
Levandovski peshqadam, “Barsa”dan haydalgan Suares "top-10"da, Messi esa yo‘q - “Oltin butsa - 2021” kuchli o‘nligi
2021 yilning birinchi oyi o‘z yakuniga etmoqda. Sentyabr oxirida start olgan Evropa milliy chempionatlari ayni pallada eng avj nuqtasida. Grand jamoalarning to‘purar futbolchilari allaqachon o‘z so‘zini ayta boshlagan. Bugun ularning hozirgi holati xususida so‘z yuritamiz.
10. Luis Suares (“Atletiko”) - 12 ta gol (24 ochko)
Mavsum avvalida kutilmagan tarzda, “Barselona”ning yangi murabbiyi Ronald Kumanning rejalaridan tushib qolgan urugvaylik forvard barchaga yuqori o‘yin namoyish eta olishini ko‘rsatib qo‘ydi. “Matraschilar” tarkibiga qo‘shilgan ilk o‘yinlarda, uning o‘zi ham yangi qarori bu qadar omadli chiqishini tasavvur qilmagan bo‘lsa kerak.
Bugun u jamoasi bilan La Liga jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Tekinga superhujumchini qo‘yib yuborib, Breytueytga ishongan “blaugranas” ulardan ancha orqada. Chempionlik uchun kurash eslaridan ham chiqib ketgan bo‘lsa, ajab emas.
9. Andrey Kramarich (“Xoffenxaym”) - 12 ta gol (24 ochko)
“Xoffenxaym”ning asosiy etakchisi va to‘purari ushbu mavsum Bundesligada tinimsiz gol urmoqda. U Evropa bo‘ylab juda ko‘p klublarga sayohat qilgan. Nemis klubi tarkibida o‘zini yaxshi ko‘rsata olmoqda. Unga “og‘iz soluvchilar” ham ancha ko‘payib qoldi. Biroq, uning hozirgi jamoasida qolishi foydaliroqdek tuyulmoqda. Sababi, Andrey tipidagi futbolchilar top-klublarda tez “sinib” qolyapti. Luka Yovich voqeasi so‘zimizga yaxshi dalil bo‘la oladi.
Har yilgidan ham qiziqarliroq kechayotgan Bundesligada “Xoffenxaym” evrokuboklar zonasi uchun kurash olib borish imkoniga ega. Buning uchun xorvatiyalik futbolchidan yana ham ko‘proq gollar urish talab etiladi.
8. Zlatan Ibragimovich (“Milan”) - 12 ta gol (24 ochko)
Tinib-tinchimas qariya! Unga qoyil qolishdan boshqa choramiz yo‘q. Joriy mavsumda jamoasi bilan Skudetto uchun jiddiy kurashga kirishgan Zlatan faoliyatining yakunini katta sovrin bilan bezashni juda xohlayapti. Uning gollari 12 ta ekani o‘ta hayratlanarli emas, biroq buning uchun sarflagan daqiqalari kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Yarim mavsum davomida shvetsiyalik tirik afsona jarohat olish, diskvalifikatsiyaga uchrashga ulgurdi va juda ko‘p bellashuvlarda “rossonerilar”ga yordam bera olmadi.
Hamshahari “Inter”ga kubokda imkoniyatni boy berib qo‘yganiga qaramay, “qizil-qoralar” hamon A Seriyada peshqadam bo‘lib turibdi. “Yuventus”ning 9 mavsumlik gegemoniyasiga barham berish payti kelgan ko‘rinadi.
7. Muhammad Saloh (“Liverpul”) - 13 ta gol (26 ochko)
“Liverpul”ning fantastik triosi hozirgi paytda Evropada eng kuchli uchlik ekanligi ayni haqiqat. Boshqa hech bir jamoadan Saloh-Mane-Firmino singari qat’iy va kuchli sheriklarni topib bera olmaysiz. Har holda, hozirgi kunda. Misrlik futbolchi ushbu “shovvozlar” ichida gollardagi ishtirokining salmoqli ekanligi bilan ham ajralib turadi. APL joriy mavsumi og‘ir o‘tmoqda. Kutilmagan natijalar fonida baribir yana o‘sha “Manchester Siti”, MYu va “Liverpul” chempionlik kurashiga chiqib qoldi. Ha, omad kuchlilarga kulib boqadi. Shu jihatdan, Salohning urgan gollari qiymati qolganlarnikidan birmuncha katta. Premer-liga zalvorini ziyrak futbol muxlislariga tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q.
6. Chiro Immobile (“Latsio”) - 13 ta gol (26 ochko)
“Latsio”ga Immobilening gollari ham yordam bera olmayapti. Chironing tempi ham u qadar yuqori emas. “Oltin butsa” sohibi joriy mavsumda ham to‘purarlar poygasida qatnashmoqda. Ha, biroz orqaroqda. Ammo hech kim oldindagi o‘nlab turlar mobaynida vaziyat o‘zgarmaydi, deb ayta olmaydi.
Rimliklar ayni paytda, A Seriya turnir jadvalining 7-o‘rinida bormoqda. Chempionlar Ligasi zonasi uchun katta kurash davom etmoqda. Apennin yarimorolida jang shiddatli tarzda ketyapti.
5. Andre Silva (“Ayntraxt”) - 14 ta gol (28 ochko)
Portugaliyalik futbolchi grandlar tarkibida o‘z o‘rnini topa olmay kelayotgandi. Nemis klubi unga quchoq ochgach, Andrening ham natijalari yaxshilanib ketdi. Jamoa Luka Yovichni ham qaytarib olganini hisobga olsak, kelgusi mavsumdan frankfurtliklarni UEFA Chempionlar Ligasida ko‘rishimiz ham mumkinligi oydinlashadi. Hozirda, Adi Xutter shogirdlari Bundesligada 6-o‘rinda boryapti. Imkoniyatlar etarlicha!
4. Kilian Mbappe (PSJ) - 14 ta gol (28 ochko)
Parijliklarda barcha yulduzlar yilning qaysidir qismida yo‘qolib qoladi. Ammo Kilian ular orasida eng barqaror harakat qiladiganidir. Yosh bo‘lishiga qaramay, jamoadoshlaridan yuksak salohiyati bilan ajralib turuvchi jahon chempioni joriy mavsum boshidan beri, 14 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Futbolchilar bilan aloqalari yomonlashgach, jamoadan ketkazilgan Tuxel bilan xayrlashgan kamdan-kam Parij klubi vakillaridan hisoblanuvchi Mbappening futboli o‘zi kabi quvnoq va tezkor.
3. Erling Xoland (“Borussiya” Dortmund) - 14 ta gol (28 ochko)
Norvegiyalik yosh yulduzning faoliyatini aqlli qarorlar asosida olib borishi kishini xursand qilmoqda. Mana u “Oltin butsa” uchun jiddiy kurasha boshladi. Muammolarga to‘la va mag‘lubiyatlar bilan yonma-yon yurgan Dortmund klubi safida ham Xoland o‘z gollarini topa bilyapti.
U Ibragimovich kabi ko‘plab jamoalarda o‘zini sinab ko‘rishni istashini, futbol “sayyohi” bo‘lish istagidaligini ma’lum qilgan. Balki, u Germaniya shimolidagi shaharda o‘zining so‘nggi mavsumini o‘tkazayotgandir. Yana kim biladi?!
2. Krishtianu Ronaldu (“Yuventus”) - 15 ta gol (30 ochko)
Navbat siz kutgan futbolchiga! “Yuventus” safida mana uchinchi yildirki, o‘z darajasini ko‘rsatib kelayotgan futbolchi azaliy raqibining muammolarga o‘ralashib qolgan davrida boshqa to‘purarlar bilan kurash olib boryapti. “Yuventus” uning 15 goli bilan 3-o‘rinda bormoqda. Qanchalik kuchli bo‘lmasin, Ronaldu ham tan olishga majburki, uning butun boshli klublardan ko‘proq gol urgan davrlari ortda qolib ketdi.
1. Robert Levandovski (“Bavariya”) - 23 ta gol (46 ochko)
“Bavariya”ni bu mavsum ko‘p ochko yo‘qotishda, bir qancha mag‘lubiyatlarni qabul qilib olishda ayblab yurgan Evropa matbuoti bugun jim. Chunki, Germaniyaning boshqa klublari ham bir-biridan ochko tortib olishga kirishib ketayotgan bir paytda, myunxenliklar yana musobaqa jadvalining yakkapeshqadamiga aylanib oldi. Polshalik hujumchi ham imi-jimida 23 ta golni urib qo‘ygan. Ronaldu va Messining muxlislari bir-ikki gollar bilan xursand bo‘lib yurgan vaziyatda, Robert pokerlarni qalashtirib tashladi. Kubokda quyi divizion vakiliga imkoniyatni boy bergan “Bavariya”ning etakchi futbolchisi joriy mavsumda “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishi uchun klubi bilan EChLni yutishi kifoya qiladi. Hozircha unga raqobatchi sifatida Muhammad Saloh va Kilian Mbappeni ko‘rsata olamiz, xolos.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar