Lazizbek Mullojonov jahon chempionatida Xulio Sezar Lakruz bilan janggi, sparringdagi jarohati va Olimpiadada ishtiroki bo‘yicha rejalar haqida gapirdi (intervyu)
Xabaringiz bor, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida -92 kg vaznda ishtirok etgan hamyurtimiz Lazizbek Mullojonov bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. E’tiborli tomoni, u chorak finalda kubalik afsonaviy bokschi Xulio Sezar Lakruzni mag‘lubiyatga uchratib, sensatsiya qayd etgan.
SPORTS.uz sayti jurnalisti bokschi bilan bog‘lanib, jahon chempionatidagi taassurotlar va kelajakdagi rejalar haqida suhbat olib bordi.

- Kattalar o‘rtasida jahon chempionatida o‘zingiz uchun yangi vazn toifasida ishtirok etdingiz. Bu qiyinchilik tug‘dirmadimi?
- Kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida men uchun yangi vazn, yangi bokschilar, yangi raqiblar bilan bo‘ldi. Ayniqsa, ular super og‘ir vazndan ko‘ra tezroq. Undan ham ko‘ra jahon chempionati 14 kun davom etgan bo‘lsa, o‘sha vaznni 2 hafta davomida ushlab turish biroz muammo tug‘dirdi. Lekin Xudoga shukur, Xudo kuch quvvat berib 3-o‘rinni oldik.
-O‘sha chempionatda anchagina kuchli raqib Xulio Sezar Lakruzni mag‘lub etdingiz. O‘zingiz bunday bo‘lishini kutganmidingiz?
- Qur’a tanijalari chiqqanida qarasam chorak finalda eng asosiy raqiblardan biri bo‘lgan Lakruz bilan to‘g‘ri keladigan bo‘libman. Eslasangiz, o‘tgan jahon chempionatida ham chorak finaldan qaytgan edim. So‘ngra o‘zimga o‘zim, nahotki yana chorak finaldan to‘xtasam... yo‘q bu safar bunday bo‘lmaydi, deb o‘zimga o‘zim motivatsiya berdim. Allohdan so‘rab bor kuchimni ishlatdim. Xudoga shukurki jang o‘zimiz o‘ylaganimizdek bo‘ldi. O‘zi bokschi qandaydir sezadi. Jangdan oldin ko‘nglim xotirjam edi. Murabbiyimga ham, dadamga ham Xudo xohlasa g‘alaba qozonaman, deb aytgan edim. Hammani ham yutish mumkin. Muhimi o‘zingizga bo‘lgan ishonch va Allohdan so‘rab ringga chiqish kerak.

- Yarim finaldagi Muslim Gajimagomedovdan uchralgan mag‘lubiyatda sizga nima etishmadi deb o‘ylaysiz?
- Yarim finaldagi mag‘lubiyatim juda katta farq bilan bo‘ldi, deb ham o‘ylamayman. 3-raund hisob ochgan vaqtda raund uchun 5:0 berganda ham g‘alaba biz tomonda bo‘lar edi, lekin nasib shu ekan. Nima etishmadi deganda, men Lakruzni yutganimdan so‘ng, qolaversa raqibimning oyog‘ida jarohat borligini eshitganimdan so‘ng ham, uni jangga chiqmasligi mumkin deb o‘ylab, qandaydir hotirjamlikka berilib jiddiy qaramaganimdan deb bilaman.
- Yaqinda Boks federatsiyasida mini turnir bo‘lib o‘tdi va unda +92 kgda jang qildizgiz. Keyinchalik ham shu vaznda qolmoqchimisiz yoki yana -92 kgda vazn tushurasizmi?
- To‘g‘ri, yaqinda tekshiruv sparringlari bo‘lib o‘tdi. Mini turnirda ishtirok etishim oz vaqt qolganda aniq bo‘lib qoldi. Shuning uchun, murabbiylar bilan maslahatlashgan holda +92 kgda qatnashishga qaror qildik. Chunki -92 kgga vazn qilishimga 1 yarim, 2 oy vaqt ketyapti. Qolaversa, sparringga ham vazn qilib, 2 oydan keyin Osiyo o‘yinlariga ham vazn tushurish men uchun qiyinchilik tug‘dirar edi. Shuning uchun, sparringga +92 kgda chiqdim.

- O‘sha mini turnirda Madiyar Saidrahimovga qarshi jangda jarohat oldingiz. Bu jiddiy emasmi? Hozirda holatingiz qanday?
- Ha, shu mini turnirda jarohat oldim. 3-raund oxirida qoshim yirtilib ketdi. Yakunda meni qo‘lim ko‘tarildi, ammo keyingi bosqichda davom ettira olmasligim sababli turnirni Madiyar Saidrahimov davom ettirdi. Bahsda men g‘alaba qozondim, ammo jarohatdan tiklanish uchun, murabbiylar bilan kelishgan holda davom ettirmadim.
- Osiyo o‘yinlari Olimpiada yo‘llanmasini beradi. Unda ishtirok etishni rejalashtiryapsizmi?
- Xudo xohlasa, albatta imkon berilsa Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi Osiyo o‘yinlarida -92 kgda harakat qilamiz.
Jalol Axmedov suhbatlashdi.

Fikrlar