
Kutilmagan xabar: Legionerimiz jamoani tark etadigan bo‘ldi!
Qozog‘iston chempionatida joriy mavsum yakuniga ko‘ra, chempionlik unvonini saqlab qola olmagan “Ordabasi” jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda.
Chimkentliklar deyarli butun tarkibni o‘zgaritirishga va yangi o‘yinchilar bilan ishlashga qaror qilgan.
Mamlakatdagi manbalar klubda katta tozalash ishlari davom ettirilishi haqida ma’lumot tarqatmoqda. Dastlab, chempionat yakunlanishi bilan jamoadan darvozabon Sergey Ignatovich, himoyachilar Igor Plastun, Rejinaldu, yarim himoyachilar Aybol Abiken, Lovro Tsvek va hujumchi Artyom Besedin ketgan edi.
Keyin ular qatoriga hujumchilar Maksim Fedin va Vsevolod Sadovskiy, himoyachi Kristian Tovar qo‘shilgani ma’lum qilindi.
Qozog‘iston sportini yoritib kelayotgan sports24.kz saytining yozishicha, tozalashning navbatdagi bosqichida asosiy tarkibning yana to‘rt nafar a’zosi – himoyachilar Temirlan Erlanov, G‘afurjon Suyumbaev, darvozabon Bekxan Shayzoda va o‘zbek legioneri Shahboz Umarov tark etadigan bo‘ldi.
Jamoaning yangi bosh murabbiyi – moldovalik mutaxassis Andrey Martin tarkibni qayta tuzish bo‘yicha ko‘rsatmani bajarishga kirishgan va hali tozalash ishlari davom ettiriladi.
Ta’kidlash joizki, Shahboz Umarov “Ordabasi”ga 2022 yilning yozida Belarusning BATE klubidan kelgan. Chimkentliklar o‘shanda BATE bosh murabbiyi bilan kelisha olmagani uchun yarim mavsum o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan legionerimizni ijaraga olishga rozi bo‘lgandi.
Yarim mavsum Qozog‘iston Premer-ligasida o‘ynab, o‘zini ko‘rsatgan Umarovni chimkentliklar 2023 yilgi mavsum uchun to‘liq transfer qildi. Keyin bu jamoaga yana bir o‘zbek futbolchisi Bobur Abduxoliqov qo‘shildi.
Umarov va Abduxoliqov chimkentliklar ishonchini oqlab, 2023 yilgi chempionatda jamoaning o‘z tarixida ilk bor chempion bo‘lishiga hissa qo‘shdi.
2024 yilgi mavsum oldidan Bobur Abduxoliqov qadrdon jamoasi “Nasaf”ga qaytgan bo‘lsa, uning “Ordabasi”dagi o‘rnini boshqa hujumchimiz Jasurbek Yaxshiboev egalladi.
Jasurbek Qozog‘iston Premer-ligasida ham ko‘p gol ura olish qobiliyatini namoyish qildi va chempionatda “Ordabasi”ning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
Umuman olganda, yakunlangan mavsumda Jasurbek Yaxshiboev 17 ta uchrashuvda to‘qqizta to‘p kiritgan bo‘lsa, Umarov 21 ta o‘yinda bir juft gol muallifi bo‘ldi.
Garchi Yaxshiboev jamoa o‘yiniga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, uning ham Chimkent klubidagi faoliyati katta ehtimol bilan yakuniga etgan. 27 yoshli hujumchi ayni paytda Ozarbayjonning eng nomdor klubi “Neftchi” (Boku) bilan muzokara olib borayotgani haqida xabarlar tarqatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shahboz Umarov va Jasurbek Yaxshiboev “Paxtakor” tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Ular asosiy jamoada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagach, OTMKga o‘tib ketgan. Keyin Belarus chempionatida birgalikda “Energetik-BGU” jamoasi sharafini himoya qildi.
Umarov keyinchalik BATEda o‘ynadi. Kelishmovchilik tufayli bu klubni tark etdi. Yaxshiboev orada “Shaxtyor Soligorsk”, “Legiya” va “Sherif”da to‘p tepib, Belarus, Polsha va Moldova chempioni bo‘ldi.
Joriy yil boshida ularning yo‘li yana "Ordabasi"da kesishdi.
Mana endi har ikki hujumkor futbolchining “Ordabasi”dagi faoliyati yakunlanmoqda va har ikkisi yangi mavsum oldidan o‘ziga munosib jamoa topishiga umid qilib qolamiz.
Fikrlar