
"Kuchim etmaganida futbolni tugatgan bo‘lardim" - "Buxoro" bilan shartnomasi tugagan Artyom Filiposyanning rejasi qanday?
36 yoshli tajribali himoyachi Artyom Filiposyan o‘tgan yili pro ligada “Qo‘qon-1912” sharafini himoya qilgan bo‘lsa, bu yil “Buxoro” uchun to‘p surdi. Filopsyan buxoroliklar safida 19 ta uchrashuvda maydonga tushdi va jamoasining Superligaga qaytishiga munosib hissasin qo‘shdi.
- Artyom, bu yil "Buxoro" klubi bilan pro ligadan Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdinglar. Albatta, bu oson bo‘lganii yo‘q. Muhimi, jamoa vazifani bajardi. Ayting-chi, yakuniga etgan mavsum sizda nimasi bilan ko‘proq yodda qoldi?
- Pro ligada bu yil har bir jamoa yaxshi taassurot qoldirdi. Hech bir klub uchun oson bo‘lgani yo‘q. “Buxoro”, “Mash’al”, “Qo‘qon-1912” va “Sho‘rtan” jamoalari o‘zaro Superliga yo‘llanmasi uchun kurashishdi. Ko‘proq yoqqan tarafi yo‘llanma uchun 4 jamoa kurashdi va juda qiziq kechdi. Vazifani bajarganimizdan juda xursand bo‘ldik. Buxoro xalqini Superligaga qaytgani bilan tabriklayman.
- Umuman olganda, "Buxoro" keraksiz ochkolarni yo‘qotmaganida muddatidan ancha ilgari vazifani hal qilishi mumkin edi, ammo biroz cho‘zildi. Sizningcha, jamoa raqiblarini unchalik mensimadimi?
- Biz 4 yoki 5 tur oldin Superligaga chiqishimiz kerak edi. Futbolda hamma narsa uchrab turadi. Kerakli joylarda ko‘p ochkolarni yo‘qotdik. Lekin hamma jamoaga qarshi hurmat bilan chiqardik. Futbol shunisi bilan qiziq ekan. To‘g‘ri, jamoamizda Superligaga chiqish vazifasi cho‘zilib ketdi. Maqsad elitaga qaytish edi va buni uddaladik.
- Pro ligada sizda juda iliq taassurot qoldirgan klub qaysi bo‘ldi?
- “Mash’al” pro liga g‘olibi bo‘ldi. Demak, “Mash’al” jamoasi iliq taassurot qoldirdi.
- "Buxoro" bilan shartnomangiz yakunlanyapti. Keyingi rejangiz qanday? Jamoa bilan Superligada ishtirok etasizmi?
- “Buxoro” bilan tuzgan shartnomam tugadi. Hozir uydagilarim bilan birga xordiq chiqaryapman. Keyingi yil qanday bo‘lishini ko‘ramiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Faoliyatingizni yakunlash haqida o‘ylamayapsizmi?
- Faoliyatimni tugatishni hali o‘ylaganim yo‘q. Toki kuchim bor ekan, hali futbol o‘ynay olaman. Agar kuchim etmaganida futbolni tugatgan bo‘lardim.
- Pro ligadan 4 ta klub Superligaga chiqdi. Buni kutganmidingiz yoki...
- To‘g‘risini aytsam, pro ligadan 4 jamoa Superligaga chiqmasa kerak, deb o‘ylagandim. Demak, pro liga jamoalarining xohishi kuchli bo‘lgan. To‘rttala klubni ham tabriklayman.
- Pro ligada sizga yoqqan va yoqmagan jihat nimada bo‘ldi?
- Pro ligada hammasi yaxshi bo‘ldi. Yoqmagan jihati yaxshi maydonlar soni kamligi. Qolgan hamma taraflama yaxshi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar