
Kutilgan va kutilmagan natijalar yoxud boshqacha boshlangan Superliga
FIFA kunlari boshlanganligi munosabati bilan milliy chempionatlarda tanaffus e’lon qilindi, shu jumladan bizning Superligamizda ham. 3 mart kuni boshlangan birinchiligimizda hozirga qadar 3 ta tur uchrashuvlari o‘tkazib bo‘lindi. Yuzaga kelgan kichik tanaffusdan foydalanib endi barchada dastlabki 3 ta tur bo‘yicha batafsil xulosalar va tahlillar qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
3 ta turdan keyin 100 foizli natija qayd etgan yagona klub Farg‘onaning “Neftchi”si bo‘lib turibdi. Vitaliy Levchenko shogirdlarining ikkita g‘alabasi Jizzaxda qo‘lga kiritildi. Avvaliga “So‘g‘diyona”, keyin “Dinamo” taslim etildi. Farg‘onadagi yangi mavsum ochilish o‘yinida “Metallurg” katta qiyinchilik bilan mag‘lubiyatga uchratilganini bilasiz. Xullas, chempionlik uchun kurashayotganlar orasida “Neftchi”da hammasi joyida.
Turnir jadvalida peshqadam “Neftchi”dan keyin uchta jamoada 7 ochko mavjud. Bular – “Andijon”, “Lokomotiv” va “Nasaf” klublari. Ayniqsa, Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi “Burgutlar”ning chempionatni muvaffaqiyatli boshlagani ko‘pchilikni yoqimli ma’noda ajablantirayotgan bo‘lsa kerak. Olmaliqda OKMK bilan 0:0 o‘ynagan andijonliklar 2-turda “Bunyodkor”ni qalub qilib yirik 5:1 hisobida tor-mor keltirdi. O‘sha o‘yindan keyin “Bunyodkor” bosh murabbiyi Ivan Bubalo yordamchilari bilan birga iste’foga chiqarildi. 3-turda esa andijonliklar safarda “Surxon”ni 2:3 hisobida engdi. Yanada qizig‘i, Xomyakov jamoasi 3 ta turdan keyin raqiblar darvozasiga hammadan ko‘p - 8 ta gol urdi va 3 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Bu borada “Andijon”ning to‘plar nisbati Superliga klublari orasida eng yaxshisi bo‘lib turibdi - +5. Holbuki, o‘tgan yili jamoa to‘purari va Superliganing eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Rubin Xebayning ketishi oqibatida bu “Andijon”ga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytilayotgandi. Lekin ko‘rinib turibdiki, jamoa usiz ham gollar uryapti va bu qaytanga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgandek.
“Neftchi”ning asosiy raqobatchilari – “Nasaf” va “Navbahor” ham ochko yo‘qotishdi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasida bir durang va ikki g‘alaba bor. Samvel Babayanda esa bir g‘alaba va ikki durang. Bundan xulosa qilish mumkinki, chempionlik yo‘lidagi da’vogarlarga sira oson bo‘lmaydi. Masalan, Superligaga qaytgan “Lokomotiv” ham kurashga yaxshi qo‘shildi. “Temiryo‘lchilar” ham hali yutqazgani yo‘q. Ayniqsa, amaldagi chempion “Paxtakor”ni 3:0 hisobida taslim qilgani alohida e’tirof etilmoqda. “Loko” ham bemalol raqobatbardosh jamoa ekanligini hamda etakchilarga qarshilik qila olishini isbotlamoqda. Yoshargan “Paxtakor” esa g‘alaba, durang va mag‘lubiyatni qayd etib bo‘ldi. “Lokomotiv”ga qarshi o‘yindagi kabi yana qoqilishlar bo‘lsa bu endi ajablanarli bo‘lib tuyulmaydi.
Shuningdek, o‘tgan yili mavsum kashfiyotiga aylangan “Surxon” hamda Vadim Abramov bilan Superligaga qaytib tarkibi kuchaytirilgan “Dinamo” 3 ta o‘yinda hech nima qila olmadi va 0 ochko! 3 ta turdan keyin ilk iste’fo ham bo‘ldi. Yuqorida to‘xtalib o‘tganimizdek, “Bunyodkor” ikkita mag‘lubiyatdan keyin xorvatiyalik murabbiylarning baxridan o‘tdi. “Qaldirg‘ochlar”ga murabbiy o‘zgargani ijobiy ta’sir qilganini “Navbahor”ga qarshi uchrashuv ko‘rsatdi. Klubni vaqtinchalik boshqarishga kirishgan Anvar G‘ofurov debyut bahsida favorit sanalgan namanganliklardan bir ochko tortib oldi. Lekin “Bunyodkor”ning o‘yinida qayta “ta’mirlash” ishlarini olib borish juda muhim. Chunki 3 ta uchrashuvda o‘z darvozasidan 10 ta to‘p olib chiqdi. Qolaversa, dastlabki 3 ta bahsda barcha klublar gol o‘tkazib yuborishdi. Faqat “Nasaf” bilan “Neftchi” eng kam – 1 bor gol o‘tkazishdi.
Superligada navbatdagi iste’fo qaysi murabbiy bilan sodir bo‘lishi haqida gapirishga balki hozir ertadir. Ammo ko‘pchilik endi “Surxon”da ham murabbiy o‘zgarishi mumkin, degan gaplarni aytishmoqda. Fevzi Davletov qishda bosh murabbiylikka keldi va hozircha uning jamoasi 3 ta o‘yinda 3 ta mag‘lubiyatga uchradi. Ammo rahbariyat unga yana ishonch bildirishda davom etishi mumkin. Chunki “Surxon”da hali murabbiy o‘zgarishi bilan bog‘liq ma’lumot yo‘q. 3 ta turdan keyin “Surxon” va “Dinamo”dan tashqari, “Bunyodkor”, “Olimpik”, “Metallurg” va “So‘g‘diyona”da ham g‘alaba yo‘q.
Xulosa o‘rnida, Superligada bu yil albatta kimdir kashfiyot bo‘ladiganga o‘xshaydi. Favoritlar balki keyingi turlarda “gazni bosishar”. Lekin hech kimga oson bo‘lmasligi shubhasiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar