangni xidi kelyapti, bu o‘yin o‘zimga ham qiziq" - Ja’far Irismetov Superliganing dastlabki turi oldidan
Nihoyat, yurtimizda bahor va shunga yarasha yangi futbol mavsumi ham kirib keldi. 1 – 4 mart kunlari Superligamizda dastlabki tur o‘yinlari o‘tkazilishidan xabaringiz bor.
Muxlislar tabiiyki, yangi chempionatimizni sog‘inishgan. Jamoalar esa o‘z rejalariga asosan yangi futbol mavsumiga tayyorgarlik olib bordilar.
Superligadagi klublar xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazib qaytdilar. Endi barcha ishtirokchilar chempionatga tayyorlar.
Taniqli mutaxassislarimizdan biri Ja’far Irismetov esa 1-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlari xususida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi. .
1 mart
“Navbahor” – “Dinamo”
- Menimcha, bu erda “Navbahor”ning qo‘li baland keladi. Chunki “Navbahor” bunga qadar ikkita rasmiy o‘yinni o‘tkazib bo‘ldi. Namanganliklarni katta muammosi bu hujum chizig‘i bilan bog‘liq. Tabatadze va Nikabadzeni hujumchi deb bilmayman. Ikkita uchrashuv buni yaqqol ko‘rsatdi, desam ham bo‘ladi. Faqat o‘yinchilarning individual mahorati evaziga raqibni minimal hisobda yutishi mumkin. 1:0 bo‘lar, balki 2:0.
“Nasaf” – “Olimpik”
- “Nasaf” hozir juda yaxshi formada. Bu yil “Nasaf”ni selektsiyaisi yaxshi bo‘ldi. Ancha-muncha futbolchilarini qaytarib oldi. Bobur Abduholiqov, Sharof Muhitdinov kabi yigitlar qaytishdi. Qolgan o‘yinchilar 5-6 yildan beri birga o‘ynashmoqda. Xullas, bu erda “Nasaf”ning qo‘li baland keladi. Ular ham ikkita rasmiy uchrashuvni o‘tkazdi. Shuni hisobiga ularda o‘yin amaliyoti bor.
2 mart
“Bunyodkor” – “Qizilqum”
- “Bunyodkor” ham bir qator futbolchilarni oldi. Qanaqadir legionerlar bilan tarkibni to‘ldirishga harakat qilishdi. Boz ustiga hali yangi bosh murabbiyini ham yaxshi bilmaymiz. Menimcha, imkoniyatlar 50x50 bo‘lsa kerak. Ko‘proq durangga tortadigan o‘yin. Albatta, “Bunyodkor”ni o‘z uyida o‘ynayotgani uchun balki imkoniyatlar 55x45. Chunki “Qizilqum” ham selektsiyada unchalik kuchli futbolchilarni taklif qilmadi. Asosan o‘zimizni mahalliy yigitlarga e’tibor qaratishdi.
“So‘g‘diyona” – “Neftchi”
- Menimcha, buni tur o‘yini desa bo‘ladi. Markaziy uchrashuv. Bu ham bahorgi futbol. Kurashlarga boy o‘yin bo‘lsa kerak. “Neftchi”ni qishki yig‘inlaridan kelib chiqib ko‘pchilik boshqa taktikaga o‘tyapti, degan gaplar aytilyapti. Ko‘proq durangni xidi kelyapti, 50x50. Ko‘ramiz, hali legionerlarini ham yaxshi bilmaymiz. Bu yil ko‘p klublar legionerlarga tayanyapti, shekilli. “Neftchi” ham asosan xorijlik o‘yinchilarga e’tibor qaratdi. Bu to‘qnashuvni markaziy uchrashuv deb hisoblayveramiz.
3 mart
OKMK – “Andijon”
- OKMKdan ko‘plab futbolchilar ketishi va jamoani biroz o‘zgarishi hisobiga biror narsa deyishim ham qiyin. “Andijon”ni bilamiz, deyarli o‘zgarmadi, desa ham bo‘ladi, Xebayni ketganini hisobga olmasak. Bu to‘qnashuv ham ko‘proq durangga o‘xshayapti. Xomyakovni bilamiz. Ko‘proq qarshi hujum taktikasida va standartlarga ahamiyat qaratgan holda o‘yin tashkil qiladi.
“Lokomotiv” – “Metallurg”
- Bu o‘yin o‘zimga ham qiziq. U erda Stoymirovich ish boshladi. Uni ishini kuzatish menga ham qiziq tuyulyapti. “Metallurg” ham mahalliy o‘yinchilarni etarlicha ololmadi. Menimcha, imkoniyatlar 55x45 “Lokomotiv” ustunligida.
4 mart
“Surxon” – “Paxtakor”
- “Paxtakor” to‘g‘risida nimadir deyish qiyin. Ko‘p futbolchilar tark etdi. Tarkib yoshartirilgan. Lekin Saitov, Hamdamov, Cheran, Alijonov kabi etakchilari qolgan. Tarkibni aralash desak bo‘ladi. Menimcha, teng o‘yin bo‘ladi. Ko‘proq durangga tortadi. “Surxon”ni ham yaxshi bilmaymiz. Stanislav Qudryashov boshchiligida desak bo‘laveradi. Fevzi Davletov esa yaqinda qo‘shildi. Asosan Qudryashov jamoani tayyorladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar